O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi hamda Qatar universiteti hamkorligida “O‘zbekistonda islom madaniy merosi va uning jahon ilm-fanida tutgan o‘rni” mavzusida nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Forum O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning bebaho merosini chuqur tadqiq etish hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi. Unda xorijlik taniqli olimlar, yurtimiz diniy soha vakillari, tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Xalqaro tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov qatnashmoqda va o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Konferensiyada yurtimiz zaminida shakllangan ilmiy maktablarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida e’tirof etilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino singari buyuk allomalarimiz ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, so‘nggi yillarda yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy merosni tiklash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar tanishtirilib, xorijlik mutaxassislar o‘zaro hamkorlikka da’vat etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur nufuzli xalqaro anjuman ishi 8–9 sentyabr kunlari ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati