Yaqinda tahririyatimizga Jizzax viloyati Paxtakor tumanidan quyidagi savol kelib tushdi. Unda bunday deyiladi:
«Qishlog'imizda “qora qozon” degan odat bor. Unda biror kishi azali bo'lib qolsa, hamqishloqlar yordam tarzida pul berishadi. Bir qaraganda, bu xayrli urfdek. Biroq o'sha pulni o'rni kelganda qaytarish lozim, xuddi to'yonadek.
Yana bir muhim masala bu – “Hudoyi qilish”, ya'ni azadorlar uch kun ichida xalqqa osh yoki sho'rva qilib tarqatishi kerak. Bunga kimningdir qurbi etadi, kimniki esa yo'q. Biroq azali xonadon buni qilishga majbur. Shu to'g'rimi?»
Ushbu murojaat bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Yorqin domla Jumaboyev bunday deydi:
– Albatta, bu savol bugungi kunning dolzarb masalalaridan. Chunki markazimizga ham bunday savollar ko'p keladi.
Alloh taolo insonni ba'zi musibatlar bilan sinab, sabr qilgan bandaga ulkan ajrlar beradi. Ammo biz insonlar musibatzada kishining dardini engillashtirish o'rniga uni yanada og'ir ahvolga solib, falon-falon marosimlarni zimmasiga qo'yishimiz mutlaqo noto'g'ri. Bundan-da achinarlisi, mana shu ishlarni “dindan” (ya'ni mayyit chiqqan xonadon egalari shu marosimlarni qilishlari shart) deb bilish, “shunday ishlar bajarilmasa, mayyit qabrda qiynaladi”, deb e'tiqod qilishdir. Bordi-yu, mayyit egalari o'rtahol oila bo'lib, bu marosimlar kimdandir qarz olish evaziga yoki ko'pchilik tomonidan qarz sifatida pul yig'ilib o'tkaziladigan bo'lsa, bu ishlarning oqibati yanada xunukroq bo'ladi. Chunki inson bir yaqinidan ayrilib, qalbiga etgan jarohati bitib ulgurmasidan qarz to'lash tashvishiga tushishi musibat ustiga musibatdir. Aksincha, bunday oilaga ta'ziya bildirish, dalda berish orqali ma'naviy yordam qilish, dafn marosimlarida ishtirok etish orqali jismoniy ko'maklashish, qarz sifatida emas, balki beg'araz, har kim imkoni etgancha moddiy yordam ko'rsatish kabi amallar marg'ub ishlardan hisoblanadi. Lekin buni urf yoki majburiyat sifatida qabul qilmaslik kerak.
Abdulloh ibn Ja'far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ja'farning o'limi xabari kelganda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ja'farning ahliga taom qilib beringlar. Ularni mashg'ul qiladigan narsa kelib qoldi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, musibatxonaga uch kungacha taom chiqarish, kambag'al oila bo'lsa, ularga moddiy yordam berish, musibat etgan kishilar boy bo'lsa, uch kundan so'ng ixtiyoriy ravishda muhtojlarga yordam berish, taom tarqatish, ehson dasturxonini yozib, savobini mayyitga etishini umid qilish joiz. Ammo bu ishlar omma uchun majburiyatga aylanib ketishi, qilmasa o'zlarini aybdor his etish darajasigacha etmasligi kerak. Bu har kimning sharoiti va xohishiga qarab belgilanishi zarur. Shuningdek, mazkur ehsonlar mayyitning meros molidan merosxo'rlarning roziligisiz amalga oshirilishi ham o'zganing haqqiga e'tiborsizlik sanaladi.
Afsuski, hozirgi kunda xalqimiz orasida dafnga doir ko'plab marosimlar urfga aylangan. Bu marosimlar bir qarashda yaxshilik, savob amalga o'xshasa-da, uni tashkil qilishda bir muncha bid'at-xurofotlar, xatoliklar mavjud.
Hususan, yuqorida aytilgan “qora qozon” marosimida ham ko'pchilik qarz sifatida pul beradi. Oqibatda insonlarning haqlari bir-biriga aralashib ketishi, bu orada kimdir shu haqlarni ado etishga ulgurolmay qolishi holatlari yuzaga keladi. Qolaversa, shu “yig'in” ortidan musibat etgan xonadonga biror shar'iy asosga ega bo'lmagan bir muncha majburiyatlar yuklanishi va shu marosimlarni bajarmasa, malomatga qolish holatlari achinarlidir. Bunday odatlardan esa dinimiz qaytaradi.
Shunday ekan, haqiqiy musulmon har bir ishni shar'iy mezonlarga ko'ra bajarishi, ayniqsa, vafot etib ketgan yaqinlari uchun savob ulashish maqsadida qilayotgan amallarida to'g'ri yo'lni tutishi, savob qilaman deb zimmasida o'zgalar haqqi qolib ketmasligini ta'minlashi zarur.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi (78) 150-33-44
“Hidoyat” jurnalining 2023 yil 1-sonidan olindi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati