Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Noyabr, 2026   |   2 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:07
Peshin
12:12
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:26
Bismillah
12 Noyabr, 2026, 2 Jumadul soni, 1448
Maqolalar

Xalo va istibro

10.09.2026   49975   3 min.
Xalo va istibro

Namozning maqbul bo‘lish shartlaridan biri tozalik va poklikdir. Namozxonning badani, libosi va namoz o‘qiydigan joyi har qanday najasdan pok bo‘lishi shart. Mazkur masalalarga oid turkum maqolalar nashrlarimiz sahifalarida ilgari ham berilgan edi. Avvalo, takror foydadan xoli emas, qolaversa, ko‘p yoshlarimiz namozxonlar safiga qo‘shilayotganini e’tiborga olib, tahorat va namozga oid masalalarni qayta yoritishga qaror qildik.


Inson xilqatan bir necha narsalarga mubtalodir. Aqli qusurli odam bu holni unutib, kibrlanadi. Inson mubtalo bo‘lgan narsalardan biri uning har kuni bir necha bor hojatga chiqishga majburligidir.


Dinimizda inson hayotining barcha holatlarining, jumladan, tahorat ushatishning ham odob va hukmlari bayon etilgan. Qanday joylarda tahorat ushatib bo‘lmaydi?


Qabriston, yo‘llarda, daraxtlar osti, hovuz, quduq, buloq, ariq va daryo qirg‘oqlari, tahorat olinadigan joyda; yer va devor yoriq-kovaklariga, jonivorlar inlari, shuningdek, shamolga qarab hojat chiqarib bo‘lmaydi.


Xalojoyga kirish va poklanish tartibi


Xalojoyga hojat tangligi kuchaymasidan avvalroq borish lozim. Xaloga oyat, hadis, Alloh taoloning va payg‘ambarlarning nomlari yozilgan narsalarni olib kirish mumkin emas. Ularni tashqarida qoldirish kerak. Xaloga boshyalang kirish makruh.


Xalo eshigiga yetgach, “Bismillah, Allohim, meni ifloslardan va ozor beruvchilardan asra”, deyiladi. Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o‘ng oyoq bilan chiqiladi. Hojat joyiga yetmay, pastki kiyim yechilmaydi. Xaloda chap yelkani qibla tarafga qilib, avrat va iflos joylarga nazar qilmay, oyoqlar orasini keng tutib o‘tiriladi.


Hojatni tik turib, uzrsiz yalang‘ochlanib (yopiq joyda bo‘lsa ham), qiblaga yuzlanib yoki qiblaga orqa qilib chiqarish, yosh bolalarni ham mazkur holatlarda to‘sish tahrimiy makruhdir. Xaloda yozib-chizish, atrofga alanglash va badanni o‘ynash mumkin emas. Xaloda fiqh va o‘zga ilmlar haqida fikr yuritilmaydi, salomga va azonga javob qaytarilmaydi. Burun qoqilmaydi. Yo‘talmaslikka, tezroq bo‘shanishga harakat qilish zarur.


Hojat ushatilgach, erkaklar turmaslaridan, siydik yo‘lini orqadan uchiga qarab siqishlari kerak. Orqa yo‘l chap qo‘l bilan toza kesak, tosh, qiymati yo‘q eski latta yoki eski paxta yoki maxsus hojat qog‘ozi bilan artib tozalanadi.


Istibro nima va u qanday qilinadi?


Istibro – siydik yo‘lida bir tomchi ham qoldirmay tozalanish bo‘lib, erkaklar uchun vojib. Buning uchun kiyimni ko‘tarib hojat o‘rnidan turgach, peshob yo‘liga kesak tutib yurish yo silkinish yo yo‘talish kerak. Siydik yo‘lida hech narsa qolmaganiga to‘la ishonch hosil bo‘lgach, suv bilan tozalanishga o‘tiladi.


(Davomi keyingi sonda)


Muhammad SHARIF JUMAN

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 11-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

XIV "Global Waqf" anjumani oldidan Samarqanddagi tayyorgarlik ishlari ko‘zdan kechirildi

12.11.2026   1643   2 min.
XIV

Joriy yilning 18 noyabr kuni Samarqandda ilk bor XIV "Global Waqf" anjumani bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 11 noyabr kuni "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari Zayniddin domla Eshonqulov Samarqandda bo‘ldi.

Safar davomida dastlab Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Ziyorat chog‘ida Qur’oni karim tilovat qilinib, savobi buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari ruhlariga bag‘ishlandi.

Shundan so‘ng Zayniddin domla Eshonqulov Malayziyaning "Yayasan Restu" fondi asoschisi va rahbari Abdullatif Mirasa hamda Nasyrul Quran akademiyasi ijrochi direktori Shayx Abdulloh Sobhi Marei bilan uchrashdi. Muloqot davomida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, Qur’oni karim nashri, diniy-ma’rifiy loyihalar va kelgusidagi istiqbolli tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Zayniddin domla Eshonqulov "Yayasan Restu" fondi tomonidan barpo etilgan Nasyrul Quran mehmonxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Nasyrul Quran akademiyasi "Yayasan Restu" fondining yirik loyihalaridan biri bo‘lib, Qur’oni karimni nashr etish, mus'haflarni tayyorlash, xattotlik, bezak san’ati va sifat nazorati yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Nasyrul Quran akademiyasi Qur’oni karimni chop etish ko‘lami bo‘yicha dunyoda ikkinchi yirik markaz hisoblanadi.

Alohida ta’kidlash kerakki, "Yayasan Restu" fondi "Vaqf" xayriya jamoat fondi bilan izchil hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, o‘zaro hamkorlik doirasida Malayziya tomoni "Vaqf" fondiga 20 ming nusxada Qur’oni karim hadya etgan. Ushbu xayrli tashabbus ikki tashkilot o‘rtasidagi mustahkam aloqalar, o‘zaro ishonch va diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu maqsadlar mushtarakligining yorqin namunasidir.

Safar davomida, shuningdek, 18 noyabr kuni Samarqandda o‘tkaziladigan XIV "Global Waqf" anjumaniga tayyorgarlik ishlari ham atroflicha ko‘zdan kechirildi. Tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, xalqaro mehmonlarni munosib kutib olish, anjuman dasturi va tashkiliy jarayonlarini samarali muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, XIV "Global Waqf" anjumani "Vaqf va islomiy ijtimoiy moliyaga yangicha yondashuv: boshqaruv, standartlar, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish yo‘llari" mavzusida tashkil etiladi. Unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridan nufuzli vakillar, soha mutaxassislari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

"VAQF" XAYRIYA JAMOAT FONDI ijtimoiy tarmoqlari

 

O'zbekiston yangiliklari