Kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi “Qur'on va tajvidni o'rgatish” bo'limi mudiri Shayx Alijon qori Horazm viloyati Urganch tumanidagi “Jonxorosh bobo” jome masjidiga tashrif buyurib ilmiy-ma'rifiy suhbat qilib berdi.
Suhbatni tez kunda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda video shaklda tomosha qilishingiz mumkin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Qo‘lni yuvish.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish faqirlikni daf qiladi va u payg‘ambarlarning sunnatlaridandir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
2. “Bismillah” ni aytish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, shayton Allohning ismi zikr qilinmagan taomni o‘ziga halol hisoblaydi”, deganlar. Ya’ni, shayton Alloh taoloning ismi aytilmay yeyilayotgan taomni o‘ziga halol hisoblaydi va uni yeyayotgan odamga sherik bo‘ladi.
Agar ovqatlanishning boshida aytish yoddan ko‘tarilsa va keyin esga tushsa: “Bismillahi fiy avvalihi va oxirihi”, deyiladi.
3. O‘ng qo‘l bilan yeyish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chap qo‘l bilan yemanglar! Chunki shayton chap qo‘li bilan yeydi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
4. Taomni o‘z oldidan yeyish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hoy bolakay. Allohning nomini ayt, o‘ng qo‘ling bilan ye va o‘z oldingdan ol” , deganlar.
5. Tushib ketgan luqmani olib, yeb qo‘yish.
“Birortangizdan bir luqma tushib ketsa, undagi zararni ketkazsin, so‘ngra yesin” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar biringizning yeguligingiz yerga tushib ketsa, uni ko‘tarib, sirtini begona narsalardan tozalab yesin, nasibasini shaytonga qoldirmasin. Qo‘lini artmay turib yalab qo‘ysin. Darhaqiqat, u baraka qay birida (yashirin) ekanidan bexabardir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Aston universiteti professori Entoni Xilzning fikricha, yerga tushib ketgan yegulikni besh soniya ichida yerdan olib bemalol iste’mol qilsa bo‘lar ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmaydi. Bunday yegulik sog‘liq uchun xavfsizdir.
6. Imkon bo‘lsa, uchta barmoqda yeyish. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchta barmoq bilan yer edilar” (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aksariyat hollarda shunday qilar edilar.
7. Taomlanish asnosida cho‘kkalab yoki bir tizzani ko‘targan holda o‘tirish.
8. Ovqatni ayblamaslik. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hech qachon ovqatni yomonlamaganlar, yoqtirsalar yeganlar, yoqtirmasalar yemaganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
9. Ko‘p yemaslik va o‘ta to‘yib ketmaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Odamzot qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagandir. Aslida, unga qomatini tiklab turadigan ovqat yetarlidir. Agar zarurt bo‘lsa: qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafas olishi uchun bo‘lsin!” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD