Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi

04.08.2026   27983   1 min.
Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi

2026 yil 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va noib imomlar ishtirokida “Zakovat” intellektual bellashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va tafakkurini yanada boyitish, shuningdek, mustaqillik bayramini ma’naviy-ma’rifiy ruhda keng nishonlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan jamoalar Islom tarixi, fiqh, aqoid, ma’naviy-ma’rifiy hamda kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan savollarga javob berish orqali mantiqiy fikrlash, tezkorlik va bilimdonlik borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Yakunda Qarshi shahri va Nishon tumani vakillaridan iborat bo‘lgan jamoa eng ko‘p ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib hamda sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi
Yangiliklar
Boshqa maqolalar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   79151   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati