Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston imom-xatiblari uchun davlatchilik, bag‘rikenglik va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusida navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va "vasatiyya" (o‘rtalik) tamoyilining jamiyat tinchligidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Mamlakatda 200 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq istiqomat qilayotgani ta’kidlanib, inson qadri va o‘zaro hurmat muhim omil ekaniga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, BAA vakillari O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz xizmatini yuksak ehtirom bilan yodga olishdi. Tinglovchilarning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlarda masjidlarda ma’ruzalarni proyektor va interaktiv taqdimotlar orqali ko‘rgazmali yetkazish tajribasi, shuningdek, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faol o‘rni ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, tadbirda BAA rahbariyatining dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan insonparvarlik va xayriya loyihalari haqida atroflicha so‘z yuritilib, bu kabi manfaatli ilmiy safarlarni tashkil etgan davlatimiz Rahbari va soha mutasaddilariga minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev ishtirok etib, yosh kadrlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida diniy soha xodimlari oldida turgan bir qator dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Xususan:
Yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish;
Ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash;
Oilaviy ajrimlarning oldini olishda diniy-ma’rifiy yondashuvlarni kuchaytirish;
Yot g‘oya va buzg‘unchi oqimlarga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar berish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur ochiq muloqot yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishlari uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Navoiy viloyati vakilligi
Matbuot xizmati