Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda yurtdoshlarimiz uchun munosib sharoitlar hozirlash maqsadida, Saudiya Arabistonida mutasaddi idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ushbu muborak zaminda xizmat safarida bo‘lib turgan Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, attashe Shuhrat Amoniy qator tashkilotlar, jumladan, “Tavofa” haj xizmatlari muassasasi vakillari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga chiqqanini alohida e’tirof etdilar.
Muzokaralar davomida bo‘lajak haj mavsumida kutib olishdan to kuzatishgacha bo‘lgan jarayonlarda, xususan, haj amallari bajariladigan Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarimizga munosib xizmat ko‘rsatish hamda ularning har bir daqiqasini ruhiy huzur va ibodatda o‘tkazishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari yuqori talab nuqtayi nazaridan atroflicha muhokama qilindi.
O‘z navbatida, “Tavofa” muassasasi vakillari kelgusi mavsum uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab oldilar.
Jumladan, ushbu vodiylarda har bir ziyoratchi uchun yetarli joy ajratish, chodirlarni tayyorlash, ularni “Sofa bed”, sovutkich hamda boshqa zarur maishiy qulayliklar bilan jihozlashga katta e’tibor qaratiladi. Shuningdek, hojilarimiz uchun zarur bo‘ladigan maishiy ashyolar jamlanmasi taqdim etish hamda ularni uch mahal issiq taom, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash masalasiga ham alohida urg‘u berildi.
Muloqotda haj inson umrida bir marta ado etiladigan ulug‘ ibodat ekanini inobatga olib, ziyoratchilar muborak amallarni dinimiz ahkomlariga muvofiq go‘zal tarzda bajarishlari uchun barcha sharoitlarni hozirlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Bu kabi sa’y-harakatlar zamirida bitta ulug‘ maqsad – har bir hojimizga munosib e’tibor ko‘rsatish, ularning ibodatlarini eng qulay va xotirjam sharoitlarda ado etishlarini ta’minlashdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati