Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yili arafasida Sirdaryo tumani "Baxt" jome masjidi imom-xatibi Muhammadjon domla G‘oibov tashabbusi bilan saxovatpesha homiylar ko‘magida xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbir doirasida hududdagi "Tinchlik", "Ziyokor" va "Tadbirkor" mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 20 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga maktab o‘quv qurollari jamlanmalari hamda bayram sovg‘alari topshirilib, ularning ko‘ngli shod etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati