Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati