Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
AQSHning Sietl shahri meri Keti B. Uilson 2026 yil 1 sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb rasman e’lon qildi. Bu haqda shahar meri tomonidan imzolangan maxsus proklamatsiyada qayd etilgan.
Hujjatda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi, mamlakatning shu davr mobaynida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tgani alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, proklamatsiyada O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat ekani, iqtisodiyot yillik 5–6 foiz atrofida o‘sib borayotgani, ochiq bozor va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani qayd etilgan.
Hujjatda O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchini qamrab oluvchi mintaqaga strategik darvoza vazifasini bajarayotganiga ham urg‘u berilgan. Bu esa savdo, investitsiya, logistika, texnologiya va energetika sohalarida Sietl biznes hamjamiyati bilan hamkorlik uchun katta imkoniyat sifatida baholangan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulligi faoliyati ikki tomon o‘rtasida odamlar, biznes va davlat idoralari darajasida uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
https://t.me/Rasmiy_axborot_official