Ulomolar bid'atni ikki qismga bo'lganlar:
bid'ati hasana (yahshi bid'at amal) va bid'ati sayyia (yomon bid'at amal)(Nuhzatul muttaqiyn,1 juz, 160 bet).
Bid'ati hasana (yaxshi bid'at) deb shariatda asli bo'lgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qushimcha amallarga aytiladi. Bunga Hazrat Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu.)ning ishlarini misol qilish mumkin. U kishi Ramazon oyida o'qiladigan taroveh namozini imomga iqtido qilib, jamoat bilan o'qishni joriy qilganlar. Aslida sunnat amal bo'lgan taroveh namozini Rasulullox (sollallohu alayhi vasallam.) jamoat bilan uqimas edilar. Hazrati Umar (roziyallohu anhu.) esa, xalifalik davrlarida uni jamoat bilan o'qishni joriy qildilar va: "Kanday yaxshi bid'at bo'ldi" dedilar. Shunga binoan diniy ilmlar o'rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, mavlud o'qish va shunga o'xshash din asoslariga zid bo'lmagan amallar bid'ati hasana bo'ladi. Allohga taqarrub hosil qilish maqsadida biror aslga suyanib qilingan har qanday amal lug'aviy jixatdan bid'at deb nomlansada, unga amal qilish joiz bo'ladi va u zalolatga boshlamaydi.
Bid'ati sayyia (yomon bid'at) esa, shar'iy aslga ega bo'lmagan biror narsani joriy qilish yoki shar'iy aslga xilof ravishda ayricha talqin qilishdir. Bid'ati sayya ko'pincha e'tiqod masalalariga taalluqli bo'lib,shariaat ko'rsatgan e'tikoddan chetga chiqish, e'tiqodiy masalalarda g'uluvga ketishdir. Imom Molik (rahmatullohi alayhi.)dan bir kishi Qur'oni karimdagi:
"(U) Arsh uzra "mustaviy" bo'lmish Rahmondir" (Toho,5) oyatidagi "mustaviy" so'zining kayfiyati haqida suraganida, u kishi: "Mustaviy"ning ma'nosi ma'lum. lekin uning kayfiyati noma'lum, ammo bu xaqda savol berish bid'atdir, deganlar va u kishini majlisdan haydab yuborishga buyurganlar. Oyatdagi "mustaviy bo'ldi"
iborasi tik turdi, to'g'ri bo'ldi, chiqib joylashdi, egalladi kabi ma'nolarni bildiradi. Bulardan qaysi biri to'g'ri yoki noto'g'riligi ustida va Allohning qanday kayfiyatda mustaviy bo'lishi haqida fikir yuritib g'uluvga ketish ayni bid'ati sayyiadir. Bu kabi oyatlarga faqat imon keltirib, Allohdan ekanligini tasdiqlab qo'yishning o'zi kifoyadir.
Ulomolar bid'at ahli bilan o'tirish, ular bilan hamsuhbat bo'lishdan qaytarganliklari haqida asarlarda keltirilgan. Juladan, Hasan Basriy (rahmatullohi alayhi.) "Bidi'atchi fosiq bilan o'tirma, aks holda qalbing uning gapiga moil bo'ladi va natijada halok bo'lasan.
Unga qarshi chiqqan taqdiringda, qalbingga maraz kiradi", deganlar.
Yahyo ibn Kasiyr esa: Agar yo'lda bidi'atchiga yo'liqib qolsang, boshqa yo'lga burilib ket, deganlar.
Orifhon Imomov To'raqo'rg'on tuman "Ho'ja Kalon Abdulmoniy" masjidi imom xatibi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati