Musulmonlar orasida turli ixtiloflarni qo'zg'ayotgan bemazhablarning faoliyatlari ham o'ziga xos. Odatda, ixtilofni qo'zigan shaxs odamlarga ko'rinmaydi. Balki o'z odamini yuborib, «falonchiga mana bu savolni ber, u unday desa, sen bunday degin» qabilida gap o'rgatadi. Haligi odam uning aytganini qilib, musulmonlar ichida ixtilof qo'zg'aydi. Bu holat bir emas, bir necha kishidan, bir necha marta takrorlangandan keyin, ixtilof tarqalib, o'z kuchini ko'rsata boshlaydi. Ba'zi odamlar, biz noto'g'ri ish qilayotgan ekanmiz deb, ixtilofchiga ergashadi. Boshqalari shubhaga tushadi. Uchinchisi: «Shu paytgacha qilgan ibodatimiz nima bo'ldi?» deydi va hokazo. Oxiri, odamlar orasida katta noxushlik sodir bo'ladi.
Bu paytda ixtilofchilarning «mulla»si o'zining yugurdaklariga yana boshqa bir ixtilofni o'rgatib, ularni kishilar ichiga yuborishga tayyorlayotgan bo'ladi. Yugurdaklar esa, o'zlariga aytilgan, ixtilof qo'zg'ash uchun to'qilgan safsatani to'tiqushdek takrorlashga oshiqayotgan bo'ladilar. Ammo asta-sekin ularning sirlari fosh bo'lib, basharalari ko'pchilik ichida namoyon bo'lmoqda.
Muhtaram imom domlalarimizdan birlari masjidda namozxonlarga bir masalani bayon qilibdi. U kishining oldiga bir odam kelib: «Siz xato qildingiz, aslida bunday bo'ladi», debdi. Domla: «Bu gapni qayerdan oldingiz?» desa, «kitobda bor», debdi. Imom domla: «O'sha kitobni olib keling, o'qib ko'raylik», debdi. Haligi odam kitobni olib kelib, mazkur masala yozilgan joyini qo'li bilan ko'rsatibdi. Domla o'qib ko'rsalar, «Bu masalada mana bu gapni aytganlar ham bor», deb ixtilofchining gapi yozilgan va davomida: «Ammo bu gapning to'g'risi bunday», deb domlaning gapi yozilgan ekan. Domla: «Mana, men aytgan gap to'g'ri ekan-ku», deb ko'rsatsalar, ixtilofchi: «Men o'qishni bilmayman», der emish. Arab tilini bilmaydigan odam o'sha tildagi kitobni ko'tarib olib, olim odam bilan tortishgani kelibdi!
Keyinchalik, ma'lum bo'lishicha, ixtilofchilarning «mulla»lariga ham ko'rsatmalar chet eldagi xo'jayinlaridan kelar ekan. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo'zg'ash ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmoqda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning «mulla»lariga markazdan faks, elektron pochtada yoki internet orqali ko'rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko'rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklarni ko'tarib olib, mo'min-musulmonlar ichida ixtilof urug'ini sochmoqdalar. Ushbu satrlarda zikr qilinayotgan ixtiloflar nafaqat O'zbekiston, O'rta Osiyo yoki MDH davlatlarida, balki butun dunyoda musulmonlarning boshini qotirmoqda. Biz «ixtilofchilar» va «Bemazhablar» deb atayotgan fitnachilar kimlar? Eng achinarlisi shu yurtda tug'ilib qayerlardagi dunyosini deb oxirati boy bergan, nafsini quliga aylangan insonlardi o'rtasiga fitna urug'ini tarqatayotgan insonlar zo' yurtini xoini, kechirib bo'lmaydigan gunoxlardi sodir etuvchi insonlarga ergashib ne-ne orzular bilan dunyoga keltirgan ota-onasini xalq oldida boshini egilishiga sabab bo'layapti. Alloh taolo barchvmizdi bu o'tkinchi dunyo yolg'onlariga aldanib Alloh taolo vada qilgan mukofotlardan benasib bo'lib qolishdan o'z panoxida asrasin.
Norin tuman " Umarxo'ja eshon" masjidi imom xatibi Boboxo'jayev Muxammadshokir
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati