So'nggi paytlarda dunyoda selfi epidemiyasi keng tarqalib, bu sevimli mashg'ulot shu darajasiga etdiki, selfi olishni o'rgatadigan maxsus saytlar, poyabzallar, maktablarda esa xavfsiz suratga olish darslari joriy etildi.
Ho'sh, biz kamerada o'zimizni suratga olishni istashimiz xudbin bo'lib qolishimizni anglatadimi?
Insonlar yaqin-yaqingacha shaxsiy hayotini o'zgalardan yashirar, bu masalada ehtiyotkorroq munosabatda bo'lardi. Afsuski, bugungi kunda bu manzara o'zgardi. Texnologiyalar rivoji insoniyatning necha asrlar osha yashab kelgan qadriyatu madaniyatlariga o'z ta'sirini o'tkazdi. Endilikda kishilik jamiyati nafaqat o'z-o'zini hurmat qilishni hatto shaxsiy hayotning qadr-qimmatini ham unutmoqda. Manmanlik, xudbinlik avj olib hamma o'zi haqida butun dunyoga jar solishga tayyor. Nima qilsa ham tezroq mashhur bo'lish, hamma u haqida gapirishini istaydi. Bu borada esa selfimaniya asosiy qurolga aylangan.
Qizig'i shundaki, selfi qanchalik go'zal bo'lsa, shunchalik ko'p “layk”larni yig'adi. Bu bir qaraganda zararsiz bo'lib tuyulishi mumkin, lekin agar fotosurat kam layklarni yig'sa-chi? Bu kishida o'zi haqida salbiy fikrlarni paydo qiladi. Shuning uchun ham ba'zi odamlar telefon kamerasidan ajralmaydilar va Tvitter, Instagram yoki Facebookdagi izdoshlari uchun iste'mol mahsuloti kabi yashaydi. Bunday sevimli mashg'ulot allaqachon kasallikka aylanib ulgurgan.
Bu borada tadqiqot o'tkazgan mutaxasissislar fikricha, ko'plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va selfi ixlosmandlari ruhiy kasallikdan aziyat chekayotganlarini o'zlari ham tushunmaydilar. Unga berilish xulq-atvorga salbiy ta'sir etishi mumkinligini tadqiqotchilar alohida ta'kidlashmoqda.
Ho'sh, Islom olamida selfiga bo'lgan munosabat qanday?
Umra va haj ziyoratiga borganlarning aksariyati ziyoratdan xotira sifatida qolish uchun Ka'ba fonida o'zlarini suratga oladi. Bunda bir qaraganda hech qanday salbiy illat yo'qdek. Ammo inson o'zini qanchalik ishontirmasin, uning oqibatlarida oz bo'lsa-da be'manilik bor.
Misol uchun, siz Madinayu Makkada ibodatlarni amalga oshirayotganingizda yoki Allohga astoydil duo qilayotganingizda yoningizga bir kishi kelib selfi olish bilan ovora bo'ladi. Bu sizga og'ir botishi tayin. Agar bu ishni siz qilgan bo'lsangiz bilingki, siz kimlarningdir g'ashiga tekib, uning ibodatiga halaqit bergan bo'lishingiz mumkin.
Ayniqsa, Makkada Ka'ba atrofida tavof amalining o'rtasida selfi olish uchun odamlar to'xtab qolsa, bu tiqilinchlik hosil bo'lishiga olib keladi va ko'plab odamlarga muammo tug'diradi. Bu haqda Masjidul Haromda xizmat qiluvchi xodimlardan bir bunday deydi:
"Keyingi yillarda ziyoratchilar orasida selfiga tushish odam tusiga kirib bormoqda. Bu albatta, kimlar uchundir ma'qul ishdir. Ammo yonidagi kishilar ozor bermagan holda suratga olsa zarari yo'q. Biroq bugun ayrim insonlar juma kunlari juma namozi paytida imomni tinglash o'rniga, ibodat qiluvchilarni suratga olishni yoki selfi qilishni afzal ko'radi. Ular bu harakati bilan o'zgalarning g'ashiga tegayotganini yoki ibodatlariga ozor berayotganini tushunmaydilar”.
Bu borada ziyoratchilarning o'zi nima deydi?:
"Men Ka'bani ko'rish va umra amalini ado etishni uzoq yillar davomida kutdim", – dedi pokistonlik Abdul Rahmon Yasin. – Shuning uchun bu safarim abadiy yodimda qolishini istayman. Selfiga tushishimning sababi ham shu. Bu mening mobil' telefonimdagi eng yaxshi fotosurat bo'ladi."
Quvaytlik yana bir ziyoratchi Holid Al-Shimran: “Ka'baning ko'rinishi haqiqatan ham ajoyib va hayajonli. Men buni do'stlarim va izdoshlarim bilan ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'rmoqchiman.”
Ziyoratchilarning selfiga tushishining sababi tushunarli, lekin har bir insonning qalbida qolishi kerak bo'lgan hayajonli daqiqalarning o'zi ular uchun etarli emasmi? Selfi baxt va quvonch tuyg'usini etkaza olmaydi, u faqat yuzdagi hissiyotni aks ettirishi mumkin, xolos. Makka kabi muqaddas joyda bebaho onlarni shu kabi ishlar bilan o'tkazishga arziydimi? Yoki Ka'ba selfi olish uchun ko'ngilochar markazga o'xshaydimi? Yo selfi alohida dunyoga cho'mib, Allohga yaqinlashganingizda o'sha noyob daqiqani qayta tiklashga yordam beradimi? Bu harakatimiz bilan ibodatimizni riyoga almashtirib qo'ymayapmizmi?
E'tibor qaratsak, hayotimizning har bir sohasiga ijtimoiy tarmoqlarning kirib borishi, eng nozik daqiqalarning yaratuvchisi – Alloh bilan yolg'iz qolishdek muborak ibodatimizni barchaga fosh etib, ibodatlarimizga ham ta'sir etmoqda.
Bugun haj va umra ibodatlarini bajarish paytida har qadamda telefonidan qo'rslik bilan suratga tushayotgan odamlarni ko'rasiz. Aftidan, agar ular suratga tushmasalar, hech kim ularga ishonmaydi.
Agar fotosuratlarimizdan birini tarmoqqa joylash biz uchun ibodat qilishdan ko'ra muhimroq bo'lsa, qanday qilib haj yo umra qilganimiz uchun mukofot olishimiz mumkin? Agar siz Facebookdagi Ka'ba fonida sizning suratingiz ostidagi "layklar" sonini doimiy ravishda tekshirib tursangiz, haj ruhini his qilish mumkinmi?
Bir mulohaza qiling, biz ibodatning eng qizg'in lahzalarida fikru-xayolimiz faqat Alloh taologa qaratilgan bo'lsa, nega selfi olish orqali xushumizni yo'q qilishimiz kerak?!
Qisqasini aytganda, har bir insonda tan olinish va qadrlanish istagi bor. Ammo bunga fotosuratlar yoki selfi orqali erishilmaydi. Chin mo'min uchun Yaratuvchining roziligi qiziqtiradi, o'zgalarning nechta layk bosgani emas.
Abdulla Muslimov
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati