Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasida “Air Arabia” aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ko‘ra, muloqotda O‘zbekiston va “Air Arabia” o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, mavjud aviaqatnovlar, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish hamda aviakompaniyaning keng xalqaro tarmog‘idan foydalangan holda O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini xorijiy bozorlarda ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda “Air Arabia”ning O‘zbekistondagi yo‘nalishlar tarmog‘ida Toshkent va Namangan shaharlari mavjud bo‘lib, Toshkentdan Sharja va Abu-Dabi yo‘nalishlarida haftasiga 13 ta aviaqatnov amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv davomida Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa turistik markazlarga yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, Toshkent–Sharja va Toshkent–Abu-Dabi reyslari chastotasini oshirish, Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Shimoliy Afrika bozorlaridan O‘zbekistonga tranzit turistlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, “Air Arabia”ning raqamli platformalari va maqsadli bozorlarida O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish, maxsus turistik paketlar va qo‘shma marketing kampaniyalarini ishlab chiqish, blogerlar, inflyuyenserlar, turoperatorlar hamda OAV vakillari uchun infoturlar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Air Arabia” tomonidan O‘zbekistonga infoturlarni tashkil etishda inflyuyenserlar va blogerlarning aviachipta xarajatlarini qoplash bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Yevropadan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimining ortib borayotgani qayd etilib, ushbu bozorlarda mamlakatning turistik imkoniyatlarini yanada faol targ‘ib qilish muhimligi bildirildi. Tomonlar, aviakompaniya bortlarida O‘zbekistonning turistik salohiyati va mamlakatdagi turistik yo‘nalishlar haqida axborot materiallarini joylashtirish hamda ularni Yevropa va boshqa maqsadli bozorlardagi yo‘lovchilar orasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Kompaniya “Umra plyus” loyihasini qo‘llab-quvvatlash va ushbu yo‘nalishni turistik mahsulot sifatida rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
“Air Arabia” vakillari O‘zbekistonning so‘nggi 10 yil davomida turizm sohasida tubdan o‘zgarganini qayd etdi. Mamlakatda zamonaviy va yuqori toifali mehmonxonalar soni ko‘paygani, joylashtirish vositalari tarmog‘i kengaygani hamda turistik obyektlar infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilangani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida turistik oqimni oshirish va aviaqatnovlar orqali turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy kelishuvlarga erishildi. Erishilgan kelishuvlar “Air Arabia”ning xalqaro marshrutlar tarmog‘idan samarali foydalangan holda O‘zbekistonga yangi turistik bozorlardan tashrif buyuruvchilarni jalb qilish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va mamlakatning turistik imkoniyatlarini xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “Air Arabia” vakillari noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan «Ipak yo‘lida turizm» 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif etildi. Kompaniya vakillariga yarmarka doirasida o‘tkaziladigan Investitsiya forumi hamda MICE-turizm konferensiyasida ishtirok etish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati