"Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi bayramona ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqtov, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yurtimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va xayr-saxovat qadriyatlarini mustahkamlash, ayniqsa, yetim va ehtiyojmand bolalarga quvonch ulashish eng ulug‘ va savobli amallardan biri ekanini ta’kidladi.
Bayram dasturi bolalar uchun tayyorlangan maxsus shoudasturlar va qiziqarli o‘yinlar bilan boyitildi. Tadbir yakunida barcha bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona xizmatlari uchun "Vaqf" fondi Xorazm viloyati filiali rahbari Alijon domla Matyaqubovga tashakkurnoma topshirildi.
Fayzli o‘tgan tadbir yakunida ushbu saxovat tadbiriga hissa qo‘shgan barcha homiylar va saxovatpesha insonlar haqqiga duoi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati