Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf hamda mamlakatimizdagi elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin domla Eshonqulov va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlanib, mehmonlar Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yonida yangi barpo etilgan "Hadis" mehmonxonasi ochilishi bilan qutlandi. Shuningdek, delegatsiyaga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, Diniy idora, Ulamolar Kengashi va Fatvo markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi.
Muloqot davomida XIV asr oxiri XV asr boshlarida Indoneziyada Islom ma’rifati yoyilishiga hissa qo‘shgan Ibrohim Samarqandiy va boshqa ulamolar merosi xalqlarimizni chambarchas bog‘lab turishi qayd etildi. Yaqin o‘tmishda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani iliq xotirlandi.
Uchrashuvda Haj va Umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni almashish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash, yurtimizdagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi va Indoneziya vaqf tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yakunda mazkur tashabbus va takliflarni hayotga tatbiq etish uchun mas’ullar belgilandi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati