Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Quraysh obidi

19.10.2026   45302   3 min.
Quraysh obidi

“Quraysh obidi” unvoniga sazovor bo‘lgan Abu Bakr ibn Abdurahmon madinalik yetti faqihdan biri edi. U ko‘zi ojiz bo‘lsa-da, ilmli va taqvodor edi. Hayoti davomida sunnatga qattiq amal qilib, hatto mustahab amalni ham mukammal ado etishga intildi. Ukalaridan biri: “Akam uzluksiz ro‘za tutgan”, deya ta’kidlagan. U zarurat paytida ijtihodiga suyanib, fatvolar bergan.


Abu Bakr ibn Abdurahmon Umar ibn Xattobning xalifalik zamonida hijriy 22 yilda dunyoga kelgan. Otasi Abdurahmon ibn Horis ibn Hishom katta tobein, o‘z qavmining sharafli kishisi edi. U Ammor ibn Yosir, Abu Mas’ud Ansoriy, Oysha binti Abu Bakr, Ummu Salama, Abu Hurayra, Asmo binti Umays va boshqa ko‘plab katta sahobalardan hadis rivoyat qilgan.


Uning o‘zidan esa mo‘minlar amiri Umar ibn Abdulaziz, Ibn Shihob Zuhriy va boshqa roviylar rivoyat qilgan. Abu Bakr ibn Abdurahmon naql qilgan rivoyatlarning aksariyati Abu Hurayraga bog‘lanadi. Abu Bakr ibn Abdurahmonning mashhur rivoyatlari orasida Payg‘ambarimiz alayhissalomning mana bu hadislari ham bor. Buni Ibn Shihob Abu Bakr ibn Abdurahmondan, u Abu Hurayradan rivoyat qilgan:


«Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Men bir kunda yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytaman”, deganlarini eshitdim» (Imom Buxoriy rivoyati).


Abu Bakr ibn Abdurahmon kuchli va mustahkam xotira sohibi edi. U rivoyat qilgan hadislarni shogirdlari sinchkovlik bilan yozib borishgan. Chunki o‘sha davrdagi fiqhiy majlislarda hadisni yozib borish amaliyoti keng qo‘llanar edi. Abu Bakr ibn Abdurahmon va uning aka-ukalari bu borada haqiqiy ibrat namunasi bo‘lishdi.


Abu Bakr ibn Abdurahmonning taqvodorligi va ilmi uchun mo‘minlar amiri Abdulmalik ibn Marvon uni qattiq hurmat qilgan. Xalifa o‘g‘illariga ham faqihning hurmatini o‘rniga qo‘yishni tayinlagan. Biroq Madinada umraviylarni yoqtirmagan toifalar ham bor edi. Buni bilgan Abdulmalik ibn Marvon bunday degan edi:


“Allohga qasam, Madina ahlidan bizning sha’nimizga yomon gaplar aytadiganlarni jazolamoqchi bo‘laman-u, Abu Bakr ibn Abdurahmon esimga tushib, bu niyatimdan qaytaman. Undan uyalganim uchun bu ishni qilmayman”.


Mo‘minlar amiri hadis va fiqh sohibi hurmati uchun o‘ziga qarshi so‘zlovchilarni jazolamagan.


Bir kuni u Masjidi Nabaviyda jamoatga peshin namozini o‘qib berdi. So‘ngra uyiga qaytib hushidan ketdi. Shom namozidan oldin masjid muazzini Madina ahliga bunday dedi:


«“Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, Unga qaytguvchimiz”. Abu Bakr ibn Abdurahmon ibn Horis roziyallohu anhu vafot etdi».

Shu kuni uning shogirdlari shom namozini qayg‘uga botgan holda shayxsiz ado etdilar. U Baqi’ qabristoniga qo‘yildi. Hijriy 94 yilda ko‘plab faqihlar qatori Abu Bakr ibn Abdurahmon ham vafot etdi. Keyinchalik o‘sha yilga “Faqihlar yili” deb nom berildi. 


Bobomurod Erali
tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalining 2026 yil 4-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi

10.11.2026   9840   3 min.
Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi

Bugun, 10 noyabr kuni Buxoro shahridagi qadimiy va tabarruk ilm maskani – Mir Arab oliy madrasasida “Globallashuv davrida sof aqida va tasavvuf masalalari” mavzusida xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.


Mazkur yirik anjumanda mahalliy va xorijlik yetakchi ulamolar, islomshunos olimlar hamda diniy soha mutaxassislari jam bo‘lib, bugungi kunning eng dolzarb muammolari va ularning ilmiy-amaliy yechimlarini muhokama qildilar.


Konferensiya avvalida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, professor Davron Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Tatariston muftiysi o‘rinbosari, Rossiya islom instituti rektori Rafik Muxametshin va Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elovlar so‘zga chiqdi. Notiqlar bugungi axborot xurujlari avj olgan murakkab davrda bunday ilmiy anjumanlarning ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidlab, anjuman ishiga rivoj tiladilar.


Shundan so‘ng konferensiya o‘z ishini ikkita asosiy sho‘baga bo‘lingan holda qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom ettirdi. 
 

1-sho‘ba: "Globallashuv davrida sof aqida: muammolar va yechimlar"

Ushbu yo‘nalishda Ibn Xaldun universiteti (Turkiya) vitse-prezidenti, professor Özcan Erkan Akgun hamda Qozon islom instituti doktori Rashid Sibgatulin kabi xorijlik mehmonlar bilan bir qatorda, yurtimiz olimlarining muhim ma’ruzalari tinglandi.

Xususan:

  • Soatmurod Primov (Toshkent islom instituti kafedra mudiri) Imom Abu Hanifaning adashgan oqimlarga qarshi kurashdagi bebaho qarashlarini tahlil qilib berdi; 
     

  • Dilsora Boltayeva (Jo‘ybori kalon madrasasi vakili)ning "Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta diniy kontent: tahdidlar va himoyalanish strategiyalari" mavzusidagi chiqishi bugungi raqamli olamdagi yangi xavflardan ogohlantirishi bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi;
     

  • Asrorxon Mahmudov (Mir Arab oliy madrasasi) va Dr. Ahmed Saad (Imom Moturidiy markazi)larning moturidiylik ta’limotida vasatiylik tamoyillari hamda tasavvuf uyg‘unligiga oid ma’ruzalari tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.
     

2-sho‘ba: "Globallashuv davrida tasavvuf: ma’naviy meros va zamonaviylik"


Mazkur sho‘bada tasavvufning jamiyat ma’naviyatidagi o‘rni va bugungi kundagi ahamiyati keng ochib berildi. 
 

  • Ahmad Muhammad Ali Misriy (Mir Arab oliy madrasasi) Abu Hafs Nasafiy misolida Qur’oni karimning tasavvufiy tafsiriga to‘xtaldi;
     

  • Shukurillo Umarov (Imom Buxoriy markazi) jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda Najmiddin Kubro ta’limotining o‘rni haqida so‘z yuritdi;
     

  • Uchqun Avliyoqulov (Mir Arab oliy madrasasi prorektori) esa Malayziyadagi zamonaviy tasavvuf tashkilotlari va ma’naviy diplomatiya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. 
     

Shuningdek, Misrning Buxoro davlat universitetidagi vakili Dr. Ayman Usmon kabi olimlar ham o‘zlarining ilmiy xulosalarini taqdim etdi.


Umuman olganda, mazkur xalqaro konferensiya globallashuv sharoitida yot g‘oyalarga qarshi sof aqidani saqlash, ajdodlarimizning boy tasavvufiy merosini o‘rganish va mo‘min-musulmonlar ongini turli axborot xurujlaridan himoya qilishda muhim ilmiy-amaliy minbar vazifasini o‘tadi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi Buxoroda aqida va tasavvuf masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari