Islom dini insonni ilm-ma’rifatga, tafakkur qilishga va aql-zakovatni to‘g‘ri yo‘lda qo‘llashga chorlaydi.
Alloh taolo odamzodni boshqa mavjudotlardan aql ne’mati bilan ulug‘lab, unga haqiqatni anglash, tafakkur qilish imkoniyatini ato etgan.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblari o‘rtasida «Zakovat» arenasida «Zakovat» o‘yini o‘tkazildi.
Tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ochib berdilar.
Toshkent shahrining 12 ta tumanidan diniy soha xodimlari 12 ta jamoa bo‘lib ishtirok etdi.
Hakamlarning xulosalariga ko‘ra:
1-o‘ringa Mirzo Ulug‘bek jamoasi munosib ko‘rildi.
2-o‘rin Shayxontohur tumani jamoasiga nasib etdi.
3-o‘rinni esa Olmazor tumani vakillari qo‘lga kiritishdi.
G‘oliblar va tashkilotchilarga diplom va esdalik sog‘alari topshirildi.
«Zakovat» o‘yinini mashhur boshlovchi Abdurasul Abdullayev olib bordi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati