Bugungi kunda turli oqim vakillari tomonidan islom dinidagi turli tushunchalar va hatto din asoslari ham buzib talqin etilmoqda. Ana shunday masalalardan biri bu “jihod” tushunchasi bilan bog'liq. Buzg'unchi kimsalarning talqinicha, “jihod musulmonning g'ayridinlarga qarshi muqaddas urushidan boshqa narsa emas va u islomning oltinchi arkonidir”. Bunday talqin dinimizning go'yoki yovuzlikka, jang-u jadal, urush, qon to'kish, boshqa dindagilarga qarshi kurash olib borishga asoslangani haqidagi qarashlar shakllanishiga turtki bo'lmoqda. Aslida esa “jihod” Qur'onda “muqaddas urush” deb atalmagan.
Islom o'z mohiyatiga ko'ra tinchlik dinidir. U insonlarni tinchlik va barqarorlikni ta'minlash yo'lida bor kuch-g'ayratini safrlashga, turli fitna va o'zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining asosini tashkil etadi. Ammo bugungi kunda dinni niqob qilib, uning nomidan ish olib borishga intilayotgan ekstremistik va terrorchi oqimlarning chirkin faoliyati muqaddas islom dini va tinchliksevar musulmonlar haqida noto'g'ri tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo'lmoqda.
Ho'sh, buzg'unchi oqimlarning jihod borasidagi qarashlari qay darajada asosli, jihodning mohiyati nimada?
“Jihod” so'zi arabcha “jahada” fe'lidan olingani, “g'ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo'r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma'nolarni anglatishi bugungi kunda ko'pchilikka ma'lum. Diniy istilohga ko'ra, jihodning Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon 356 nafs, shayton va yov bilan kurashishdek turlarining mavjudligi, ularning mazmun-mohiyati haqida mo''tabar manbalarda etarlicha tushuntirishlar berilgan.
Dastlab “jihod” mazmunida islomni himoya qilish va yoyish uchun qilingan sa'y-harakat, g'ayrat qilish ma'nosi tushunilgan. Shu bois, Makka davrida Payg'ambar alayhissalom va sahobiylar Alloh taoloning: “(Ey Muhammad), Rabbingizning yo'liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal uslubda munozara qiling!” (Nahl, 125) degan ko'rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.
Keyinchalik, ya'ni Muhammad alayhissalom Makkadan Madinaga ko'chib o'tganlaridan so'ng islom dini va musulmonlar jamiyatini tashqi dushmanlardan mudofaa qilish maqsadidagina harbiy mazmundagi jihodga ruxsat berilgan. Jumladan, Haj surasining 39-oyatida: “(Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo'lganlari sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir”, deyiladi. Bundan ko'rinadiki, jang-u jadal ma'nosidagi jihodga mudofaa, muqarrar dushman hamlasini daf etish maqsadida ruxsat berilmoqda.
Taassufki, hozirda jihod deyilganda uning urush ma'nosidan boshqalarini inkor etish, boz ustiga terrorchilik bilan bog'liq jinoyatlarni ham Alloh yo'lidagi jihod, deb e'lon qilish holatlari qulay bormoqda. Ayniqsa, ekstremistik va terrorchi oqimlarning mutaassiblik bilan yo'g'irilgan g'arazli maqsadlari yo'lidagi bosqinchilik urushini jihod deb e'lon qilishi va bu yo'lda o'zini portlatgan va boshqa begunoh insonlarning o'limiga sababchi bo'lgan kimsalarni “shahid” deb atayotganlari dinimiz ta'limotlariga mutlaqo ziddir. Vaholanki, islom dinida jon ne'matiga Allohning eng buyuk va qadrli ne'matlaridan biri, deb qaraladi. Bu ne'matning qadriga etmaganlarga ulkan azoblar borligi haqida Qur'oni karim va hadislarda ko'plab ogohlantirishlar kelgan. Jumladan, Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda bunday deyiladi: Alloh taolo marhamat qilurki: “Bandam o'zini-o'zi o'ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”.
Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Muslimdan rivoyat qilingan yana bir hadisda ham shunga oid masala bayon etilgan. Unda aytilishicha, “Kimki o'zini tog' tepasidan tashlab o'ldirsa, o'lgandan keyin ham jahannamda shu xil azobga giriftor bo'ladi. O'zini suvga tashlab yoki osib yoki kuydirib o'ldirgan kishilarning hukmi ham uning hukmi bilan barobardir”.
Yuqoridagi hadislar faqat o'zini o'ldirgan kimsa haqida bo'lsa, o'zi bilan birga begunoh insonlar o'limiga sabab bo'layotgan shaxslarning gunohi undanda og'irroq bo'lishini tasavvur qilish qiyin emas. Bu haqda Qur'oni karimda aytiladi: “Kimda kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay” (Niso, 93).
Jihod harakatini terror yo'li orqali amalga oshirayotgan kimsalar o'z qilmishlarini muqaddas islom uchun kurash, musulmonlarni birlashtirish yoki islom xalifaligini qurishga qaratilgan amallar, deya go'yo o'zlarini oqlamoqchi bo'ladilar. Agar jihod, ular aytganidek, islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Payg'ambar alayhissalomning o'zlari bu borada namuna ko'rsatgan bo'lar edilar. Biroq Payg'ambar alayhissalom bunday yo'l tutmadilar. Aksincha, yangi paydo bo'lgan musulmon jamiyatini himoya qilish uchun hamda yurtga bostirib kirishi muqarrar bo'lgan dushmangagina urush e'lon qilganlar.
Shu bilan birga, Muhammad alayhissalom Makkadan Madinaga kelganlaridan so'ng qilgan dastlabki ishlaridan biri musulmonlar jamoasi va hududdagi turli din vakillari o'rtasida o'zaro tinch-totuv yashashni ta'minlashga qaratilgan shartnoma tuzish bo'lgan. 622-yilda tuzilgan bu shartnoma “Madina sahifasi” nomi bilan mashhur bo'lib, unda yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar o'zaro hurmat asosida yashash, ularning o'z diniy e'tiqodi va ibodatlarini amalga oshirishlariga to'sqinlik qilmaslik kabi muhim masalalar o'rin olgan edi. Islom dini hamma davr va har qanday vaziyatda tinch-totuvlikning barqaror bo'lishidan manfaatdor bo'lganini uning tarixi ham namoyon etadi.
Islomning muqaddas manbalarida jihodning ulug' amal ekaniga dalolat qiluvchi va unga targ'ib etuvchi ko'plab ko'rsatmalar kelgan. Jumladan, Tavba surasining 111-oyatida marhamat qilinadi: “Albatta, Alloh mo'minlarning jonlarini va mollarini ulardan jannat barobariga sotib oldi – ular Alloh yo'lida jang qilishib (kofirlarni) o'ldiradilar va (o'zlari ham Alloh uchun shahid bo'lib) o'ldiriladilar, (Bunday mo'minlarga jannat berilishiga) Alloh Tavrot, Injil va Qur'onda O'zining haq va'dasini bergandir. Allohdan ham ahdiga vafodorroq kim bor? Bas, (ey mo'minlar), qilgan bu savdolaringizdan shod bo'lingiz. Mana shu haqikiy buyuk baxtdir”, deyiladi.
Jihod buzg'unchi toifalar aytayotganidek, bosqinchilik urushi emas, uning mohiyati o'zgacha. Payg'ambar alayhissalom hadislarida jihodning mohiyatini yoritib beruvchi ko'rsatmalar mavjud. Bu hadislarning mazmun-mohiyatini anglab etmasdan, jihodni o'zicha talqin etish qaytarilgan amallardandir. Ma'lumki, islom dini sulhparvar din. Payg'ambar alayhissalom o'z sahobiylariga g'anim bilan jang qilayotganida dushman sulh so'rasa, albatta, bunga e'tibor qaratish lozim ekani haqida aytib o'tganlar.
Shuning uchun sahobiylar hech qachon Muhammad alayhissalom ko'rsatmalari bo'lmasdan, tashqi dushmanga qarshi urush mazmunidagi jihodga chiqmaganlar. Bu holatdan jihod e'lon qilish vakolati davlat rahbarining mutlaq huquqi ekani kelib chiqadi. Din ulamolari bir holatdagina davlat rahbarining topshirig'isiz, jihod qilish mumkin, deb aytganlar, ya'ni tashqi dushman vatanga bostirib kirganida, g'animga qarshi jang qilish uchun rahbarning topshirig'i kutilmaydi.
Shu bilan birga, islom dinida dushman bilan jang qilishning ham o'ziga xos qoidalari bayon etilgan. Bu haqida Baqara surasining 190-oyatida: “Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo'lida jang qilingiz, (lekin jang asnosida ham) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmagay”, deyiladi.
Shayx Abdulaziz Mansur ushbu oyatni quyidagicha tafsir qiladilar: “Islom dinida insof, adolat va insonparvarlik qoidalariga hatto yov bilan jang qilish asnosida ham rioya qilinadi. Alloh taolo har qanday vaziyatda ham haddan oshmaslik va tajovuzkorlikka o'tmaslikni buyuradi. Bu hamma uchun juda ibratli tanbehdir. “Jihod” so'zi hamma vaqt ham jang va urush mazmunida emas, balki jiddu jahd, sa'y-harakat, ijtihod ma'nolarida ham keladi”. Bu fikrning isbotini Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisdan ham ko'rish mumkin: “Musulmonlarning afzali, qo'lidan va tilidan musulmonlarga ozor etmaydiganidir. Mo'minlarning afzali esa, xushxulqrog'idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalardan o'zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo'lida o'z nafsi va xohishiga qarshi qilinadigan jangdir”.
Bundan tashqari, soxta salafiylarning jihodni islomning oltinchi arkoni, deb atashlari dindagi buzg'unchilikdir. Eng avvalo, adashgan oqimlar nazarda tutgandek, jihod islomning oltinchi arkoni bo'lganida edi, o'n to'rt asr ilgari Payg'ambar Muhammad alayhissalom musulmonlarni besh ruknga emas, balki olti ruknga amal qilishga buyurgan bo'lardilar. Rasululloh alayhissalom esa: “Islom besh narsa ustida bino qilingan. Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va Muhammad Uning payg'ambari ekaniga guvohlik berish, namoz o'qish, zakot berish, ramazon ro'zasini tutish va (imkoni bo'lsa) haj qilish”, deb islom asoslari nimadan iborat ekanini aytib o'tganlar. Islom ulamolari, jumladan, yurtimizdan etishib chiqqan buyuk muhaddis va mutakallimlar ham ushbu hadisi sharifda dinning arkonlari va mohiyati to'liq va qat'iy bayon etilganini ta'kidlaganlar.
Bundan tashqari Qur'oni karimning: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga etkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomning din bo'lishiga rozi bo'ldim” (Moida, 3), degan oyati nozil bo'lgan vaqtda islom dini besh arkondan iboratligi va bundan keyin ular hech qachon o'zgarmasligi ta'kidlangan. Yana bir hadisda esa, Payg'ambar alayhissalom: “Sizlardan kim mendan keyin yashasa, yaqinda ko'p ixtiloflarni ko'radi. Mening sunnatim va mendan keyingi hidoyat topgan roshid xalifalar sunnati sizlarga shart bo'ladi. Ularni qattiq tutingiz va oziq tishlar bilan tishlangiz. Shariatda yangi paydo qilingan narsalardan saqlaningiz. Zero, (shariatda) har bir yangi paydo qilingan narsa – bid'at va har bir bid'at zalolatdir”, deganlar. Soxta salafiylar esa, islomning besh arkoniga qanoat qilmay, jihod borasida g'uluvga ketib, uni shariatning oltinchi arkoni deb atashlari juda taajjublanarlidir. Bu esa, mazkur hadisda ta'kidlangan dindagi bid'at bo'lib, u o'z ergashuvchilarini albatta, zalolat sari etaklaydi. Ana shu holatning o'zi insonni sergaklikka chorlashi, jihod masalasida g'uluvga ketishdan saqlanishi uchun kifoya qiladi. Zero, jihod borasida g'uluvga ketish boshqa dindagilarga nisbatan bosqinchilik bo'lishidan tashqari, islom ahkomlariga qarshi chiqish va ularni oyoqosti qilish bilan barobardir.
Shuni doimo yodda tutish kerakki, islom jang-u jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islomda amalga oshiriladigan har qanday jihod – ya'ni sa'y-harakat faqatgina tinchtotuv yashash, tinchlikni ta'minlashga qaratilgan bo'lishi kerak.
Shukrullo JO'RAYeV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi Nashrlar bo'limi boshlig'i
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi