Salaf – so'zi lug'atda “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar” ma'nolarida ishlatiladi. Diniy istilohda esa, “o'tgan solih zotlar” degan ma'noda ishlatiladi.
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odamlarning yaxshilari mening zamonimdagilardir, so'ng ularga yaqin bo'lganlar, so'ng ularga yaqin bo'lganlardir. So'ngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi”.
Avvalgi ulamolarimiz ushbu hadisi sharif asosida Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam zamonlarida va ulardin keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb atashgan. Ulardan keyingilarga esa, bu iborani ishlatishmaydi, balki ulardan keyingilarga “xalaflar”, ya'ni “keyingilar” atamasini qo'llaydilar.
Oxirgi yillarda mazkur “salaf solihlarga ergashamiz” shiorini niqob qilib o'zlari jarangdor yaltiroq ismlar qo'yib mo''minlarni asl islomdan chalg'itadigan oqimlar va mutaassib firqalar ham ko'payib ketdi. O'shalardan biri – bugungi kunda o'zlarini “salafiylar” deb atab hammani o'zlari tomonga jalb qilayotgan, islom olamida notinchlik buzg'unchiliklarga sabab bo'layotgan – “soxta salafiylar”dir.
Ho'p “salafiylik” o'zi nima? Ular har qanday yangilikni bid'atga chiqarib, fiqhiy mazhablarini , tasavvufni inkor qiladilar, arzimas sabablar bilan ularning yo'llariga yurmaydigan mo''min-musulmonlarni kofirga chiqaradilar.
14 asrdan beri ma'lum bir mazhablarda ibodat qilib kelayotgan musulmonlarni, ulamolarini adashgan deb, kecha paydo bo'lgan hayotida qattiq tanqidlarga uchragan o'z rahnamolarini so'zlarini to'g'ri hisoblaydilar. Bu toifa aslida hijriy to'rtinchi asr, milodiy o'ninchi asrda paydo bo'lgan. Ularning g'oyaviy rahnamosi asosan hijriy ettinchi asrda yashab o'tgan Ibn Taymiya hisoblanadi. Ular o'zlarini Hanbaliy mazhabiga ergashamiz, deb aytishsada, bu mazhabga ham ko'p masalalarda yangiliklar kiritishga harakat qilganlar. Ibn Taymiya zamonasida ko'p tanqidlarga uchragan bir necha bor zindonband ham qilingan.
Hijriy o'n ikkinchi asrga kelib “salafiylar” Arab yarim orolida o'z qarashlarini bir muncha jonlantirishga erishtilar. Bu ishni asosan ota-onasi, aka-ukalariga qarshi borib o'z fikriga asosan fatvo berib yuboraverishi bilan mashhur bo'lgan Muhammad ibn Abdulvahhob amalga oshirdi.
Milodiy yigirmanchi asrning 1970-1980 yillarida asli kasbi soatsoz bo'lgan, tayinli bir ustozdan ta'lim olgani aniq bo'lmagan Nosiriddin Alboniy degan shaxs “salafiylik”ni yanada ommalashtirgan. Bu “soxta salafiylar”ning ustozlari yashab o'tgan davrlarni tadqiqot qilinsa, o'sha davrning ko'plab ulamolari ularga raddiyalar berib qattiq tanqid qilishgan. Masalan, Ibn Taymiyaning shogirdi o'z ustozini e'tiqodi durust emasligini aytib bunday noto'g'ri yo'lidan qaytishga chorlab maktub yozgan.
Ibn Taymiyaning Payg'ambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish, tavhid, Allohning makoni, takfir (musulmonni kofirga chiqarish) va boshqa ko'plab aqidaviy masalalarda butun islom olami tan olgan Moturidiya va Ash'ariya e'tiqod yo'nalishlariga zid ekanligi o'sha davr musulmonlari o'rtasida keskin raddiyalar bitilishga sabab bo'lgan.
Muhammad ibn Abdulvahhobni bo'lsa yuqorida aytganimizdek o'z otasi va akasi qilayotgan ishini noto'g'riligini e'lon qilib kitob yozishgan. Shuningdek, dunyoni qayta bo'lib olish, o'z mustamlakalarini kengaytirishni maqsad qilgan Yevropa davlatlarini musulmon davlatlarini parchalab ularning moddiy resurslariga ega chiqish harakatida soxta salafiylar kabi firqalardan “unumli” foydalandilar. Bu borada Buyuk Britaniya razvedkachisi, sobiq harbiy xizmatchisining “Mister Hemperning xotiralari” deb nomlangan kitobida Muhammad ibn Abdulvahobdan o'z mustamlakachilik maqsadlarini rivojlantirish yo'lida qanday foydalanganlarini yozib o'tgan.
Salafiylik da'vo qilayotganlarni ularning ishlarini yaxshilab o'rganib chiqilsa, bu da'vo puch ekanligini oddiy inson ham tushunib etaveradi. Ularning biz sahoba va tobe'inlar yo'liga ergashamiz, bizning yo'limiz salaflar yo'li, degan oddiy da'volarini olib qaralsa, bu asossiz da'vo. Chunki Payg'ambar alayhissalom va sahobalarga tobe'inlarga ularga yaqin zamonda yashab o'tgan Imom Abu Hanifa, Imom Shofe'iy , Imom Molik, Imom Ahmad Hanbal rahmatullohi alayhimlar albatta Qur'oni karimni, Hadisi sharifni ulardan ko'ra yaxshiroq tushunishgan va ularga amal qiluvchi sahoba va tobe'in zotlarni bevosita ta'limlarini olganlar. Ular to'g'risida o'z zamonlarida va undan keyin ham biron bir adolatli olim tanqid yoki inkor qilmagan. Lekin U Ibn Taymiyami, Muhammad Ibn Abdulvahhobmi, Alboniymi o'z zamonida qattiq tanqidga uchragan ota-onalari ulardan voz kechgan holatlari yuz berganiga tarix guvoh, xo'sh shundan keyin ham ularni to'g'ri e'tiqodda deb ergashib bo'ladimi?
Ular to'rt ahli sunna val jamoa mazhablarini tanqid qilib Islomni tafriqaga solgan deb da'vo qilishsada, o'zlari yana bir murosasiz mazhab, firqa tashkil qilayotganlarini tan olgilari kelmaydi. Islomni shafqatsiz, murosaga kelmaydigan din sifatida namoyon qilish bilan o'zlarini kim ekanliklarini ko'rsatib bo'ldilar. Yer yuzining qaysi burchagida ularning tarfdorlari ko'paysa o'sha joyda birodarkushlik urushlari, turli nizolar bo'lib o'tmoqda. Iroq Suriya Jazoir, Misr, Afg'oniston fojealari fikrimizga yaqqol dalil bo'ladi.
Hurmatli o'quvchi! Nomi yaltiroq, ko'rinishi chiroyli shior ko'targan har qanday yangi oqim va firqalarga ergashib ketishdan ehtiyot bo'lishimiz kerak. “Hizbut tahriri Islomiy”, ya'ni islomni ozod qilish partiyasi, “Imom Buxoriy askarlari”, “Turkiston islom harakati”, “Tablig'chilar”, “Sunnatga yordam qilish jamoasi” qarang tashqaridan qaraganda chiroyli ko'rinsada, u oqimlarning har biri musulmonlar tepasiga qancha musibatlarni keltirib chiqardi. Bunday fojeali holatlarni o'zimiz ham boshimizdan o'tkazdik.
Payg'ambar alayhissalom hadisi shariflarida: “Mo''min kishi bir (gazanda) uyasidan ikki marta (o'zini) chaqtirmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Keling “Do'stning eskisi yaxshi” degan xalq hikmatiga asoslangan holda hali biror noto'g'ri holati qayd etilmagan, ming yillardan beri musulmonlarning deyarli uchdan ikkisi og'ishmay amal qilib kelayotgan, yurtimizda ham qadimdan joriy bo'lib kelgan Hanafiy mazhabini mahkam ushlagan holda amal qilaylik, tinch osoyishta ibodatlarimiz bajarayotganimizga shukrona qilaylik.
Adxamjon Abdurahmonov,
Pop tuman “Saidjalolxo'ja”
jome masjidi imom noibi
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV