Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Tavhidni uch qismga bo'lishning xatari 

21.02.2023   4186   13 min.
Tavhidni uch qismga bo'lishning xatari 

Soxta salafiylar tavhidni uch qismga – “tavhidur rububiyya”, “tavhidul uluhiyya” va “tavhidul asmo vas sifot”ga bo'ladilar. Ularnig izohlashicha,

- Tavhidur rububiyya” – Alloh taoloning Yaratuvchi, Ijodkor va barcha ishlar tadbirini O'zi qilayotganiga ishonish.

- Tavhidul uluhiyya” – Ibodatni - bandalikni yolg'iz Allohgagina qilishdir.

- Tavhidul asmo vas sifot” – Alloh taoloning ismlari va sifatlarida yagonaligi, bular O'zigagina xosligiga iqror bo'lish. Qur'oni karim va sahih hadislarda bayon qilingan Alloh azza va jallaning ism va sifatlariga imon keltirish.

Ularning aytishlaricha “Barcha Payg'ambar alayhimussalomlar insonlarga faqat “tavhidi uluhiyya”ni targ'ib qilish uchun yuborilganlar. “Tavhidi rububiya” borasida esa, nafaqat musulmonlar, balki mushriklar ham unga e'tiqod qiladilar”. Ular o'zlarining gaplariga Alloh taoloning quyidagi oyati karimasini dalil qilib keltiradilar:  

وَلَئِنْ سَأَلْتَهُمْ مَنْ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَسَخَّرَ الشَّمْسَ وَالْقَمَرَ لَيَقُولُنَّ اللَّهُ فَأَنَّى يُؤْفَكُونَ (العنكبوت/61)

Qasamki, agar Siz ulardan: “Osmonlar va Yerni yaratgan, Quyosh va Oyni (o'z toatiga) bo'yin sundirgan zot kim?” – deb so'rasangiz, albatta, ular: “Alloh”, – derlar. Bas, (shunday ekan), qayoqqa burilib ketmoqdalar?!(Ankabut surasi, 61-oyat).

Aslida, tavhidni bunday tarzda uch qismga taqsimlash na Qur'oni karimda, na hadisi shariflarda va avval o'tgan ulamolarimizning so'zlarida uchramaydi. Ushbu taqsitot faqatgina hijriy ettinchi asrda tug'ilgan Taqiyuddin Ahmad ibn Abdulhalim Ibn Taymiyaning ixtiro qilgan dindagi bid'atlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda ushbu taqsimotni asosan salafiy tushunchasidagi kishilar o'z kitoblarida qayd etishadi.

Vaholanki, Payg'ambarimiz alayhissalom bir kishi Islom dinin qabul qilish uchun huzurlariga kelganda “Sen rububiyat tavhidiga e'tiqod qilasan, endi musulmon bo'lishing uchun uluhiyat va ism-sifatlardagi tavhidni qabul qilishing kerak”, demaganlar. Balki “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb kalima keltirishini talab qilganlar. Mana shu shahodat kalimasi bilan kishi musulmon bo'lishi va Qiyomatda jannatga kirishini ta'kidlab o'tganlar.  Abu Muso Ash'ariy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

"أَبشِروا ، و بَشِّروا مَن وراءَكم ، أنه مَن شهِد أن لا إلهَ إلا اللهُ صادقًا دخل الجنَّةَ"

“Hursand bo'linglar va o'zlaringizdan keyingilarga bashorat beringlar: Kimki “Allohdan o'zga iloh yo'q” deb chin dildan guvohlik bersa jannatga kiradi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

"من كان آخرُ كلامهِ لا إله إلا اللهُ دخل الجنة" (رواه أبو داود والحاكم)

“Kimning oxirgi so'zi "Laa ilaha illalloh" bo'lsa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyati).

"مَنْ كَانَ آخِرُ كَلاَمِهِ لاَ إلَهَ إلَّا اللهُ دَخَلَ الجَنَّةَ" (رواه أبو داود)

"Kim Allohdan boshqa iloh yo'qligini bilib vafot etsa, jannatga kiradi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Shu bilan birga, tavhidni uchga bo'lishning xavfi – mushriklarni tavhid ahli sifatida zikr qilish barobarida, musulmonlarni kofir deb e'lon qilishga zamin yaratishida namoyon bo'ladi. Soxta salafiylar mazkur taqsimotga ko'ra anbiyolar, avliyolarni vasila qilib duo qiladigan mo'min-musulmonlarni kofir deb e'lon qiladilar. Salafiylarning da'volariga ko'ra, duoda vasila qilgan kishi – tavhidul uluhiyyaga zid ish qilgan bo'ladi va Alloh taolodan o'zgaga duo qilgan, ibodat qilgan sanaladi.

Salafiylarga ko'ra, duolarida payg'ambarlar va avliyolarni vasila qiladigan musulmonlar go'yoki Alloh taoloni qo'yib payg'ambarlarga ibodat qilgan va bu bilan imondan ajragan bo'ladilar. Chunki ular “uluhiyat tavhidi”ni tark qilgan sanaladilar. Mana shu asossiz vajlar bilan salafiylar musulmonlarni kufrga chiqaradilar. Hatto Muhammad ibn Abdulvahhob haddidan oshib:

"إن كفرهم أشنع من كفر عباد الأوثان"

“U (vasila qiladigan)larning kufri but-sanamlarga sig'inadiganlarning kufridan ko'ra jirkanchroqdir!” degan.

Vaholanki, duoda vasila qilish joizligiga Islom ulamolari joiz ekanini ta'kidlashgan. Bu haqda alohida to'xtalib o'tamiz.

Qolaversa, soxta salafiylar “Tavhid asmo vas sifot”ni kengroq sharhlashda “Tavhid asmo vas sifot”ga  shu ism va sifatlarga to'g'ri ma'no bergan holda ta'vil va tafviz qilmagan holda iymon keltirishdir” deya izohlaydilar. Bu bilan moturidiy va ash'ariylar kabi mutashobih oyat va hadislarni ta'vil yoki tafviz qiladigan musulmonlarni go'yoki ism va sifatlar bobida tavhiddan tashqarida deb izohlaydilar.

Qur'oni karim va hadisi shariflarda “rububiyat” va “uluhiyat” salafiylar da'vo qilgandek alohida ma'nolarda emas, balki bir-birini o'zaro to'ldirib kelgan. Quyida bunga ayrim misollarni keltirib o'tamiz.

  1. Alloh taolo Oli Imron surasida shunday degan:

وَلَا يَأْمُرَكُمْ أَنْ تَتَّخِذُوا الْمَلَائِكَةَ وَالنَّبِيِّينَ أَرْبَابًا أَيَأْمُرُكُمْ بِالْكُفْرِ بَعْدَ إِذْ أَنْتُمْ مُسْلِمُونَ

“(O'sha payg'ambar) sizlarga farishtalar va payg'ambarlarni Rob qilib olishingizni ham buyurmaydi. Axir, musulmon bo'lganingizdan keyin sizlarni kufrga (qaytishlikka) buyurarmidi?!” (80-oyat).

Mufassirlar shayxi deya tanilgan olim Ibn Jarir Tobariy rahimahulloh ushbu oyati karimaning tafsirida shunday deydilar: “Oyatning mazmuni shuki, ey insonlar, Payg'ambar Sizlarga maloikalar va payg'ambarlarni Rob qilib olishingizni buyurmaydi. “Robb” kalimasidan  Allohni qo'yib unga ibodat qilinadigan ilohlar nazarda tutilgan” (“Jomi'ul bayon” tafsiri).  

  1. Alloh taolo boshqa bir oyati karimada Yusuf alayhissalomdan hikoya qilib, shunday deydi:

"يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَأَرْبَابٌ مُتَفَرِّقُونَ خَيْرٌ أَمِ اللَّهُ الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ" (سورة يوسف/39)

“Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman “Robblar” yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi?” (Yusuf surasi, 39-oyat).

Mazkur oyati karimani Alloma Ibn Jarir Tobariy rahimahulloh “Yusuf alayhissalom ushbu gapni zindonga o'zlari bilan birga kirgan ikki yigitga aytganlar. Chunki ulardan biri mushrik edi, shuning uchun uni bu gap bilan Islomga chaqirdilar va ilohlar va butlarga sig'inishni tark etishga da'vat qildilar. Yusuf alayhissalom aytdilarki:“Har xil tarqoq xudolarga, foyda va zarar keltirmaydigan ilohlarga sig'inish yaxshimi yoki qudrati va hukm yuritishida tengi bo'lmagan, hamma narsani bo'ysundirgan, Ungagina ixtiyoriy ravishda yoki beixtiyor tarzda itoat qilingan yagona ilohga sig'inish yaxshiroqmi?!” (“Jomi'ul bayon” kitobi, 16-juz, 104-bet).

E'tibor qilsak, ushbu oyati karimada mushriklar ham bir nechta “Robblar”ga e'tiqod qilgani, bu “tavhidur rububiyya” tushunchasiga zid ekani ma'lum bo'ladi. Aks holda Yusuf alayhissalomning “Turli-tuman “Robblar” yaxshimi” deyishlarida ma'no qolmas edi.

  1. Alloh taolo Fir'avnning gapini naql qilib shunday degan:

"فَقَالَ أَنَا رَبُّكُمُ الْأَعْلَى" (النازعات/24)

“«Men sizlarning oliy Robbingizdirman», – dedi”, (Naziat surasi, 24-oyat).

Ushbu oyatda ta'kidlanganidek, Fir'avn rububiyatni da'vo qilmoqda. Boshqa bir oyatda esa, aynan o'sha Fir'avnni so'zini quyidagi naql qilingan:

"وَقَالَ فِرْعَوْنُ يَا أَيُّهَا الْمَلَأُ مَا عَلِمْتُ لَكُمْ مِنْ إِلَهٍ غَيْرِي" (القصص/38).

“Fir'avn: “Ey, odamlar! Men sizlar uchun o'zimdan boshqa (biror) ilohni bilmasman. Bas, ey, Homon! Loyni pishirib, (g'isht quyib) men uchun bir baland burj (minora) bino qil! Shoyadki, men (uning ustiga chiqib) Musoning ilohini ko'rsam. Men uni yolg'onchilardan deb o'ylamoqdaman”, – dedi” (Qasas surasi, 38-oyat).

Bu oyati karimada esa, Fir'avn uluhiyatni da'vo qilmoqda. Demak, bu bilan “rububiyat” va “uluhiyat” o'rtasida farq yo'q ekani yana bir bor ma'lum bo'lmoqda.

Oyati karimalardan bu kabi dalillarni ko'plab keltirish mumkin. Quyida hadisi shariflardan ayrim dalillarni keltirib o'tamiz.

  1. Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

"ذَاقَ طَعْمَ الْإِيمَانِ مَنْ رَضِيَ بِاللهِ رَبًّا، وَبِالْإِسْلَامِ دِينًا، وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولًا" (رواه الامام مسلم)

“Allohni “Rob” deb, Islomni din deb, Muhammad (alayhissalom)ni Rosul deb rozi bo'lgan kimsa iymon ta'mini tatibdi” (Imom Muslim rivoyat qilganlar).

Agar Ibn Taymiyya iddao qilganidek, mushriklar Allohning rububiyatiga e'tiqod qilishida edi, Payg'ambarimiz alayhissalom  “Allohni “Rob” deb ... rozi bo'lgan kishi imonning ta'mini tatibdi”  demagan bo'lardilar. Chunki u bilan mushrikning o'rtasida farq qolmagan bo'lardi.

  1. Jarir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom mayyit qabrga qo'yilgandan keyingi holat haqida xabar berib, shunday deganlar:

"وَإِنَّهُ لَيَسْمَعُ خَفْقَ نِعَالِهِمْ إِذَا وَلَّوْا مُدْبِرِينَ حِينَ يُقَالُ لَهُ: يَا هَذَا، مَنْ رَبُّكَ وَمَا دِينُكَ وَمَنْ نَبِيُّكَ؟"

(رواه الامام أبو داود)

“Ahli (uni ko'mib bo'lib) ortlariga qaytib ketayotganlarida oyoq tovushlarini eshitadi. Shu paytda unga “Ey Sen, Robbing kim? Dining nima? Payg'ambaring kim?” deyiladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisga ko'ra, qabrdagi odamga farishtalar tomonidan “Robbing kim?” deb savol berishadi. Agar haqiqatda mushriklar ham Alloh taoloni Robb deb e'tiqod qilganlarida, mo'min bilan mushrikni ajratish uchun bu savolni berishdan ma'no qolmasdi. Shuning uchun ham “Robb” va “Iloh” so'zlarini ajratish, mushriklar “Rububiyat”da tavhidda edilar deyish ulkan xatodir.

Ibn Taymiya va uning tarafdorlari hujjat qilib keltirgan “...Agar Siz ulardan: “Osmonlar va Yerni yaratgan, Quyosh va Oyni (o'z toatiga) bo'yin sundirgan zot kim?” – deb so'rasangiz, albatta, ular: “Alloh”, – derlar...” oyati karimaga kelsak, unga jumhur ulamolar shunday javob berishgan: Mushriklar Alloh taoloning borligiga, ularni hamda osmonlaru erni yaratishga qudrati etishiga ishonardilar. Lekin Alloh taolo ularni qayta tiriltirishiga ham qodir ekanini inkor qilishardi. Shuningdek, ular Alloh taolo qudrati etadigan barcha ishda but-sanamlarni ham sherik tutardilar. Shu sababli ham soxta salafiylar da'vo qilganlaridek, na uluhiyatda va na rububiyatda muvahhid sanalmaydilar. Umuman olganda Alloh taologa imon keltirishda uluhiyat va rububyatga ajratishning o'zi shariatda joriy bo'lgan emas.

Hulosa qilib aytganda, tavhidni uch qismga taqsimlash – bid'at tushuncha bo'lib, na Qur'oni karim va na sahih sunnatga va salafi solihlarning so'zlariga muvofiq keladi. Aksincha, Qur'on va sunnatda “rububiyat” va “uluhiyat” tushunchalari o'zaro bir-birini to'ldirib keladi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi

Fatvo markazi bosh mutaxassisi

Abdulatif Tursunov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   43508   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari