Abul Oliya rahimahullohdan Alloh taoloning «...ular namozlarini “unutib” qo'yadilar» (Mo'un surasi, 5-oyat) oyatining tafsiri haqida so'rashganda, uning huzurida Hasan Basriy rahmatullohi alayhi ham bor edi. Abul Oliya: “U namozida xato qilib, unda boshqa narsalar to'g'risida o'ylaydigan kishi”, dedi. Hasan Basriy: «To'xta, balki bu namozini unutib, vaqtini chiqarib yuboradigan kishidir. Chunki Alloh taolo “namozlarini” degan, “namozlarida”, demagan. Agar sen aytganingdek bo'lganida, “ular namozlarida unutib qo'yardilar”, degan bo'lardi», dedi.
Bu qusur faqat etarlicha yaqiyni va taqvosi bor kishilarnigina chetlab o'tgan. Ular Allohni tanigan, chin sevgan kishilardir. Ular nafsning bo'ynini uzganlar. Allohning eshigiga etib borganlar. Eshikdan kirib, Uning huzurida turganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: “Oqillarning uyqusi va og'zi ochiq yurishlari qanday yaxshi. Ular ahmoqlarning bedorligi va ijtihodiga nechun havas qilsinlar? Axir taqvo va yaqiyn egasining bir zarra misqoli Yer yuzi to'la aldanganlardan afzaldir”.
Asliddin RAHMATULLAYeV
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar