“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi PQ–275-son Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.
Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.
2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.
Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi.
Manba: https://lex.uz/uz/docs/-8350210
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati