O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iz Respublikasining yuksak mukofotini davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
1996 yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati