Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat ikki markaz o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, buyuk allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini birgalikda o‘rganish va keng targ‘ib etish, qo‘lyozma manbalarni tadqiq qilish hamda ilmiy tajriba almashishni nazarda tutadi.
Shuningdek, memorandum doirasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish, ilmiy nashrlar tayyorlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur kelishuv ikki ilmiy muassasa o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ilmiy-ma’rifiy faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
@naqshbandnur_uz