Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

QUR_''ONI KARIM TILOVATIDA BASMALA

20.02.2023   13968   3 min.
QUR_''ONI KARIM TILOVATIDA BASMALA

Basmala – buبِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِdir, Qur'on o'qimoqchi bo'lgan kishi tilovatga kirishishdan avval basmala aytishi lozimdur.

Alloh taolo o'z rasuliga shunday amr etgan: “O'qi (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbing ismi bilan!” (A'laq, 1).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Avvali Allohning ismi ila boshlanmagan har bir ish, oxiri yaxshilik ila tugamaydigan ishdir”, deganlar, (Imom Ahmad rivoyati).

Basmalani aytish Alloh taoloning buyrug'iga va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishdir.

Basmala isti'ozadan keyin, oyatdan avval o'qiladi. Faqatgina “Tavba” surasining boshida o'qilmaydi. Sababi, mushaflarda shunday kelgan. Yana bir sababi shuki, basmalada rahmat, mehr ma'nosi bor. “Tavba” surasi esa, urush, shiddat, mushriklarga nisbatan qattiqlik haqidadir. Yana boshqa bir sababi, “Tavba” surasi o'zidan avvalgi “Anfol” surasining davomi, ya'ni, bu ikki sura aslida bitta sura ekanligi ehtimoli ham bor.

Istioza, basmala va suraning boshini o'qilishi

  1. Hammasini qo'shib o'qish, ya'ni istioza, basmala va suraning boshini bir nafasda orasini uzmay, bir-biriga qo'shib o'qish.
  2. Hammasini alohida-alohida o'qish, ya'ni istiozani o'qib, to'xtab, nafas olib, keyin basmalani o'qib, to'xtab, nafas olib, keyin suraning boshini o'qish.
  3. Istioza va basmalani qo'shib, bir nafasda o'qib, to'xtab, suraning boshini alohida o'qish.
  4. Istiozani o'zini o'qib, to'xtab, basmala va sura boshini bir-biriga qo'shib, bir nafasda o'qish.

Sura oxiri, basmala va keyingi suraning boshini o'qilishi

Ya'ni bir surani tamomlab, keyingi suraga o'tmoqchi bo'lganimizda, quyidagi uch yo'ldan birini tanlashimiz mumkin:

  1. Hammasini alohida-alohida o'qish. Avvalgi suraning oxirgi oyatini o'qib, to'xtab, basmalani alohida o'qib olib, keyin suraning boshini o'qish.
  2. Hammasini qo'shib o'qish. Suraning oxiri, basmala va suraning boshini bir nafasda qo'shib o'qish.
  3. Suraning oxirini o'qib, to'xtab, basmalaga keyingi suraning boshini qo'shib o'qish.

Bunda to'rtinchi ko'rinish yo'q, ya'ni suraning oxirini basmalaga qo'shib o'qib, to'xtab, keyingi suraning boshi o'qilmaydi, chunki basmala suraning oxirgi oyatiga o'xshab qoladi. Basmala suraning boshida o'qish uchundir, oxirida emas.

“Anfol” surasining oxirini va “Tavba” surasining boshini o'qilishi:

  1. “Anfol” surasining oxirini “Tavba” surasining boshiga qo'shib, bir nafasda o'qish.
  2. “Anfol” surasini tugatib, to'xtab, “Tavba” surasini boshlash.
  3. Sakta qilish. Ya'ni “Anfol” surasining oxirgi oyati va “Tavba” surasining boshini nafas olmay, to'xtab, sakta qilib o'qish.

Mulohaza: Biz istioza, basmala va sura boshi haqida gapirib o'tdik. Agar suraning boshidan emas, o'rtasidan o'qilmoqchi bo'linsa, istioza, basmala va qasd qilingan oyat o'qiladi.

“Tavba” surasining o'rtasidan o'qilmoqchi bo'lsa, istiozaning o'zi bilan kifoyalanib, basmalani o'qimagan durust.

Mir Arab o'rta maxsus islom bilim yurti o'qituvchisi
Abdusamad Tojiddinov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

26.08.2026   11376   2 min.
«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

 «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.

Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.

Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.

Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
 
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari