Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.
Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati
Germaniyaning sayohat va turizmga ixtisoslashgan nufuzli “Travelbook” onlayn-jurnalida “Nima uchun albatta Toshkentga tashrif buyurish kerak?” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqola muallifi, Lena Braun poytaxtimizni qadimiy sharqona an’analar, zamonaviy arxitektura, milliy oshxona va o‘ziga xos turmush tarzi uyg‘unlashgan noyob shahar sifatida tasvirlaydi.
Nashrda poytaxtning modernistik arxitekturasiga alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yilning iyul oyida Toshkentning o‘nta me’moriy obidasi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani shaharning arxitektura merosini xalqaro miqyosda e’tirof etilishida muhim voqea bo‘lgani qayd etilgan. Modernizm va milliy an’analar uyg‘unligining yaqqol misoli sifatida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi binosi keltirilgan.
Shuningdek, muallif o‘quvchilarni poytaxtning diniy-tarixiy diqqatga sazovor joylari, jumladan, Hazrati Imom majmuasi, Ko‘kaldosh madrasasi hamda shu yil mart oyida ochilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishtiradi.
Alohida bo‘limlar yer osti badiiy galereyasiga tenglashtirilgan Toshkent metropoliteni, mashhur “Chorsu” bozori, milliy oshxona va gastronomik an’analarga bag‘ishlangan. Shuningdek, Mirobod bozori va “Besh Qozon” markazi tavsiya etiladigan turistik obyektlar qatoriga kiritilgan.
Maqolada poytaxtning zamonaviy imkoniyatlari – “Tashkent City” bozori, musiqiy favvoralar, panoramli manzaraga ega restoranlar va madaniy hordiq chiqarish uchun turli maskanlar ham yuqori baholangan.
Bundan tashqari, Toshkent O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat qilish uchun qulay boshlang‘ich nuqta sifatida ko‘rsatilgan. “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari yordamida sayyohlar Samarqand, Buxoro va mamlakatning boshqa tarixiy shaharlariga tezda yetib borishlari mumkinligi ta’kidlangan.
Maqola yakunida muallif Toshkentning asosiy jozibasi tarixiy davrlar, madaniyatlar va arxitektura uslublarining o‘zaro uyg‘unligida ekanini urg‘ulaydi.
“Travelbook” jurnali 2026 yil 19 oktyabr kuni Toshkentni 2027 yil uchun istiqbolli turistik yo‘nalishlar qatoriga ham kiritgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati