Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan dinimiz rivoji, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga beqiyos hissa qo‘shgan 85 nafar nuroniy ustozlar, mehnat faxriylari yo‘qlandi.
Ushbu xayrli tadbir doirasida tizimda ko‘p yillar faoliyat yuritib, bugungi kunda marhum bo‘lgan ulamolarning yaqinlari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bugungi kunda Diniy idora tizimida faoliyat yuritayotgan ustozlar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Tabriknomalar, hadyalar, muhimi, mazkur e’tibor va ehtiromdan behad shod bo‘lgan keksalar o‘zlari mehnat qilgan paytdagi xotiralar hamda bugungi imkoniyatlar davri haqida to‘lqinlanib so‘zlashdi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz omonligini so‘rab xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati