Soxta salafiylar tavhidni uch qismga – “tavhidur rububiyya”, “tavhidul uluhiyya” va “tavhidul asmo vas sifot”ga bo'ladilar. Ularnig izohlashicha,
- “Tavhidur rububiyya” – Alloh taoloning Yaratuvchi, Ijodkor va barcha ishlar tadbirini O'zi qilayotganiga ishonish.
- “Tavhidul uluhiyya” – Ibodatni - bandalikni yolg'iz Allohgagina qilishdir.
- “Tavhidul asmo vas sifot” – Alloh taoloning ismlari va sifatlarida yagonaligi, bular O'zigagina xosligiga iqror bo'lish. Qur'oni karim va sahih hadislarda bayon qilingan Alloh azza va jallaning ism va sifatlariga imon keltirish.
Ularning aytishlaricha “Barcha Payg'ambar alayhimussalomlar insonlarga faqat “tavhidi uluhiyya”ni targ'ib qilish uchun yuborilganlar. “Tavhidi rububiya” borasida esa, nafaqat musulmonlar, balki mushriklar ham unga e'tiqod qiladilar”. Ular o'zlarining gaplariga Alloh taoloning quyidagi oyati karimasini dalil qilib keltiradilar:
وَلَئِنْ سَأَلْتَهُمْ مَنْ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَسَخَّرَ الشَّمْسَ وَالْقَمَرَ لَيَقُولُنَّ اللَّهُ فَأَنَّى يُؤْفَكُونَ (العنكبوت/61)
“Qasamki, agar Siz ulardan: “Osmonlar va Yerni yaratgan, Quyosh va Oyni (o'z toatiga) bo'yin sundirgan zot kim?” – deb so'rasangiz, albatta, ular: “Alloh”, – derlar. Bas, (shunday ekan), qayoqqa burilib ketmoqdalar?!” (Ankabut surasi, 61-oyat).
Aslida, tavhidni bunday tarzda uch qismga taqsimlash na Qur'oni karimda, na hadisi shariflarda va avval o'tgan ulamolarimizning so'zlarida uchramaydi. Ushbu taqsitot faqatgina hijriy ettinchi asrda tug'ilgan Taqiyuddin Ahmad ibn Abdulhalim Ibn Taymiyaning ixtiro qilgan dindagi bid'atlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda ushbu taqsimotni asosan salafiy tushunchasidagi kishilar o'z kitoblarida qayd etishadi.
Vaholanki, Payg'ambarimiz alayhissalom bir kishi Islom dinin qabul qilish uchun huzurlariga kelganda “Sen rububiyat tavhidiga e'tiqod qilasan, endi musulmon bo'lishing uchun uluhiyat va ism-sifatlardagi tavhidni qabul qilishing kerak”, demaganlar. Balki “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb kalima keltirishini talab qilganlar. Mana shu shahodat kalimasi bilan kishi musulmon bo'lishi va Qiyomatda jannatga kirishini ta'kidlab o'tganlar. Abu Muso Ash'ariy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
"أَبشِروا ، و بَشِّروا مَن وراءَكم ، أنه مَن شهِد أن لا إلهَ إلا اللهُ صادقًا دخل الجنَّةَ"
“Hursand bo'linglar va o'zlaringizdan keyingilarga bashorat beringlar: Kimki “Allohdan o'zga iloh yo'q” deb chin dildan guvohlik bersa jannatga kiradi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
"من كان آخرُ كلامهِ لا إله إلا اللهُ دخل الجنة" (رواه أبو داود والحاكم)
“Kimning oxirgi so'zi "Laa ilaha illalloh" bo'lsa, jannatga kiradi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyati).
"مَنْ كَانَ آخِرُ كَلاَمِهِ لاَ إلَهَ إلَّا اللهُ دَخَلَ الجَنَّةَ" (رواه أبو داود)
"Kim Allohdan boshqa iloh yo'qligini bilib vafot etsa, jannatga kiradi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Shu bilan birga, tavhidni uchga bo'lishning xavfi – mushriklarni tavhid ahli sifatida zikr qilish barobarida, musulmonlarni kofir deb e'lon qilishga zamin yaratishida namoyon bo'ladi. Soxta salafiylar mazkur taqsimotga ko'ra anbiyolar, avliyolarni vasila qilib duo qiladigan mo'min-musulmonlarni kofir deb e'lon qiladilar. Salafiylarning da'volariga ko'ra, duoda vasila qilgan kishi – tavhidul uluhiyyaga zid ish qilgan bo'ladi va Alloh taolodan o'zgaga duo qilgan, ibodat qilgan sanaladi.
Salafiylarga ko'ra, duolarida payg'ambarlar va avliyolarni vasila qiladigan musulmonlar go'yoki Alloh taoloni qo'yib payg'ambarlarga ibodat qilgan va bu bilan imondan ajragan bo'ladilar. Chunki ular “uluhiyat tavhidi”ni tark qilgan sanaladilar. Mana shu asossiz vajlar bilan salafiylar musulmonlarni kufrga chiqaradilar. Hatto Muhammad ibn Abdulvahhob haddidan oshib:
"إن كفرهم أشنع من كفر عباد الأوثان"
“U (vasila qiladigan)larning kufri but-sanamlarga sig'inadiganlarning kufridan ko'ra jirkanchroqdir!” degan.
Vaholanki, duoda vasila qilish joizligiga Islom ulamolari joiz ekanini ta'kidlashgan. Bu haqda alohida to'xtalib o'tamiz.
Qolaversa, soxta salafiylar “Tavhid asmo vas sifot”ni kengroq sharhlashda “Tavhid asmo vas sifot”ga shu ism va sifatlarga to'g'ri ma'no bergan holda ta'vil va tafviz qilmagan holda iymon keltirishdir” deya izohlaydilar. Bu bilan moturidiy va ash'ariylar kabi mutashobih oyat va hadislarni ta'vil yoki tafviz qiladigan musulmonlarni go'yoki ism va sifatlar bobida tavhiddan tashqarida deb izohlaydilar.
Qur'oni karim va hadisi shariflarda “rububiyat” va “uluhiyat” salafiylar da'vo qilgandek alohida ma'nolarda emas, balki bir-birini o'zaro to'ldirib kelgan. Quyida bunga ayrim misollarni keltirib o'tamiz.
وَلَا يَأْمُرَكُمْ أَنْ تَتَّخِذُوا الْمَلَائِكَةَ وَالنَّبِيِّينَ أَرْبَابًا أَيَأْمُرُكُمْ بِالْكُفْرِ بَعْدَ إِذْ أَنْتُمْ مُسْلِمُونَ
“(O'sha payg'ambar) sizlarga farishtalar va payg'ambarlarni Rob qilib olishingizni ham buyurmaydi. Axir, musulmon bo'lganingizdan keyin sizlarni kufrga (qaytishlikka) buyurarmidi?!” (80-oyat).
Mufassirlar shayxi deya tanilgan olim Ibn Jarir Tobariy rahimahulloh ushbu oyati karimaning tafsirida shunday deydilar: “Oyatning mazmuni shuki, ey insonlar, Payg'ambar Sizlarga maloikalar va payg'ambarlarni Rob qilib olishingizni buyurmaydi. “Robb” kalimasidan Allohni qo'yib unga ibodat qilinadigan ilohlar nazarda tutilgan” (“Jomi'ul bayon” tafsiri).
"يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَأَرْبَابٌ مُتَفَرِّقُونَ خَيْرٌ أَمِ اللَّهُ الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ" (سورة يوسف/39)
“Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman “Robblar” yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi?” (Yusuf surasi, 39-oyat).
Mazkur oyati karimani Alloma Ibn Jarir Tobariy rahimahulloh “Yusuf alayhissalom ushbu gapni zindonga o'zlari bilan birga kirgan ikki yigitga aytganlar. Chunki ulardan biri mushrik edi, shuning uchun uni bu gap bilan Islomga chaqirdilar va ilohlar va butlarga sig'inishni tark etishga da'vat qildilar. Yusuf alayhissalom aytdilarki:“Har xil tarqoq xudolarga, foyda va zarar keltirmaydigan ilohlarga sig'inish yaxshimi yoki qudrati va hukm yuritishida tengi bo'lmagan, hamma narsani bo'ysundirgan, Ungagina ixtiyoriy ravishda yoki beixtiyor tarzda itoat qilingan yagona ilohga sig'inish yaxshiroqmi?!” (“Jomi'ul bayon” kitobi, 16-juz, 104-bet).
E'tibor qilsak, ushbu oyati karimada mushriklar ham bir nechta “Robblar”ga e'tiqod qilgani, bu “tavhidur rububiyya” tushunchasiga zid ekani ma'lum bo'ladi. Aks holda Yusuf alayhissalomning “Turli-tuman “Robblar” yaxshimi” deyishlarida ma'no qolmas edi.
"فَقَالَ أَنَا رَبُّكُمُ الْأَعْلَى" (النازعات/24)
“«Men sizlarning oliy Robbingizdirman», – dedi”, (Naziat surasi, 24-oyat).
Ushbu oyatda ta'kidlanganidek, Fir'avn rububiyatni da'vo qilmoqda. Boshqa bir oyatda esa, aynan o'sha Fir'avnni so'zini quyidagi naql qilingan:
"وَقَالَ فِرْعَوْنُ يَا أَيُّهَا الْمَلَأُ مَا عَلِمْتُ لَكُمْ مِنْ إِلَهٍ غَيْرِي" (القصص/38).
“Fir'avn: “Ey, odamlar! Men sizlar uchun o'zimdan boshqa (biror) ilohni bilmasman. Bas, ey, Homon! Loyni pishirib, (g'isht quyib) men uchun bir baland burj (minora) bino qil! Shoyadki, men (uning ustiga chiqib) Musoning ilohini ko'rsam. Men uni yolg'onchilardan deb o'ylamoqdaman”, – dedi” (Qasas surasi, 38-oyat).
Bu oyati karimada esa, Fir'avn uluhiyatni da'vo qilmoqda. Demak, bu bilan “rububiyat” va “uluhiyat” o'rtasida farq yo'q ekani yana bir bor ma'lum bo'lmoqda.
Oyati karimalardan bu kabi dalillarni ko'plab keltirish mumkin. Quyida hadisi shariflardan ayrim dalillarni keltirib o'tamiz.
"ذَاقَ طَعْمَ الْإِيمَانِ مَنْ رَضِيَ بِاللهِ رَبًّا، وَبِالْإِسْلَامِ دِينًا، وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولًا" (رواه الامام مسلم)
“Allohni “Rob” deb, Islomni din deb, Muhammad (alayhissalom)ni Rosul deb rozi bo'lgan kimsa iymon ta'mini tatibdi” (Imom Muslim rivoyat qilganlar).
Agar Ibn Taymiyya iddao qilganidek, mushriklar Allohning rububiyatiga e'tiqod qilishida edi, Payg'ambarimiz alayhissalom “Allohni “Rob” deb ... rozi bo'lgan kishi imonning ta'mini tatibdi” demagan bo'lardilar. Chunki u bilan mushrikning o'rtasida farq qolmagan bo'lardi.
"وَإِنَّهُ لَيَسْمَعُ خَفْقَ نِعَالِهِمْ إِذَا وَلَّوْا مُدْبِرِينَ حِينَ يُقَالُ لَهُ: يَا هَذَا، مَنْ رَبُّكَ وَمَا دِينُكَ وَمَنْ نَبِيُّكَ؟"
(رواه الامام أبو داود)
“Ahli (uni ko'mib bo'lib) ortlariga qaytib ketayotganlarida oyoq tovushlarini eshitadi. Shu paytda unga “Ey Sen, Robbing kim? Dining nima? Payg'ambaring kim?” deyiladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisga ko'ra, qabrdagi odamga farishtalar tomonidan “Robbing kim?” deb savol berishadi. Agar haqiqatda mushriklar ham Alloh taoloni Robb deb e'tiqod qilganlarida, mo'min bilan mushrikni ajratish uchun bu savolni berishdan ma'no qolmasdi. Shuning uchun ham “Robb” va “Iloh” so'zlarini ajratish, mushriklar “Rububiyat”da tavhidda edilar deyish ulkan xatodir.
Ibn Taymiya va uning tarafdorlari hujjat qilib keltirgan “...Agar Siz ulardan: “Osmonlar va Yerni yaratgan, Quyosh va Oyni (o'z toatiga) bo'yin sundirgan zot kim?” – deb so'rasangiz, albatta, ular: “Alloh”, – derlar...” oyati karimaga kelsak, unga jumhur ulamolar shunday javob berishgan: Mushriklar Alloh taoloning borligiga, ularni hamda osmonlaru erni yaratishga qudrati etishiga ishonardilar. Lekin Alloh taolo ularni qayta tiriltirishiga ham qodir ekanini inkor qilishardi. Shuningdek, ular Alloh taolo qudrati etadigan barcha ishda but-sanamlarni ham sherik tutardilar. Shu sababli ham soxta salafiylar da'vo qilganlaridek, na uluhiyatda va na rububiyatda muvahhid sanalmaydilar. Umuman olganda Alloh taologa imon keltirishda uluhiyat va rububyatga ajratishning o'zi shariatda joriy bo'lgan emas.
Hulosa qilib aytganda, tavhidni uch qismga taqsimlash – bid'at tushuncha bo'lib, na Qur'oni karim va na sahih sunnatga va salafi solihlarning so'zlariga muvofiq keladi. Aksincha, Qur'on va sunnatda “rububiyat” va “uluhiyat” tushunchalari o'zaro bir-birini to'ldirib keladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi
Fatvo markazi bosh mutaxassisi
Abdulatif Tursunov
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati