Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari Kedah shtatidagi Al-Buxoriy xalqaro universitetida tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda universitet rahbariyati va turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirok etdi.
Elchi Karomiddin Gadoyev yosh vatandoshlarni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, ushbu sanaga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan tashabbuslar va davlat organlarining yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashdagi roliga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilarga elchixonaning Malayziyadagi o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan olib borayotgan ishlari haqida ma’lumot berildi. Yosh diasporani birlashtirish, ularning muammolarini o‘rganish hamda qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish diplomatik missiyaning asosiy vazifalaridan biri ekanligi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida ma’ruza qildi. U O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosati va fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda yoshlarning har tomonlama rivojlanishi va ta’lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xorijdagi o‘zbekistonlik talabalarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar interaktiv muloqot shaklida Malayziyadagi o‘zbek yoshlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari va kelgusi yilda ular ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish masalalarini muhokama qildi.
Talabalar o‘z g‘oya va takliflari, jumladan, vatandoshlar bilan kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha fikrlarini bildirdi. Ular O‘zbekiston hayotida faol ishtirok etish va mamlakatning yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati