Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
2025–2026-o‘quv yilida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini jami 454 nafar iqtidorli yosh tamomladi. Ular safida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistraturasi bitiruvchilari – 10 nafar magistr ham bor.
Hozirda bitiruvchilarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash jarayoni davom etmoqda. Unga ko‘ra, yosh mutaxassislarning dastlabki 145 nafari quyidagi yo‘nalishlarda rasman faoliyat boshladi:
▫️3 nafari — O‘zbekiston musulmonlari idorasi Markaziy apparatida;
▫️1 nafari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligida;
▫️13 nafari — masjid imom-xatibi;
▫️118 nafari — masjid imom noibi;
▫️10 nafari — diniy ta’lim muassasalarida pedagog-o‘qituvchi.
Ilmiy bosqichni davom ettirayotganlar:
Yana 112 nafar yosh ta’limning keyingi bosqichiga qabul qilingan: 44 nafari magistraturada, o‘rta maxsus bilim yurtini tugatgan 68 nafar yigit-qiz esa oliy diniy ta’limning bakalavriat bosqichida tahsil olmoqda.
Yangi tayinlangan mutaxassislar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridagi masjidlarda hamda diniy ta’lim dargohlarida mahalliy jamoatlarga tanishtirilib, faoliyat boshladi.
Alloh taolo dinimiz va xalqimiz xizmatiga bel bog‘lagan yosh mutaxassislarimizning faoliyatlarini xayrli va bardavom qilsin. Tolibi ilmlarimizning erishayotgan yutuqlarini yurtimiz ma’rifati va ravnaqiga xizmat qilishini nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati