Hizbut-tahrir oqimi oxirgi asrda Islom dushmanlari tomondan musulmon jamiyatlarini parchalab tashlash uchun qurilgan diniy-siyosiy oqimdir. Rahnamolari asosan g'arb mamlakatlaridan panoh topuvchi bu toifaning muassisi Taqiyuddin Nabhoniy (1909-1977) bo'lib, u 1948-yili guruhga asos solgan.
Oqim a'zolarining e'tiqodlari bir-biridan ajabtovur darajada farq qiladi. Mazhabsizlikka qattiq berilishgan. Asosiy maqsadlari—Islom xalifaligini qayta tiklashga urinish va shu harakatda birlashishga targ'ib qilishdir. Bu ularning eng zarur aqidaviy va amaliy mashg'ulotlari bo'lib, go'yo ular uchun xalifalik tuzish namoz, ro'za, zakot va haj kabi islom arkonlaridan ham muhimroqdek tus olgan.
Halifalikni zoye qilgan sabablarni o'rganib uning muolajasi va o'z nafslarining islohoti bilan shug'ullanish o'rniga, davlat to'ntarishi, sultonga qarshi chiqish, mavjud tuzum rahbariyatiga bo'ysunmaslik, xalqni davlatga qarshi gij-gijlash kabi ishlarga zo'r berishadi.
Hizb uchun siyosatdan boshqa sohalar hatto diniy bo'lsa ham, doim ikkinchi darajali bo'lib kelgan. Hatib va da'vatchilari ham xalqqa aksar holda siyosatdan nutq qilishadi. Halqda norozilik kayfiyatini paydo qilish, isyonkorlik ruhiyatini singdirish kabi fitnali mavzularga ko'proq urg'u berishadi. Ular shu yo'l bilan o'zlarining fiqh, aqida, tafsir, hadis kabi Islomda asosiy o'rin tutgan fanlardan o'noq ekanliklarini yashirib kelishadi.
Hizbchilarning o'zaro aqidaviy birlik va chuqur diniy ilmdan mosuvoliklari ularni dunyo hukmronligini ko'zlagan tashqi kuchlar qo'lida o'yinchoq bo'lishlariga sabab bo'lib keladi. Faoliyat ko'rsatgan mintaqalarida asosan, kuchlar muvozanati va dunyo siyosatidan bexabar qiziqqon yoshlarni saflariga jalb qilishga muvaffaq bo'lishgan. Ularning siyosat ilmida ham no'noq bo'lishlari ko'pdan ko'p fitnalarni uyg'otishlariga sabab bo'ldi. Shundoq ham qo'l ostidagi musulmonlarni yo'qotish haqida bosh qotirib, qulay fursat kutib turgan g'araz niyatli kuchlarga hizbut-tahrirchilar o'sha fursatni ikki qo'llab taqdim qilishdi. Natijada Islom dini va musulmon jamiyatlariga faqat ziyon va nadomat keltirdilar xolos.
Hizbchilar ilmsiz bo'lgani uchun aqida va fiqh masalalarida jiddiy va qo'pol xatolarga yo'l qo'ygan. Masalan,
Behayo suratlarni tomosha qilish joiz.
Begona ayolni shahvat bilan yoki shahvatsiz o'pish joiz.
Ikki qutbda yashovchilardan namoz va ro'za soqit bo'ladi.
Hizbut tahrir oqimining mana shunga o'xshagan umuman dinimiz qonun-qoidalirga to'g'ri kelmaydigan ko'plab “fatvolari” va da'volari mavjud.
Hozirgi kunimizda “Yomg'irdan keyingi qo'zi qorinday” ko'payib ketayotgan turli firqalar, toifalar, hizblar va bemazhablar Ahli sunna val jamoa e'tiqodi bo'yicha tan olingan to'rt fiqhiy mazhablarning biriga xossatan Hanafiy mazhabiga amal qilgan holda ibodatlarini ado etayotgan musulmonlarni fitnaga solish va to'g'ri yo'ldan adashtirib o'zlarining noto'g'ri g'arazli g'oyalarining qurboniga aylantirish uchun turli uslublardan foydalanadilar.
Shunday ekan, har birimiz bunday buzg'unchi oqim a'zolaridan o'zimizni va farzandlarimizni ehtiyot qilmog'imiz ayni muddaodir.
Kosonsoy tumani "Abdulhayxon" jome masjidi
imom xatibi: Yo'ldoshev Isoqjon
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati