Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Noyabr, 2026   |   22 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:35
Quyosh
06:55
Peshin
12:12
Asr
15:36
Shom
17:20
Xufton
18:35
Bismillah
02 Noyabr, 2026, 22 Jumadul avval, 1448
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

04.09.2026   58819   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar "Jome" jome masjidi imom noibi Nuriddin domla Hoshimovning padari buzrukvorlari Xolbek ota Hoshimovning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.

Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Nuriddin domla Hoshimovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Janoza namozi bugun soat 18:00 da Sirdaryo viloyati Xovos tumani Gulbahor MFY Qayirma qishlog‘ida o‘z xonadonida ado etiladi.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muslim.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Is gazi ofatidan saqlanish bo‘yicha dinimiz ko‘rsatmasi qanday?

02.11.2026   2227   4 min.
Is gazi ofatidan saqlanish bo‘yicha dinimiz ko‘rsatmasi qanday?

Ayni kunlarda internet va ijtimoiy tarmoqlarda turli hududlardagi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan hamyurtlarimiz haqidagi xabarlarni o‘qib, chuqur o‘yga tolasan kishi.


Favqulodda vaziyatlar vazirligi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 9,9 mingta, 2025 yilning 9 oyida 7,1 mingta yong‘in holati qayd etilgan. Shu bilan birga, yong‘inlarda halok bo‘lganlar soni ham 2024 yildagi 151 kishidan 2025 yilning 9 oyida 43 kishigacha kamaydi.

 

Ushbu noxush holatlarning barchasini o‘ziga xos sabablari bor. Sovuq kunlarda har bir oila xonadonini isitish maqsadida turli moslamalaridan foydalanadi. Ularning orasida qo‘lbola, nosoz yoki yaroqsiz holatdagi uskunalardan foydalanayotganlar ham bor. Bu esa noxush vaziyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgani achinarli hol.

 

Musulmon odam o‘zini va ahlini xavfdan asrashi va buning uchun e’tiborsizlik qilmay oldini olish choralarini puxta qilmog‘i lozim. Zero, Nabiy sallollohu alayhi va sallam: “Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi”, deganlar (Abu Ya’lo rivoyati, “Majma’u-z-zavoid”; Suyutiy, “Al-jome’ as-sag‘ir”).

 

Agar kishi o‘z ehtiyot choralarini ko‘rmasa va unga zarar yetsa, mazkur holatda boshqa kimsa aybdor bo‘lmaydi. Chunki bu haqda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

“Kimki uyning atrofi panjara bilan o‘ralmagan tomida yotsa va unga biror kor-hol bo‘lsa, boshqalar bunga javobgar bo‘lmaydi” (Imom Abu Dovud rivoyati, Sunan, 5041, Sahihul Jome’, 6113, uning Avnul Mabuddagi sharhi, 13/384). Buning sababi uxlab yotgan kishi uyqusida ag‘darilishi mumkin va agarda panjara bo‘lmasa, yiqilib tushib, o‘lishi mumkin.

 

Bunday holatda uning o‘limida hech kim aybdor bo‘lmaydi yoki uning loqaydligi shunga olib keldiki, Alloh uni O‘z himoyasidan mahrum etdi, chunki u oldindan kerakli ehtiyot choralarni ko‘rmadi.

 

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Quyosh botgandan so‘ng bolalaringizni uyda tutib turinglar, chunki shaytonlar shu paytda qo‘zg‘aladilar. So‘ngra kechqurundan bir soat o‘tsa, bolalaringizni qo‘yib yuboring, eshiklaringizni berkiting va Alloh nomini zikr qiling, bir cho‘p qo‘yib bo‘lsada xumdonlaringiz og‘zini berkiting va Alloh nomini zikr qiling, chirog‘laringizni o‘chiring” (Imom Buxoriy rivoyati, Fatx, 10/88-89).

 

Imom Muslim rivoyatida esa Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Eshiklaringizni berkiting, idishlaringiz ustini yoping, chirog‘laringizni o‘chiring va bog‘ichlaringizni mahkam tugunlang (ya’ni xumdonlaringizni ustini yoping – u zamonlarda odamlar xumdon og‘ziga matoh yopib, uni tugunlab bog‘lashardi), chunki shayton berkitilgan eshikni ocholmaydi, usti yopilgan narsani ocholmaydi, siz bog‘lagan tugunni yecholmaydi. Va sichqon yong‘in chiqarolmaydi (ya’ni chirog‘ni ag‘darib, uyda yong‘in chiqarish ma’nosida)” (Imom Ahmadning Musnaddagi rivoyati, 3/103; Sahihul Jome’, 1080).

 

Yana bir hadisda esa Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Uxlashga yotayotganingizda uydagi olovni yoniq holda qoldirmang” (Imom Buxoriy rivoyati, Fatx, 11/85).

 

Demak, musulmon odam har bir ishda avvalo ehtiyot choralarni ko‘rib, o‘zi va o‘zgalarga zarar yetmaydigan tarzda sabablarini qilib so‘ngra Allohdan panoh so‘rashi lozim.

 

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi “Yo Rasululloh, (ulovimni) tushovlab turib tavakkal qilaymi yoki qo‘yvorib tavakkal qilaymi?” dedi. Bas, u zot: “Uni tushovlab turib keyin tavakkal qil” dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

 

Bu hadisi sharifdan tavakkal qilish bilan birga sabab bo‘ladigan ishlarni ham puxta ravishda olib borish lozimligi kelib chiqadi. Chunki tavakkal qalb ishi, bu narsa bandaning qalbiga, niyati va e’tiqodiga bog‘liq amal. Voqelikdagi ishlarning yuzaga kelishi esa Alloh taolo tomonidan jismga va uning a’zolarining amaliga bog‘liq qilingan.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

Maqolalar