Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Uyg‘un domla G‘afurov, Mir Arab oliy madrasasi prorektori Uchqun Avliyoqulov va mazkur oliy madrasaning «Diniy fanlar» kafedrasi mudiri Narzullo domla Ahmedovdan iborat yurtimiz diniy ta’lim muassasalari vakillari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib, bir qator nufuzli xalqaro anjuman va uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Jumladan, Grozniy shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiyada yurtimiz vakillari faol qatnashib, yurtimiz islom ta’limi an’analari, xususan, Toshkent islom instituti va Buxorodagi tabarruk Mir Arab madrasasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi uchun malakali diniy kadrlar yetkazib berishdagi tarixiy o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzalarini taqdim etdilar.
Tashrif doirasida Checheniston davlat universiteti hamda Kunta Hoji nomidagi Rossiya islom universiteti rahbariyati bilan muloqotlar o‘tkazilib, ta’lim sohasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ustoz va talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov 4 sentyabr kuni Sankt-Peterburg davlat universiteti Teologiya institutida o‘tkazilgan «Boyazitov o‘qishlari» IV xalqaro ilmiy-ma’rifiy konferensiyasida ma’ruza qildi. Unda yurtimizda hanafiylik va moturidiylik ta’limoti asosida ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yilgani, ustoz-shogird an’anasi, mo‘tabar asarlarni xatmi kutub qilish hamda «Ijoza» berish amaliyoti qayta tiklangani borasidagi tajriba o‘rtoqlashildi. Safar asnosida Sankt-Peterburg davlat universiteti Teologiya instituti direktori, professor Dmitriy Shmonin bilan ham istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida xorijiy hamkorlar Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, yurtimizning islom sivilizatsiyasi, ilm-fani va ta’limi sohasidagi beqiyos maqomini alohida e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati