Quyosh asosan vodorod (taxminan 74%) va geliydan (taxminan 24%) tashkil topgan bo‘lib, uning yadrosidagi yuqori bosim va harorat vodorodni geliyga aylantiradi.Bu jarayon milliardlab yillar davom etadi va Quyosh markazidagi vodorod kamayib, geliy ko‘payib boradi.
Geliy vodorodga nisbatan to‘rt barobar og‘ir bo‘lgani uchun bu holat nomutanosiblik keltirib chiqarib, muvozanat buziladi. Qachondir Quyosh o‘z muvozanatini tiklash uchun umumiy o‘zgarishga uchraydi. Jumladan, tashqi qatlamlar juda katta hajmda shishadi, markaz (yadro) qisqaradi, Quyosh rangi qizg‘ish tusga kiradi.
Bu bosqichda Quyosh “qizil ulkan” (red giant) jismga aylanadi va ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, u Merkuriy, Venera va Yer sayyoralarini yutib yuborishi mumkin.
Quyosh ichki kuchlari zaiflashgach, uning tashqi shishgan qatlamlari o‘zini ushlab tura olmaydi va butun jism o‘z ichiga o‘zi qulayotgandek siqiladi. Bu jarayon fanda “gravitatsion kollaps” deb ataladi. “Gravitatsion kollaps” – bu jismning o‘z tortishish kuchi ta’sirida ichiga qarab qulab, siqilib borish jarayonidir.
Bu paytda moddalar juda zichlashadi, atomlar bir-biriga nihoyatda yaqinlashadi, elektron qatlamlar o‘rtasidagi elektron tortishish kuchlari qarshilik ko‘rsatadi. Natijada tortishish va itarilish kuchlari o‘rtasida muvozanat hosil bo‘ladi.
Shundan so‘ng Quyosh “oq mitti” narsaga aylanadi, ya’ni quyoshning markazida kichik, juda issiq va zich qismi (1 sm³ hajmi taxminan 1 tonnaga teng) qoladi va uning yorug‘ligi juda xira bo‘lib qoladi. Astronom Subramanyan Chandrasekxar hisob-kitoblariga ko‘ra, Quyoshga o‘xshash yoki undan kichik massali yulduzlar hayoti ham oxirida aynan shu holatga keladi.
Ushbu jarayonlar Qur’oni karimda quyidagicha ifodalanadi: “Quyosh o‘rab qo‘yilganida, …” (Takvir surasi, 1-oyat).
Arab tilidagi “kuvvirot” (تَ ِر ّ ( ُكو so‘zi “o‘rash”, “jamlash”, “yig‘ilish”, “aylanish” kabi ma’nolarni bildiradi. Bu esa ilmiy jihatdan yulduz moddasining bir nuqtaga yig‘ilishi va gravitatsion siqilish jarayoniga mos keladi.
Qur’oni karimda yana bunday deyiladi: “Quyosh (tinmay) o‘z qarorgohi sari sayr qilur. Bu Aziz (qudratli) va Alim (bilimli Zot)ning o‘lchovidir” (Yosin surasi, 38-oyat). Oyati karimadagi “mustaqor” so‘zi oxirgi qaror topish joyi, “barqaror holat” degan ma’noni anglatadi. Ilmiy nuqtayi nazardan bu Quyoshning “oq mitti” bosqichida barqaror holatga kelishi bilan uyg‘unlashadi.
Zamonaviy astrofizika ma’lumotlari ko‘rsatadiki, Quyosh abadiy emas, u bosqichma-bosqich o‘zgaradi va oxirida zichlashib, tobora kichrayib boradi. Qur’oni karimda “takvir” (o‘ralish, yig‘ilish), “mustaqor” (qaror topish) so‘zlari bilan bu jarayonlar haqida xabar beriladi.
Doktor Yusuf al-Haj Ahmadning
“Qur’oni karim va sunnati nabaviyadagi ilmiy mo‘jizalar qomusi” kitobidan
Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati