O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko'p yillar Camarqand viloyati Urgut tumanidagi "Pahmob" jome masjidida imom-xatib vazifasida xizmat qilgan Ikromxon domla Valixonovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etamiz.
Alloh taolo marhum ulamoni O'z mag'firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhum olimni o'zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog'lariga doxil etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan bir guruh fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar.
Muloqot davomida imomlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ustozdan xayrli duo olish niyatida kelganlar, o‘zlari yozgan kitoblarini taqdim etganlar ham bo‘ldi. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga esa belgilangan tartibda tegishli ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lgan fuqarolar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish, uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
«Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Eslatib o‘tamiz, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati