Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot va islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy nuqtayi nazardan o‘rganish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Bu haqda Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich Markazga tashrifi chog‘ida ta’kidladi.
Muftiy boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida Markazning tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq boy merosi, shuningdek, uning xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni bilan tanishdi.
Tomash Mishkevich, Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq ulkan merosni o‘zida mujassam etgan. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami sivilizatsiyasini namoyon etadi. Markaz faoliyati orqali islom sivilizatsiyasining zamonaviy ilmiy talqini va uning bugungi kun uchun ahamiyati ochib berilmoqda.
Bugun Markaz xalqaro maydonda, ilm-fan va tarixga bag‘ishlangan forumlar, konferensiyalar hamda uchrashuvlar doirasida muhim o‘rin egallamoqda. U xalqaro ilmiy muloqot va hamkorlik uchun zamonaviy maydon yaratmoqda. Ushbu Markazning tashkil etilgani va bugun samarali faoliyat yuritayotgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga, O‘zbekiston xalqiga hamda bu ezgu ishga hissa qo‘shayotgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman», — dedi Polsha muftiysi.
Tashrif yakunida Tomash Mishkevich «Faxriy mehmonlar» kitobida ham o‘z taassurotlarini qoldirdi. Unda mehmon Markazning diniy, madaniy va tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, shunday yozdi:
«Dinimiz — Islom, shuningdek, madaniyatimiz va tariximiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bunday ulug‘vor maskanga tashrif buyurish men uchun katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishladi».
Shundan so‘ng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatda Markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy maydondagi o‘rni va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati