Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kuni kecha Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ikki mamlakat o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy aloqalar, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va buyuk allomalar merosining bugungi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy asoslari, xalqlarni birlashtirib turuvchi madaniy va ma’naviy omillar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va yagona madaniy makonga mansublik davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda. Aynan mana shu jihatlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon qardosh xalqlarini birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy aloqalarni ko‘ramiz, — dedi u.
Nutqda turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy va ma’naviy aloqalar tarixini o‘rganishda buyuk mutafakkirlar merosining o‘rniga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi xalqlar o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlikni anglashda muhim manba sifatida qayd etildi.
Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi allomalar merosi turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy va ma’naviy munosabatlar asrlar davomida naqadar mustahkam bo‘lganini yaqqol namoyon etadi. Buyuk mutafakkirlarning ma’naviy kamolot, insonparvarlik va axloqiy tamoyillar haqidagi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda, — dedi Homidjon domla Ishmatbekov.
Darhaqiqat, ushbu mutafakkirlar merosini o‘rganish nafaqat diniy tafakkur tarixini, balki mintaqada shakllangan ma’rifiy an’analar va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni ham chuqurroq anglash imkonini beradi. Ularning asarlari va ilmiy qarashlarida aks etgan ma’naviy kamolot, axloq va insonparvarlik masalalari bugungi tadqiqotlar uchun ham muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Homidjon domla Ishmatbekov, shuningdek, diniy muassasalar va ulamolar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ozarbayjonning diniy muassasalari va ulamolari bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor. Bunday hamkorlik mushtarak ma’naviy merosni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish va diniy-ma’rifiy muloqotni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Bokudagi xalqaro anjuman doirasida tarixiy merosni o‘rganish, islom sivilizatsiyasining ilmiy va ma’naviy yutuqlarini targ‘ib qilish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Homidjon domla Ishmatbekovning nutqi esa ushbu muloqotda ikki xalqni birlashtiruvchi diniy-ma’rifiy qadriyatlar va ularni o‘rganishning bugungi ahamiyatini yoritib berdi.