“Ishorai sabboba” – bu namozda tashahhudning “Laa ilaaha illalloohu” kalimasini aytish chog'ida o'ng qo'lning ko'rsatkich barmog'ini yuqoriga ko'tarishga aytiladi. Ko'rsatkich barmoq arab tilida “sabboba” deyiladi. Mazkur ishora ushbu barmoq bilan bajarilgani uchun “ishorai sabboba” deb nomlangan. Bu kalima nafiy va isbotni o'z ichiga olgan bo'lib, ishora ham shu ikkisini o'z ichiga olishi kerak. Uning ko'rinishi barmoqlardan o'rta, jimjiloq va nomsiz barmoqni bukib, bosh barmoqning boshini o'rta barmoqning chetiga qo'yiladi va ko'rsatkich barmoq bilan tashahhuddagi “La ilaha” jumlasini aytganda ko'tarib, “Illalloh”da tushiriladi. Ya'ni, “iloh yo'q” degan jumlalarni talaffuz qilish asnosida ishora qilib, “Faqatgina yolg'iz Alloh bor” jumlasini talaffuz qilishda ko'rsatkich barmoq tushurilgan bo'ladi va bu bilan so'z bilan fe'lni o'rtasi bir-biriga muvofiq bo'lishi ta'minlangan hisoblanadi. Ibn Raslon aytishicha, bu bilan Allohning yakkayu yagonaligi banda e'tiqodida, so'zida, harakatida jamlanadi.
Ishorai sabboba namozdagi sunnat amallardan ekaniga hanafiylarning aksar ulamolari, shuningdek, molikiy, shofi'iy, hanbaliy mazhablarining ulamolari ittifoq qilishgan. Ba'zi hanafiy ulamolar esa ishorai sabbobani makruh deganlar. Bu masalada hanafiy mazhabidagi keyingi ulamolarimiz “Har kimning ustozi ishorai sabbobani qilishni o'rgatgan bo'lsa, qilsin, aks holda uni qilmasin. Muhimi ixtilofga sabab bo'lmasin”, deb tavsiya qilganlar.
Har narsada ixtilof chiqarishni o'zlariga odat qilib olgan soxta salafiylar ushbu masalada ham jumhurga xilof qilishgan. Ular namozda ishorai sabboba qilganda barmoqlarini tinimsiz qimirlatishlari ko'zga tashlanadi. Hatto bu bilan yon-atroflaridagi namozxonlarning ham xushusiga salbiy ta'sir qiladilar. Salafiylarning ko'zga ko'ringan olimlaridan biri Muhammad Nosiriddin Alboniy o'zining “Nabiy sallallohu alayhi vasallamning namozlarining sifati” nomli risolasida ishorai sabbobada barmoqni qimirlatishga targ'ib qilib, shunday degan: “Tashahhudda salom berilgungacha doimiy ravishda ishora qilib, barmoqni qimirlatish sunnatdir. Chunki duo salomgacha (yoki tashuhhudning oxirigacha) qilinadi. Bu Imom Molik va boshqalarning mazhabi”.
Soxta salafiylarning yana bir taniqli olimi Ibn Usaymiyn o'zining “Sharhul-mumti'” nomli kitobi (3-juz, 202-bet)da tashahhudda ishora barmog'ini qimirlatib turish haqida “Har duo qilgan paytingda, duo qilinmish Zotning oliyligiga ishora o'laroq, barmog'ingni qimirlatasan. Biz ham shunday qilishni ma'qul ish deb bilamiz”, degan.
Ular o'zlarining da'volariga quyidagi yagona rivoyatni dalil qilib keltiradilar:
عن وائل بن حجر قال : " ثم رفع إصبعه فرأيته يحركها يدعو بها " رواه أحمد والنسائي
Voil ibn Hujr raziyallohu anhu: “... Barmoqlarini ko'tarib uni harakatlantirar, u bilan duo qilardilar”, deganlar (Imom Ahmad va Imom Nasaiy rivoyat qilgan).
Salafiylar o'zlarining da'volariga ushbu hadisdan boshqa sahih hadis yo'q. Mazkur hadis sanad jihatdan sahih bo'lsada jumhur ulamolar tomonidan uni qabul qilinmasligiga bir qancha asoslar bor. Buni quyida batafsil o'rganib chiqamiz.
Aslida esa, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ishorai sabboba qilganlarida ko'rsatgich barmoqlari bilan ishora qilar va uni harakatlantirmas edilar. Bunga quyidagi hadis dalil bo'ladi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ الزُّبَيْرِ أَنَّ النَّبِىَّ كَانَ يُشِيرُ بِأُصْبُعِهِ إِذَا دَعَا وَلاَ يُحَرِّكُهَا.
Abdulloh ibn Zubayr raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam (tashahhudda) duo qilsalar (ko'rsatgich) barmoqlari bilan ishora qilar va uni harakatlantirmas edilar” (Imom Nasaiy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisning sanadini Imom Navaviy sahih deganlar. Mulla Ali Qori rahimahulloh mazkur hadis sharhida shunday deydilar: “Hadisdagi “duo qilsalar”dan murod tashahhud duosini o'qisalar, deganidir. Chunki tashahhud o'z ichiga duoni ham qamrab olgani sababli, uni duo deyish mumkin” (“Mirqotul mafotiyh” kitobi, 3-juz, 454-bet).
Bu hadisi sharif barmoqni faqatgina bir marta ko'tarib, ishorada barmoqni qimirlatmaslik kerakligiga ochiq oydin dalolat qilmoqda. Qolaversa, namozda barmoqni qimirlatish behuda ish bo'lib, namozda behuda ish qilish makruhdir.
Salafiylar dalil qilgan hadis – shoz hadisdir
“Shoz” so'zi lug'atda “odatdan tashqari” ma'nosini anglatadi. Muhaddislar istilohida “shoz hadis” deganda – rivoyati maqbul bo'lgan roviy o'zidan ko'ra maqbulroq bo'lgan roviyga muxolif (qarshi) tarzda rivoyat qilgan hadis tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, xotirasi va eslab qolishi mustahkam bo'lgan roviylarning rivoyatiga tamoman zid bo'lgan boshqa bir yolg'iz rivoyatdir. Muhaddis ulamolarga ko'ra shoz hadis rad qilingan, unga amal qilinmaydigan hadislar qatorida sanaladi.
Biz o'rganayotgan tashahhudda ishora barmog'ini qimirlatish hadisi ham ana shunday shoz hadislardan sanaladi. Chunki Payg'ambarimiz alayhissalom ishorai sabboba qilganlari haqida yigirmadan ortiq sahobadan hadis rivoyat qilingan bo'lsa, Voil ibn Hujr raziyallohu anhudan boshqa birorta sahoba ko'rsatkich barmog'ini qimirlatish haqida biror og'iz aytilmagan.
Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyati shoz ekanini birinchilardan bo'lib mashhur muhaddis olim, Imom Buxoriyning shogirdlaridan biri Imom Ibn Huzayma (hij. 311 yilda v.e.) rahmatullohi alayh aytib o'tganlar. U zot o'zlarining sahih to'plamlarida salafiyylar o'zlariga hujjat qilayotgan Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning mazkur hadislarini keltirib, shunday deydilar: “Voil ibn Hujrning shu rivoyatidan boshqa birorta rivoyatda ham “barmoqlarini harakatlantirar edilar” jumlasi yo'q. Ushbu qo'shimcha (roviylardan biri) Zoid ibn Qudoma tomonidan qo'shib, zikr qilingan” (“Sahih ibn Huzayma” 1-juz, 354-beti).
Aksincha, Abdulloh ibn Zabayr raziyalloh anhudan naql qilingan sahih hadisda Nabiy alayhissalom tashahhudda barmoqlarini qimirlatmaganlari ochiq oydin aytilgan:
عن ابْنِ الزُّبَيْرِ : أَنَّهُ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُشِيرُ بِالسَّبَّابَةِ وَلَا يُحَرِّكُهَا (أَخْرَجَهُ أَبُو دَاوُد وَالنَّسَائِيُّ وأَحْمَدُ).
Ibn Zubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam sabboba barmoqlari bilan ishora qilar va uni qimirlatmas edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Nasaiy va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).
Shunisi qiziqki, ishorai sabbobada ko'rsatkich barmoqni qimirlatish borasidagi hadisning shoz rivoyat ekanini salafiylarning olimlaridan biri, Yamanlik Shayx Muqbil ibn Hodiy al-Vadoiy ham tan olgan. U o'zining “Al-Jomi' as-Sahih” asarida Voil Ibn Hujrdan naql qilingan hadisni zikr qilib, shunday degan:
هذا الحديث يدل على الإشارة بالأصبع, وأما التحريك فقد تفرد به زائدة بن قدامة, وقد خالف أربعة عشر راوياً: ...كلهم رووه عن عاصم بن كليب ولم يذكروا فيه التحريك .ورواه من الصحابة: عبد الله بن الزبير, وعبد الله بن عمر, وأبو حميد الساعدي, وأبو هريرة, وسعد بن أبي وقاص, وابن عباس, وخفاف بن إيماء.كلهم لم يذكروا التحريك .فعلم بهذا أن رواية زائدة شاذة
“Bu hadis barmoq bilan ishora qilishga dalolat qiladi. Ammo barmoqni qimirlatish (hadis roviysi) Zoid ibn Qudoma tomonidan yolg'iz rivoyat qilingandir. U bu bilan hadisni o'n to'rtta roviyga zid ravishda rivoyat qilgan. ... Ularning barchasi Osim ibn Kulaybdan ushbu hadisni rivoyat qilishgan bo'lib, tashahhudda barmoqni qimirlatishni zikr qilishmagan. Sahobalardan Abdulloh ibn Zubayr, Abdulloh ibn Umar, Abu Humayd as-Soidiy, Abu Hurayra, Sa'd ibn Abi Vaqqos, Ibn Abbos, Hufof ibn Aymo'lar ishorai sabboba haqida hadis rivoyat qilishgan bo'lsa, ularning birortasi barmoqni qimirlatish haqida biror narsa zikr qilishmagan. Demak, bundan ma'lum bo'ladiki, Zoida ibn Qudomaning rivoyati shozdir” (2-juz, 121-bet).
Demak, soddaroq qilib aytganda sahoba Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning hadislarini Osim ibn Kulayb ismli kishi otasidan rivoyat qilgan. Osim ibn Kulaybdan esa o'n besh kishi o'sha hadisni eshitib o'zlaridan keyingilarga rivoyat qilishgan. Shu o'n besh kishidan faqat Zoid ibn Qudoma ismli roviy o'zining sheriklariga xilof ravishda “barmoqlarini harakatlantirar edilar”, jumlasini qo'shib rivoyat qilgan. Bu bilan u o'zidan ko'ra zehnda ustun va rivoyatga e'tiborli bo'lgan o'n to'rtta roviy zikr qilmagan jumlani qo'shib aytgan. Buni ilmiy tilda shoz rivoyat deyiladi va ko'pchilik roviyning hadisini qabul qilib, yagona roviyning farqli rivoyatini adashganlik ehtimoli bo'lgani sababli rad qilinadi.
Shunga qaramasdan bizning diyorimizdagi o'zlarini salafiylikka mansub deb biladigan ayrim kishilar ulamolar tomonidan rad etilgan rivoyatga suyangan holda tashahhudda ko'rsatkich barmoqlarini qimirlatishni sunnat deb hisoblaydilar.
Voil ibn Hujr (r.a.)ning rivoyatini boshqa sahobalarning
rivoyati bilan jamlash mumkin
Salafiylar dalil qilgan Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyatlarini maqbul deya faraz qilganimizda ham uni boshqa sahobalarning rivoyatlariga muvofiqlashtirish mumkin. Zero, usulul fiqhdagi qoidaga ko'ra, agar naqliy dalillarda o'zaro ziddiyat yuzaga kelsa, avvalo uni jamlashga, ularni o'zaro muvofiqlashtirishga harakat qilinadi. Bu ulamolar tomonidan ta'kidlangan:
" الجمع مقدَّم على الترجيح"
“(O'zaro zid dalillarni) jamlashlik birini ikkinchisidan ustun qo'yishdan muqaddamdir” qoidasiga hamda:
"الإعمال أولى من الإهمال"
“Dalilga amal qilish uni tashlab qo'yishdan avlodir” qoidasiga ko'radir.
Jumhur ulamolar “Voil ibn Hujr raziyallohu anhuning rivoyatida nazarda tutilgan ishorai sabbobada barmoqni harakatlantirishdan murod, uni ishora uchun ko'tarish va yana o'z o'rniga tushurishdir. Zero, barmoq bilan ishora qilish uchun ham uni harakatlantirish kerak bo'ladi, ya'ni barmoqni yuqoriga ko'tarish va o'z o'rniga qaytarish bilan ishora yuzaga keladi. Shunda ushbu rivoyat boshqa o'nlab sahobalarning rivoyati bilan bir xil ma'noni kasb etadi”, deydilar.
Mashhur muhaddis olim Imom Abu Bakr Bayhaqiy rahimahulloh o'zlarining “Sunanul kubro” asarlarida mazkur hadisni naql qilib keltirgandan keyin, shunday deydilar:
يحتمل أن يكون المراد بالتحريك الإشارة بها لا تكرير تحريكها، فيكون موافقـًا لرواية ابن الزبير
“(Hadisda) Barmoqni qimirlatishdan – u bilan ishora qilish ma'nosi ko'zlangan bo'lishi mumkin. Uni harakatlantirib turish emas. Shundagina u Ibn Zubayrning rivoyati[1]ga muvofiq bo'ladi” (2-juz, 231-bet).
Imom Bayhaqiyning gaplarini Alloma Shavkoniy ham o'zlarining mashhur “Naylul avtor” nomli kitoblarida qo'llaydilar va shunday deydilar:
ومما يرشد إلى ما ذكره البيهقي رواية أبي داود لحديث وائل فإنه بلفظ أشار بالسبابة
“Bayhaqiy aytib o'tgan gapga Abu Dovudning Voil (r.a.)dan naql qilgan hadisi ham dalolat qiladi. Unda “ko'rsatkich barmoqlari bilan ishora qildilar” deyilgan (ya'ni, “qimirlatardilar” jumlasisiz kelgan)” (2-juz, 316-bet).
Alloma Kandehlaviy o'zlarining “Avjazul masolik” nomli asarlarida Shayx Salomulloh hanafiydan quyidagilarni naql qilib keltiradilar: “Hadisdagi “barmoqlarini harakatlantirardilar” jumlasidan murod muborak barmoqlarini ko'tarishlari tushuniladi xolos. Shundagina “Barmoqlari bilan ishora qilar edilar va qimirlatmasdilar”, deya naql qilingan boshqa rivoyatlar bilan muvofiq bo'ladi” (2-juz, 117-bet).
Ulamolardan Mulla Ali Qori “Mirqotul mafotih”da, Shamsulhaq Azim Obodiy “Avnul ma'bud”da, Muhammad Abdurrohman Muborakfuriy “Tuhfatul ahvaziy”da hamda bundan boshqa ulamolar ham o'zlarining asarlarida ikki hadis o'rtasini mana shunday muvofiqlashtirishganini ko'rishimiz mumkin. Bundan salafiylar dalil qilayotgan yagona rivoyat ham aslida jumhur ulamolar tutgan yo'lni qo'llab-quvvatlayotgani ma'lum bo'ladi.
Ishorai sabbobada ko'rsatkich barmoqni qimirlatish
sahobalarning amaliga ziddir
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlariga sahobalardan ko'ra harisroq kishi bo'lmagani barchaga kundek ravshan. Bu borada sahobalar erishgan ulug' martabaga ulardan keyin hech bir kishi erisha olmaydi. Agar biz hadis manbalarini sinchkovlik bilan o'rganadigan bo'lsak, mashhur sahobalardan ishorai sabbobada barmoqni qimirlatmaganlariga ochiq-oydin misollarni topishimiz mumkin.
عن نافع عن ابن عمر أنه كان يضع يده اليمنى على ركبته اليمنى ويده اليسرى على ركبته اليسرى ويشير بإصبعه ولا يحركها، ويقول: إنها مذبة الشيطان، ويقول:" كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يفعله"، (رواه ابن حبان ، هذا حديث حسن صحيح متصل).
Nofe'dan rivoyat qilinadi: “Ibn Umar (tashahhudda) o'ng qo'lini o'ng tizzasiga qo'yar, chap qo'lini chap tizzasiga qo'yar edi. Barmog'i bilan ishora qilib, uni qimirlatmasdi va: “Bu (ishora qilish) Shaytonni haydovchidir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar”, - der edi” (Ibn Hibbon sahih sanad bilan rivoyat qilgan).
Huddi shu kabi rivoyat mashhur sahoba Urva ibn Zubayr raziyallohu anhudan o'g'illari tomonidan naql qilingan.
عن هشام بن عروة أن أباه كان يشير بإصبعه في الدعاء ولا يحركها
Hishom ibn Urvadan rivoyat qilinadi: “Uning otasi (tashahhudda) duo qilganida barmog'i bilan ishora qilar va uni qimirlatmas edi” (Imom Ibn Abi Shayba rivoyati).
Ushbu rivoyatdagi duodan murod tashahhudni o'qish nazarda tutilmoqda. Tashahhud ham bir ma'noda duoni o'z ichiga olgani sababli, uni ham duo deyish keng tus olgan. Buni Mulla Ali Qori, Muborakfuriy va undan boshqa ko'plab ulamolar aytib o'tishgan.
Imom Ibn Abi Shayba o'zlarining “Al-Musannaf” nomli kitoblarida yana bir sahoba Qays ibn Sa'd raziyallohu anhudan ishorai sabbobada barmoqni qimirlatmaslik haqida quyidagilarni keltirganlar:
عن قيس بن سعد قال كان لا يزاد على هكذا وأشار بإصبعه
Qays ibn Sa'ddan naql qilinishicha, u: “Mana bundan ortiqcha ish qilinmasdi”, deb, barmog'i bilan ishora qilar edi”.
Bu bilan sahobalarning ishorai sabboba borasidagi amallari ham Payg'ambarimiz alayhisalomdan naql qilinganidek, barmoqlarini qimirlatmaslik ekanini bilib olishimiz mumkin. Balki, ular buning aksini inkor qilishmoqda.
Ishorai sabbobada ko'rsatkich barmoqni qimirlatish
to'rt mazhab imomlarining amaliga ziddir
Aslida, tashahhud paytida ishorai sabboba qilganda ko'rsatkich barmoqni salafiylar aytganidek ko'rinishda qimirlatish sunnat ekani e'tirof etilgan birorta ulamodan naql qilinmagan. Aksincha, barcha ulamolarga ko'ra tashahhudda barmoqni ortiqcha qimirlatishsiz ishora qilish sunnat sanaladi. Chunki, tashahhudda Payg'abarimiz alayhissalom muborak ko'rsatkich barmoqlari bilan ishora qilganlari aytilgan. Uni qimirlatganlari haqida yuqorida shoz ekani ta'kidlangan birgia rivoyatdan boshqa biror sahih hadisda lom-mim deyilmagan.
Hanafiy mazhabi ulamolari “Ashhadu allaa” deganda ko'rsatgich barmog'ini ko'tarib, “illalloh” deganda tushiradi, deyishgan.
Bizning mazhabimizda ishorai sabbobani qilish to'g'risida Imom Abu Hanifa r.a.ning eng yaqin shogirdlari Imom Muhammad ibn Hasan r.a. Imom Molikdan rivoyat qilgan “Muvatto” asarida so'z yuritganlar va quyidagi hadisni keltiranlar: Aliy ibn Abdurrahmon Muoviydan rivoyat qiladi: “Meni namozda mayda toshlarni o'ynayotgan holatimni Abdulloh ibn Umar ko'rdi. (Namozimni) tugatgach meni bundan qaytardi va: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bajarganlaridek bajargin. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qachon (tashahhudga) o'tirsalar o'ng kaftlarini o'ng sonlariga qo'yardilar va barcha barmoqlarini yig'ib bosh barmoqning yonidagi bilan ishora qilardilar. Chap kaftlarini chap sonlariga qo'yardilar”, dedi”.
Rivoyat so'ngida Imom Muhammad r.a. shunday deganlar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qilgan amallarini olamiz. Bu mening va Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining so'zlaridir”(“Al-Muvatto bi rivoyati Muhammad ibn Hasan” 72-bet).
Alloma Ibn Obidin r.a. hanafiy mazhabiga ko'ra ishorai sabboba qilish kayfiyatiga to'xtalib shunday deganlar:
ويرفع السبابة عند النفي ويضعها عند الإثبات، وهذا ما اعتمده المتأخرون لثبوته عن النبي صلى الله عليه وسلم بالأحاديث الصحيحة، ولصحة نقله عن أئمتنا الثلاثة.
“Namozxon nafiyda barmog'ini ko'tarib, isbot[2]da tushuradi. Mana shu Nabiy sallalohu alayhi vasallamdan sahih hadislar ila sobit bo'lgani sababli mazhabimizdagi keyingi ulamolarning suyangan gaplaridir. Shuningdek, bu uchta imomlarimiz (ya'ni, Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad)dan sahih naqlga asoslangandir” (“Raddul muhtor” 4-juz, 86-bet).
Molikiy mazhabi ulamolari fiqhiy manbalarida ishorai sabbobada barmoqni qimirlatish borasida turli qarashlar mavjud. Ba'zi molikiy ulamolar tashahhudda barmoq qimirlatish makruh ekanini aytsalar, ba'zilarida namozxon tashahhudning boshidan oxirigacha ko'rsatgich barmog'ini ko'tarib, o'ng va chap tomonga qimirlatib turadi, deyishgan. Lekin, molikiy mazhabidagi muhaqqiq olimlardan biri Qozi Abu Bakr Ibnul Arabiy o'zlarining “Orizatul ahvaziy” kitoblarida tashahhudda barmoqni qimirlatishni keskin inkor qilib jumladan shunday deydilar:
" إياكم وتحريك أصابعكم في التشهد، ولا تلتفتوا الى رواية العتبية فانها بليَّة وعجبًا ممن يقول: إنما هي مقمعة للشيطان إذا حركت، اعلموا أنكم إذا حركتم للشيطان أصبعًا حرك لكم عشرًا، إنما يقمع الشيطان بالإخلاص، والخشوع، والذكر "
“Hargiz tashahhudda barmog'ingizni qimirlatmang. Atabiyya[3]ning (Imom Molikdan barmoqni qimirlatish haqidagi) rivoyatiga e'tibor bermanglar. Chunki u balodir! “Barmoq qimirlatilishi shayton uchun kaltakdir” deydiganlardan ajablanaman. Shuni bilinglarki, agar siz Shayton uchun bitta barmog'ingizni qimirlatsangiz, u sizga o'nta barmog'ini qimirlatadi (ya'ni, namozdan chalg'itadi). Shaytonni faqatgina ixlos, xushu'-xuzu' va zikr bilan “kaltaklanadi” xolos” (2-juz, 85-86-betlar).
Shu o'rinda aytib o'tish lozimki, salafiylar tashahhudda barmoqni yuqoriga qarata harakatlantirish zarur deb hisoblaydilar. Bu haqda salafiy olimlardan biri Muhammad Solih Usayminning fikrini yuqorida keltirib o'tdik. Molikiylardan ba'zi ulamolar barmoqni qimirlatishni aytsalarda, uni o'ng va chap tomonga qimirlatib turiladi deydilar. Lekin bu gap ham molikiy mazhabi muhaqqiq ulamolari tomonidan rad etilganini Abu Bakr Ibul Arabiy r.a.ning so'zlaridan bilib olish mumkin.
Shofeiy mazhabi ulamolari “illalloh” deganda ko'rsatgich barmog'ini ko'tarib qo'yadi va tashahhud oxirigacha shu ko'rinishda barmog'ini qimirlatmasdan turadi, deyishgan. Shofeiy mazhabining zabardast olimi Imom Navaviy “Al-Majmu'”da shunday deydilar: “Namozxon tashahhudda “la ilaha illallohu”ga kelganda barmog'ini ko'taradi. Imom Shofeiy bu borada vorid bo'lgan hadislarga asoslanib ishora qilishni mustahab sanaganlar. Lekin unda barmoqni qimirlatish borasida mazhabda turli qarashlar bor:
Birinchisi: jumhur ulamolar qat'iy aytgan gap bo'lib, unga ko'ra namozxon barmog'ini qimirlatmaydi. Agar ishoari sabbobada barmog'ini qimirlatsa, makruh bo'ladi, lekin namozi buzulmaydi. Chunki u “amali qolil” – oz miqdordagi harakatdir.
Ikkinchisi: barmog'ini qimirlatishi harom amaldir. Agar namozxon barmog'ini harakatlantirsa namozi buzuladi. Bu gapni Ibn Abu Hurayra[4]dan naql qilingan bo'lib, (mazhabdagi) zaif gapdir”(3-juz, 433-bet).
Shuningdek, Shofeiy mazhabidagi bundan boshqa ko'plab mo'tabar fiqhiy kitoblarda ushbu masalaga to'xtalib o'tilgan bo'lib, ularning barchasida ishorai sabbobada ko'rsatkich barmoqni qimirlatish namozning makruh amallaridan sanalgan.
Hanbaliy mazhabi ulamolaridan ba'zilari tashahhud asnosida qachon Alloh taoloning ismini tilga olsa ko'rsatgich barmog'ini ko'tarib tushiradi, deyishgan. Lekin bu gap hanabaliy mazhabida zaif gap sifatida qaraladi. Bu haqda mashhur hanbaliy olim Alloma Abul Hasan Mirdoviy r.a. o'zlarining “Al-insof fi ma'rifatir-rojihi minal-xilof”[5] nomli asarlarida shunday deganlar:
لَا يُحَرِّكُ إصْبَعَهُ حَالَةَ الْإِشَارَةِ ، عَلَى الصَّحِيحِ مِنْ الْمَذْهَبِ
“(Hanbaliy) mazhabidagi to'g'ri gapga ko'ra, namozxon ishorai sabboba paytida barmog'ini qimirlatmaydi” (2-juz, 75-bet).
Shuningdek, hanbaliy mazhabidagi mo''tabar manbalardan Ibn Qudomaning “al-Mug'niy” (1-juz, 534-bet), Ibn Muflihning “Al-Furu'” asarlarida ham shu kabi ma'lumotlarni uchratish mumkin.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, to'rt fiqhiy mazhablardagi mo'tabar manbalarda ham namozxon tashahhud paytida ko'rsatkich barmog'ini qimirlatmasligi kerakligi alohida ta'kidlagan. Soxta salafiylar esa ko'plab masalalar qatori ushbu masalada ham to'rtala mazhabga xilof yo'l tutib, hozirgacha hech kim aytmagan gapni, “ishorai sabbobada barmoqni qimirlatish sunnat” degan gapni aytib, har joyda jar solib yuribdilar. Aslida esa, yuqorida biz o'rganib o'tgan ma'lumotlardan ishorai sabbobada barmoqni qimirlatish sunnat emas, balki dinga kiritilgan bid'at amal ekani ma'lum bo'lmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi
Fatvo markazi bosh mutaxassisi
Abdulatif Tursunov
[1] Abdulloh ibn Zubayr r.a.ning rivoyati yuqorida o'tdi. Unda Nabiy alayhissalm ishorai sabboba qilganlarida muborak barmoqlarini qimirlatmaganlari ta'kidlangan.
[2] Tashahhud kalimasidagi “laa ilaaha” jumlasi nafiy, “illalloh”, jumlasi isbotdir.
[3] Atabiyya molikiy mazhabidagi fiqhiy kitobning nomi bo'lib, Muhammad al-Atabiy ibn Ahmad ibn Abdulaziz (hij.245 yilda v.e.) tomonidan ta'lif etilgan. Molikiy mazhabidagi olimlardan biri Abu Luboba al-Qurtubiyning aytishicha, ushbu kitobda Imom Molikdan ishonchsiz rivoyatlar va shoz masalalar aralash zikr qilingan (Manba: https://ar.wikipedia.org/wiki).
[4] Hijriy 345 yilda vafot etgan shofeiy mazhabining etuk olimi (manba: https://ar.wikipedia.org/wiki).
[5] Kitobning nomi o'zbek tilida “ixtilofli masalalardan ustunini bilishda insof qilish” degan ma'noni anglatadi. Ushbu kitob hanbaliy mazhabida ixtilofli bo'lgan fiqhiy masalalarni zaifidan sahihini, dalili kuchsizidan kuchlisini belgilab beruvchi mo''tabar asar sanaladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Padari buzrukvorim shunday dedilar: "Birodar! Darhaqiqat, ilm ato qilish va foyda yetkazish na ustozning, na voizning va na nasihat qiluvchining ishi. U narsa boshqa bir Zotning ato etganidir. Ilmni Alloh beradi. Biror vosita orqali beradi, kimnidir sabab ham qiladi. Agar biror odam ilm tolibi bo‘lib haqiqiy talab ila kelsa, u holda Alloh taolo ustozning qalbida uning uchun foydali bo‘ladigan narsani solib qo‘yadi. Yo‘qsa, biror kimsada o‘zgaga biror foyda yetkazish qudrati yo‘qdir. Toki, Alloh taoloning tavfiqi bo‘lmasa va U Zot iroda qilmasa, biror shaxs o‘zgaga foyda yetkaza olmaydi. Alloh xohlasa, bir jumla ila foyda yetkazishi mumkin. Agar xohlamasa, uzun va mazmundor va’zlar hammasi bekor ketadi".
Ulug‘larimizning bir gapi bor: "Tolibning (ilm) talabi barakotidan (ilm) aytuvchining qalbi va tiliga Alloh taolo eshituvchilar uchun foydali narsani joriy qilib qo‘yadi".
Din ilmining barakalari
Shayxul islom, Alloma Shamsul Haq Afg‘oniy rahmatullohi alayh aytadilar: «Devbandagi "Dorul ulum" madrasasida hadis ilmining bir talabasi vafot etdi. Janoza o‘qilib, dafn qilindi. Keyin vorislariga xat yuborildi. Masofa uzoqligi uchun xat olti oy deganda yetib bordi. Marhumning qarindoshlari kelishdi... Rektor Qori Muhammad Toyyib hazratlari bilan uchrashishdi va: "Biz mayyitni qabrdan qazib olib, yurtimizga olib ketishni xohlaymiz", deyishdi. Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularga uzoq tushuntirdilar. Lekin ular juda qaysar edi, gapga kiray deyishmasdi. Shunda Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularni mening huzurimga yubordilar. Men ham ularga uzoq tushuntirdim. Ular esa: "Biz mayyitni yo olib ketamiz, yoki butun qarindoshlarimiz bilan bu yerga ko‘chib kelib olamiz", deyishdi...
Xullas, qabr qazildi, ne xolki, olti oydan keyin mayyit kafanida bus-butun yotgan edi. Undan ajib xushbo‘y taralardi. Mayyitning jasadi qutiga solindi va hurmat yuzasidan bir talaba ular bilan birga yuborildi. Uning yurtiga temir yo‘l orqali borilar edi. Temir yo‘l vokzalida bojxona va nazoratchi xodimlar to‘xtatib: "Bu qutida mayyit emas, noqonuniy yo‘l ila olib ketilayotgan mushki anbar bor", deb, tobutni ochishga majburlashdi. Ochib qarasalar, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, unda o‘lik jasad, ammo hadis ilmini o‘rganayotgan talabaning jasadi bor edi, undan judayam xush hid taralayotgan edi.
"Nasihatlar guldastasi" kitobidan