Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondida Malayziya Respublikasining islomiy moliya sohasida ixtisoslashgan INCEIF universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitet vakillari Shazmir Muxtar, Mohd Hasnol Mohd Yunus hamda Fotima xonim ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida islomiy moliya va vaqf sohalarini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, o‘zbekistonlik yoshlarni INCEIF universitetida islomiy moliya yo‘nalishi bo‘yicha magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish uchun yuborish, ularning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirokini ta’minlash hamda kelgusida malakali kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, vaqf sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mazkur yo‘nalishda qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va ularni milliy amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida o‘zbekistonlik yoshlarning Malayziyadagi mazkur nufuzli ta’lim muassasasida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda vaqf va islomiy moliya sohalarida o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, soha uchun xalqaro tajribaga ega malakali mutaxassislar tayyorlash va vaqf institutining ilmiy-amaliy asoslarini yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
"VAQF" XAYRIYA JAMOAT FONDI ijtimoiy tarmoqlari