Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: “Eng barakali nikoh – xarajatlari yengil bo‘lganidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bugun barakali nikohlar ko‘payayotganidan xalqimiz xursand. To‘y-hashamlarni ixchamlashtirish to‘g‘risida qaror va nizom sabab “kimo‘zar”ga qilinayotgan marosimlar ancha kamaydi. Xalqimiz 30– 40 kishilik to‘y qilishning ham uddasidan chiqsa bo‘lar ekan, degan xulosaga keldi.
Alhamdulillah , “Non sindirdi”, “Fotiha” to‘ylarida 10 yoki 20, nikohda esa 200 – 250 nafar kishilar qatnashadigan to‘ylar bo‘lyapti. Dasturxonga ham ilgarigidek mehmonlar yesa-yemasa har xil taomlarni qo‘yishning oldi olinyapti. To‘y -hashamlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin mahalla raisi va uning yordamchilari bilan maslahatlashadi.
Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza Diniy idoraning vakili tomonidan o‘tkazilmoqda. Ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan rasm-rusumlar, ya’ni “kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish”lar bo‘lmayapti. Ta’ziya marosimlari bilan bog‘liq tadbirlar, ya’ni “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabilar ham o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.
Xalq ichida yurganimiz uchun ayrim ayollarning gap-so‘zlariga guvoh bo‘lamiz. Quloq solsangiz, to‘g‘ri aytishadi. Masalan, bir qaynona bunday deydi:
– Men farzandlarimni uylantirib bo‘lganman, u vaqtlar qiz tomon sarpo qilardi. Qizni onasi kerak-kerakmas buyumlarni ham qilgan vaqtlari bo‘lgan. Ba’zi qaynonalar esa qudalaridan so‘nggi rusumdagi, xorijniki bo‘lgan qimmat sarpoyu mebellar keltirishni talab qilishardi. Hozirgi to‘ylarda kuyov tomon qo‘lidan kelgancha narsa-buyumlarni olyapti, kelinga avvalgiday “soliq” solinmaydi. Shuning oldi olinganiga xursand bo‘laman.
Imom A’zam rahmatullohi alayh: “Xayru ehsonda isrof bo‘lmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yo‘qdir”, degan. Ba’zan oldimga to‘y egalari biror marosimini o‘tkazish o‘rniga mahalladagi yetim-muhtoj insonlarga ehson yoki umraga yig‘ilgan pulga xayr-saxovat istagini aytib, maslahat qilishadi.
Afsuski, “Elnikini yeganman, qilmasam bo‘lmaydi”, deydiganlar ham yo‘q emas. Ular bilan ishlaymiz, tushuntiramiz. Isrofning eng xayrsizligi shundaki, qarzga to‘y qilib natijada uni to‘lash uchun oilasini tashlab ketayotgan erkaklarimiz bor. Bir kunlik to‘y, hashamat oiladan uzoqda yashashga, mehnat qilishga arzimaydi. Orzu-havasimiz isrofli to‘y emas, ilm-ma’rifat bo‘lsin. To‘y-ma’rakalarni isrofgarchiliksiz o‘tkazish siz bilan bizga bog‘liq. Aql bilan ish yuritsak, hammasi yaxshi bo‘lishiga aminmiz.
Intizor KAMOLOVA,
Toshkent viloyati bosh otinoyisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2026 yil 5-sonidan
XX asrning ikkinchi yarmi va mustaqillikning dastlabki yillari O‘zbekiston diniy hayoti tarixida murakkab jarayonlar davri bo‘ldi. Sovet tizimi sharoitida rasmiy diniy muassasalar cheklangan imkoniyatlar doirasida faoliyat yuritgan bo‘lsa, mustaqillik arafasi va undan keyin jamiyatda diniy bilim, tarixiy xotira va milliy-ma’naviy merosga qiziqishning yangi bosqichi kuzatildi. Bu jarayonlarni faqat siyosiy qarorlar yoki muassasalar tarixi bilan emas, balki diniy ta’lim, ilmiy meros va xalqaro aloqalarni bog‘lagan shaxslar faoliyati orqali ham o‘rganish zarur[1].
Shamsiddinxon Ziyovuddinxon o‘g‘li Boboxonov ana shunday ko‘p qirrali tarixiy shaxslardan biri edi. U 1937 yilda Toshkentda tug‘ilgan, arab filologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borgan, 1975–1982 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, 1982–1989 yillarda esa O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy bo‘lib xizmat qilgan. Keyinchalik sharqshunoslik va diplomatiya sohasida faoliyat olib borgani uning biografiyasiga alohida mazmun beradi[2].
Maqolada Shamsiddinxon Boboxonovning shaxsiy biografiyasini bayon etish bilan cheklanmay, uning diniy ta’lim tizimi, kitoblar tarjimasi va nashri, musulmonlar o‘rtasidagi xalqaro muloqot hamda mustaqil O‘zbekistonning tashqi aloqalari tarixida tutgan o‘rni manbalar asosida yoritiladi.
Shamsiddinxon Boboxonovning shaxsiyati diniy ulamolar va ma’rifat ahliga mansub oilaviy muhitda shakllandi. Uning otasi Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasini uzoq yillar boshqargan[3].
1959 yilda Toshkent chet tillar institutining ingliz tili fakultetini tamomlagani uning ta’lim yo‘lidagi ilk qadami bo‘ldi. 1962–1966 yillarda Qohiradagi al-Azhar universitetida arab tili filologiyasini o‘rgandi. Bu tajriba mahalliy diniy-ma’rifiy an’anani xalqaro islomiy ta’lim muhiti bilan qiyoslash, arab tilidagi manbalarni asl matnda o‘qish va ularning ilmiy mazmunini tushunish imkonini berdi. Shunday ta’lim yo‘li diniy bilim bilan filologik usullarni uyg‘unlashtirgan mutaxassisni shakllantirdi.
1973 yilda Moskvada «Arab tilida ikkilangan sonlar kategoriyasi» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgani uning arabshunoslik sohasidagi ilmiy tayyorgarligini ko‘rsatadi. Bu tadqiqot diniy arbobning faoliyati faqat masjid yoki rahbarlik bilan cheklanmaganini tasdiqlovchi dalillardan biridir. Arab tili grammatikasiga oid ixtisoslashgan ish tilshunoslik metodologiyasini egallash, manbalar bilan muntazam ishlash va ilmiy xulosalarni dalillash ko‘nikmasini talab etar edi[4].
Chet tillar institutidagi tayyorgarlik diplomatik muloqot uchun, al-Azhardagi tahsil diniy-ilmiy meros bilan ishlash uchun, ilmiy tadqiqot esa ta’lim muassasasini boshqarish va kitoblar yozish uchun muhim asos bo‘lgan, deb xulosa qilish mumkin.
Toshkent islom institutining tarixi O‘zbekistonda oliy diniy kadrlar tayyorlash masalasi bilan chambarchas bog‘liq. Muassasa 1971 yilda faoliyatini boshlaganida uning oldiga diniy va zamonaviy bilimlarni egallagan, Qur’on va islom ilmlarini o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yilgan edi. Sovet davrida mazkur dargoh nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi diniy boshqarmalar uchun kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutgan.[5]
Shamsiddinxon Boboxonov 1974 yilda institutda prorektor bo‘lib ish boshladi, 1975 yildan rektorlik vazifasini bajardi va 1982 yilgacha muassasaga rahbarlik qildi. Bu davrda institutdagi ta’limning ustuvor yo‘nalishlari diniy fanlar, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari bilan bir qatorda ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘rganish ehtiyojini ham qamrab olgan. Rektorlikni faqat ma’muriy vazifa sifatida emas, balki diniy bilimlarni kelgusi avlodga uzatish, ustozlar va talabalar uchun ilmiy muhitni saqlash mas’uliyati sifatida baholash mumkin.
Diniy ta’lim muassasasi tarixini o‘rgangan tadqiqotlar mustaqillikning ilk yillarida kadrlar, adabiyotlar, moddiy-texnik sharoit va o‘quv jarayonini tartibga solish bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu ma’lumotlar sovet davridagi oliy diniy ta’limni keyingi davrdan farqli institutsional sharoitda tahlil qilish zarurligini anglatadi. Shunday ekan, Sh.Boboxonovning rektorlik tajribasi keyinchalik diniy ta’lim merosini baholashda muhim tarixiy bosqich hisoblanadi[6].
Shamsiddinxon Boboxonov faoliyatining navbatdagi muhim yo‘nalishlaridan biri diniy-ilmiy adabiyotlarni o‘rganish va tarjima qilish bo‘ldi. Uning «al-Adab al-mufrad» tarjimasi, «Ming bir fatvo» va «So‘nmas ziyo» kabi asarlari mavjud. Shuningdek, uning muallifligi yoki ishtiroki bilan Qur’oni karimning 30-porasi ma’nolarini o‘zbekcha bayoni, Imom Buxoriyning «Axloq durdonalari» asarini tarjima qilish, hadis roviylari va naqshbandiya tariqatiga oid qo‘lyozmalar bo‘yicha qilingan ishlari ham bor[7].
«So‘nmas ziyo» va «Ming bir fatvo» kabi kitoblar uning faoliyatida ma’naviy merosni jamoatchilikka yetkazish hamda amaliy diniy savollarga javob berish yo‘nalishlarini yurtimizda boshlab berganini ko‘rsatadi[8].
Uning tahririyat va nashriyot ishiga e’tibor qaratgani ham alohida ahamiyatga ega. «Sovet Sharqi musulmonlari» tahririyati uchun «Hazrati Imom» majmuasida yangi bino barpo ettirdi. Diniy matbuot, kutubxona va nashr infratuzilmasi diniy bilimni saqlash va tarqatishning muhim shartlaridan edi. Demak, uning merosi shaxsiy kitoblar bilan cheklanmay, diniy bilimni jamoatchilikka yetkazuvchi muassasalar tashkil qilish bilan ham bog‘liq. Hozirda mazkur nashriyot Shamsiddinxon Boboxonov nomi bilan ataladi.
1982 yilda otasi Ziyovuddinxon Boboxon vafotidan so‘ng Shamsiddinxon Boboxonov O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi va muftiy etib saylandi. Uning muftiylik yillari 1982–1989 yillarni qamrab oladi. Bu lavozim mintaqa musulmonlari diniy hayotiga oid masalalarni muvofiqlashtirish, diniy ta’lim va nashr ishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xorijdagi musulmon tashkilotlari bilan aloqalarni olib borishni taqozo etar edi[9].
Shamsiddinxon Boboxonovning Boku, Moskva va Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarga tashabbuskorlik qilgani, dinlararo anjumanlar tashkiliy qo‘mitalarida ishlagani va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shgani manbalarda qayd etilgan. 1985 yilda Qozonda Qur’oni karimni nashr etish bo‘yicha tashkil etilgan kengashga rahbarlik qilgani ham uning diniy nashrlar bilan xalqaro miqyosda shug‘ullanganini anglatadi. Bu ma’lumotlar unga faqat mahalliy diniy rahbar emas, mintaqaviy va xalqaro muloqot ishtirokchisi sifatida qarash imkonini beradi.
Sovet davrida diniy boshqarmalarning xalqaro aloqalari bir vaqtning o‘zida diniy, madaniy va rasmiy diplomatik xususiyatlarga ega bo‘lgan. Shu sababli bunday aloqalarni faqat erkin diniy hamkorlik sifatida emas, davrning siyosiy-institutsional chegaralarini hisobga olgan holda tahlil etish zarur. Shamsiddinxon Boboxonovning til bilimi, arab dunyosidagi tahsili va xalqaro tashkilotlar tajribasi shu muhitda amaliy ahamiyat kasb etgan bo‘lishi tabiiy.
1991 yilda O‘zbekiston mustaqil davlatga aylanishi bilan din va davlat munosabatlarining huquqiy asoslari qayta shakllana boshladi. 1991 yil 14 iyunda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi, 1992 yilgi Konstitutsiyada vijdon erkinligi konstitutsiyaviy kafolat sifatida mustahkamlandi. 1998 yilda qonun yangi tahrirda qabul qilinishi diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishda navbatdagi bosqich bo‘ldi[10].
Mustaqillikning dastlabki yillarida diniy ta’lim muassasalarini huquqiy ro‘yxatdan o‘tkazish, kadrlar tayyorlash, o‘quv dasturlari va diniy adabiyotlar bilan ta’minlash masalalari dolzarb bo‘lgan. Ilmiy tadqiqotlarda 1991–1998 yillar diniy ta’lim muassasalari tarixining alohida bosqichi sifatida tavsiflanadi; bu davrda muassasalar soni va faoliyati kengaygan bo‘lsa-da, moddiy ta’minot, o‘quv adabiyotlari va tashkiliy talablarga oid muammolar ham mavjud bo‘lgani qayd etiladi[11].
Shamsiddinxon Boboxonov 1989–1994 yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi. Bu bosqich uning diniy boshqaruvdan manbashunoslik va sharqshunoslikka o‘tishini ko‘rsatadi. 1994 yildan diplomatik sohadagi faoliyati boshlanib, u Misr, Saudiya Arabistoni va boshqa arab mamlakatlarida O‘zbekistonning elchisi bo‘lib xizmat qildi.
Uning diplomatik vazifasi diniy yetakchilikdan farq qilar edi: bu yo‘nalishda u O‘zbekiston davlatining rasmiy vakili sifatida siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilgan. Biroq uning arab tilini bilishi, al-Azharda tahsil olgani, islom institutlari va xorijiy musulmon tashkilotlari bilan aloqalar tajribasi yangi vazifada foydali salohiyat bo‘lganini anglash mumkin. Shu ma’noda, Boboxonov misolida diniy-ma’rifiy bilim va xalqaro davlat xizmati o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘rinadi[12].
Shamsiddinxon Boboxonovning faoliyatini uch o‘zaro bog‘liq yo‘nalishda ko‘rib chiqish mumkin. Birinchisi – oliy diniy ta’limni boshqarish: 1975–1982 yillarda Toshkent islom instituti rektori sifatida u diniy kadrlar tayyorlash muassasasi tarixida muayyan bosqichni tashkil etdi. Ikkinchisi – ilmiy-ma’rifiy meros: arab filologiyasi bo‘yicha ilmiy tayyorgarligi, tarjima va diniy adabiyotlar nashridagi ishtiroki diniy bilimlarni o‘zbek tilida o‘quvchiga yetkazish jarayoni bilan bog‘liq. Uchinchisi – xalqaro aloqalar: muftiylik yillaridagi diniy muloqot tajribasi keyinchalik davlat diplomatiyasida xizmat qilgani bilan davom etdi.
Shamsiddinxon Boboxonov tarixini o‘rganishning ahamiyati faqat bir shaxs biografiyasini eslash bilan cheklanmaydi. Uning hayot yo‘li diniy ta’lim, arabshunoslik, rasmiy diniy boshqaruv, mustaqillik davridagi institutsional o‘zgarishlar va O‘zbekistonning tashqi aloqalarini bir-biriga bog‘lab tahlil qilishga imkon beradi.
Po‘latxon Kattayev,
Toshkent islom instituti hadis va islom tarixi fanlari
kafedrasi katta o‘qituvchisi
[1] Olcott, Martha Brill; Ziyaeva, Diora. Islam in Uzbekistan: Religious Education and State Ideology. Carnegie Endowment for International Peace, 2008. URL: https://carnegieendowment.org/research/2008/09/islam-in-uzbekistan-religious-education-and-state-ideology
[2] “Muftiy Shayx Shamsiddinxon Boboxonov” // URL: https://www.muslim.uz/oz/e/post/44975-muftiy-shayx-shamsiddinxon-boboxonov
[3] Yuksak madaniyat va ma’rifat sohibi // URL: https://heritage.cisc.uz/cryl/site/inner?id=123
[4] Yo‘ldoshxo‘jayev H. “Shamsiddinxon Boboxonov” (1937–2003) // Islamonline.uz. URL: https://www.islamonline.uz/site/item?id=4546
[5] “Bugun — Toshkent islom instituti tashkil topgan kun” // URL: https://old.muslim.uz/index.php/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/33883-bugun-toshkent-islom-instituti-tashkil-topgan-kun
[6] Jahongirov Yu. Iz istorii deyatelnosti islamskix uchebnix zavedeniy v Uzbekistane // Jamiyat va innovatsiyalar – Obshestvo i innovatsii – Society and Innovations. 2021. Maxsus son 9. B. 348–354. DOI: https://doi.org/10.47689/2181-1415-vol2-iss9/S-pp348-354
[7] Yo‘ldoshxo‘jayev H. “Shamsiddinxon Boboxonov” (1937–2003) // Islamonline.uz. URL: https://www.islamonline.uz/site/item?id=4546
[8] Yo‘ldoshxo‘jayev H. “Shamsiddinxon Boboxonov” (1937–2003) // Islamonline.uz. URL: https://www.islamonline.uz/site/item?id=4546
[9] “Muftiy Shayx Shamsiddinxon Boboxonov” // URL: https://www.muslim.uz/oz/e/post/44975-muftiy-shayx-shamsiddinxon-boboxonov
[10] O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 14 iyundagi 289-XII-son Qonuni: «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida». LexUZ. URL: https://lex.uz/uz/acts/65025
[11] Jahongirov Yu. Iz istorii deyatelnosti islamskix uchebnix zavedeniy v Uzbekistane // Jamiyat va innovatsiyalar – Obshestvo i innovatsii – Society and Innovations. 2021. Maxsus son 9. B. 348–354. DOI: https://doi.org/10.47689/2181-1415-vol2-iss9/S-pp348-354
[12] Olcott, Martha Brill; Ziyaeva, Diora. Islam in Uzbekistan: Religious Education and State Ideology. Carnegie Endowment for International Peace, 2008. URL: https://carnegieendowment.org/research/2008/09/islam-in-uzbekistan-religious-education-and-state-ideology.