Halqimiz azal-azaldan kitob o'qishga, ilm o'rganishga intilgan. Yurtimizdan dong'i dunyoni tutgan ulug' olimlar va mutafakkirlarning ko'plab chiqqani ham bejiz emas. Biz shunday ilm-fan vatanining farzandlari ekanimizdan faxrlanishga haqli va o'tgan ajdodlarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatishga burchlimiz. Albatta, kitob o'qish inson uchun muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochuvchi kalitdir. Ilm izlash, kitob, gazeta va jurnallarni mutolaa qilish kishining dunyoqarashini kengaytiradi, o'ziga xos lazzat bag'ishlaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasining tashabbusi bilan boshlangan, butun Respublikamizdagi barcha masjidlarda kutubxona tashkil qilish va keng ommaga kitobxonlikni targ'ib qilish ishlari Samarqand viloyatida ham davom etmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati