Musulmonlarning to'rtinchi xalifasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu davri Alloh taolo islom millatini turli ixtilof hamda qiyinchiliklar bilan sinashni ixtiyor etgan pallaga to'g'ri keldi. Ali roziyallohu anhu xalifalik mansabida to'rt yilu etti oy davomida turdilar. Ali roziyallohu anhu hijratning 40 yilida ramazon oyining 16 kuni ertalabki namozga masjidning eshigidan kirayotgan vaqtlarida Abdurahmon ibn Maljam u kishining qornilariga zaharli qilich bilan uradi. Ali roziyallohu anhu o'g'illariga vasiyat qilib keyin vafot etadilar.
Shu davrda musulmonlarning orasida birinchi marotaba firqa va toifalarga bo'linish paydo bo'la boshladi. Bekordan bekor musulmonlar bir birlarining qonlarini to'kib, o'zaro adovatlarini kuchaytirishdi. Mana shunday qon to'kishlarning boshi Jamal voqeasidan boshlangan edi. Bu voqeada musulmonlar orasida, ya'ni Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari bilan ummul mo''minin Oisha onamiz tarafdorlari orasida qattiq jang bo'lib musulmonlarning qonlari to'kiladi. Bu voqea chiroyli sulh tuzishlik bilan yakunlanadi. Keyin Siffin voqeasi bo'lib o'tadi.
Ali roziyallohu anhu Jamal voqeasidan hanuz tinib-tinchimay turib yana yangidan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Shom qo'shini bilan Ali roziyallohu anhuga qarshi kurashga otlantirayotgani xabari kelib qoldi.
Ali roziyallohu anhu ham 37 hijriy yilning 25 shavvol oyida to'qson ming askar bilan birgalikda Siffin degan joyga qarab yurdilar. Muoviya roziyallohu anhu ham sakson besh ming askar bilan Furot daryosining sohiliga kelib tushdilar.
Muharram oyining oxirgi kuniga qadar ikki o'rtada tinchlik shartnoma tuzildi. Biroq, ikki toifa o'rtasida urush alangasini butunlay to'xtatishlikka muvaffaq bo'lolmadilar. Safar oyi kirib, o'rtadagi shartnoma bitishi bilan ikki orada urush boshlanib ketdi.
Muoviya roziyallohu anhu askarlari chekinishga tushay deb qolgandilar. Biroq shu paytda Amr ibn Os roziyallohu anhu qo'llarida Qur'onni ko'tarib, Qur'on hukmiga itoat etishga har ikki tarafni chaqirgan bo'ldilar. Buni ko'rib Ali roziyallohu anhuning askarlari o'rtasida ixtilof paydo bo'ldi. Iroqliklar «Allohning kitobiga javob berishimiz kerak», dedilar.
Havorijlar hijriy 38, milodiy 658 yilda Hazrati Ali roziyallohu anhuning askarlari ichidan «xavorijlar» nomli alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xavorij» so'zi «xuruj», ya'ni «qarshi chiqish» so'zidan olingan bo'lib, ular hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular «Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu hakamlik ishini qabul qilgani uchun «kofir bo'ldi», deb fatvo chiqardilar». Ularga hazrati Alining hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida xavorijlarning o'zlari hazrati Ali roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga majburlashgan edi, endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshladilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.
Horijiylarning fikricha, e'tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim. Gunohkor kishilarni jazolash masalalarida xorijiylar murji'iylarga qarama-qarshi turgan.
Horijiylar dindor kishining islom arkonlariga sodiqligini amalga oshirgan ishlariga qarab baholash kerak deb hisoblab, ularning talqinidagi islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday hukmdorga bo'ysunmaslik, uni ag'darib tashlash zarurligi haqidagi g'oyani ilgari surishgan. Bunday qarashlar o'z navbatida hokimiyat uchun kurashning zo'ravonlikka asoslangan usullari kelib chiqishi va minglab kishilarning halok bo'lishiga olib kelgan.
Umaviy va abbosiy xalifalar VII-IX asrlarda xorijiylarga qarshi keskin kurash olib bordi. Buning natijasida xorijiylar qirib tashlandi, ulardan omon qolganlari Shimoliy Afrikada o'z davlatini tashkil etdi. Horijiylar xalifalikdagi ko'pgina qo'zg'olonlarda qatnashgan. Ular o'z qarashlari va faoliyatiga qo'shilmaganlarni kofirga chiqarish, ularga qarshi «jihod» olib borish haqidagi g'oyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qo'llash orqali xukmdorlarni jismonan yo'q qilish amaliyotini boshlab berganlar.
Ka'bul Axbordan rivoyat kilinadi: «Shahid uchun ikkita nur, xorijiylarni o'ldirgan kishilarga o'nta nur bor. Jahannamning eshigi ettita bo'lib, ularning bittasidan faqat haruriylar kiradi. Ular bir vaqtlar Dovud alayhissalomga ham qarshi urush olib borgan».
Bani Savoddan rivoyat kilinadi: «Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning shunday deganini eshitdim: «Alloh taolo meni yomon ko'rgan qavmni yomonlik bilan do'zaxga kirgizadi».
“Bir kuni xorijiylar bir nasroniyni ushlab olib, unga yaxshilikni va o'zining payg'ambari Iyso alayhissalomni buyruqlariga rioya etishni tavsiya qiladilar. Shu payt ularning oldidan Abdulloh ibn Habbob o'tib qoladilar. U zot bo'ynilariga Qur'on osib olgandilar. Shunda ular: “Sening bo'yningdagi kitob bizlarga seni o'ldirishni buyuradi,” – deyishdi. Ular Abdulloh ibn Habbobdan Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhu haqida so'radilar. Shunda Abdulloh ularni maqtab gapirdilar. Ular: “Sen Ali roziyallohu anhuni “Tahkim” voqeasidan oldingi holati va Usmon roziyallohu anhuni xalifalik yillaridan dastlabki olti yildagi xolati haqida nima deysan”- deyishdi. U esa ularni yaxshilik bilan tilga oldi. Ular Abdullohdan “Tahkim” voqeasi haqida so'radilar. U: “Men Ali roziyallohu anhuni sizlardan ko'ra Alloxning kitobini biluvchiroq va sizlardan ko'ra o'z dinini saqlovchiroq deb bilaman, dedi. Ana shu so'zlarni aytganidan keyin ular Abdullohni daryo qirg'og'iga yaqinroq joyda so'ydilar. Shundan so'ng ular xaligi nasroniydan xurmo sotib olish uchun u bilan savdolashdilar. Nasroniy xurmoni ularga tekinga berdi. Lekin ular buni qabul qilmay, faqat pul evazigagina olishlarini aytdilar. U esa: “Sizlarga xayronman, Abdullohdek odamni o'ldirasizlar, ammo xurmoni tekinga olmaysizlar”,- dedi.
Ushbu qissadan xorijiylarni naqadar johil ekanligini bilib olamiz. Chunki ular nasroniyning xurmosini pul bermasdan tortib olishni gunoh sanadilar. Undanda mudxish gunoh bo'lgan musulmonning qonini to'kishni esa muboh deb bildilar. Xorijiylar tarixda islom diniga eng ko'p zarar etkazgan oqimdir. Ular dastlabki paydo bo'lgan oqim sifatida, o'zidan keyingi diniy-ekstremistik oqimlarni vujudga kelishiga zamin xozirladi.
Xorijiylar Qur'ondagi oyati karimalarni zohiriy ma'nosiga qarab hukm chiqaradilar. Ular bir qancha oyatlarni dalil qilib, katta gunohlarni sodir qilganlar kofir bo'ladi degan hukmni chiqarganlar. Aslida esa, ular o'zlariga dalil sifatida ushlab olgan oyati karimalarda Makka mushriklari haqida va ularning Islom dinini inkor etib sodir etgan manfur ishlari bois kofir bo'lganliklari xaqida gap boradi. U oyatlardagi zikr qilingan kofirlardan murod musulmonlar emas, balki Makka mushriklaridir. Xorijiylar nodonliklari tufayli ana o'sha oyatlardan ko'zlangan ma'noni noto'g'ri tushunganlar. Ana shu nodonliklari xamda dinda haddan tashqari g'uluvga ketishlari ularni ko'pdan-ko'p xunrezliklarni sodir etishlariga va buning ortidan musulmonlar jafo ko'rishiga sabab bo'ldi.
TII Modul' ta'lim shakli bitiruvchisi,
Samarqand shahar Qoraboy Oqsoqol jome masjidi
imom-xatibi Bobobek Abdurahimov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hozirgi kunlarda shifokorlar bemorlarga dori yozib beradilar va dorixonalar ana shu dorini yozgan shifokorlarga bonus sifatida ma’lum miqdorda pul beradi. Shu pul ular uchun halol hisoblanadimi?
Shuningdek, sohadagi ayrim shifokorlar tibbiy tekshiruv o‘tkazadigan jihoz (apparat) o‘rnatishgan va keladigan har bir bemor uchun yuborgan shifokorlarga mablag‘ berishadi. Buning hukmi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar shifokor bemorning manfaati va yaxshiligini ko‘zlagan holda, to‘liq xolis va omonatdorlik bilan bemor uchun eng foydali hamda mos keladigan dorini tavsiya qilsa, qolaversa, quyidagi shartlarga rioya etsa, u holda shifokor uchun dorixonadan bonus olishi joiz bo‘ladi:
1. Shifokor shunchaki bonus olish ilinjida sifatsiz, keraksiz va qimmat dori-darmonlarni tavsiya qilmasligi kerak.
2. Bemorga nisbatan hech qanday aldov bo‘lmasligi lozim, ya’ni haqiqatan ham undagi kasallikning ushbu doriga ehtiyoji bo‘lsin. Shuningdek, shifokorning mazkur firma bilan hamkorligi oshkora qilib qo‘yilishi kerak.
3. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniya yoki dorixonalar shifokorga beriladigan bonuslar xarajatini dori narxini qimmatlashtirish orqali bemorning zimmasiga yuklamasliklari kerak.
4. Bemor faqat shifokor o‘zi kelishib olgan o‘sha dorixona yoki firmaning dorisini sotib olishga majburlanmasligi lozim.
5. Dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bonus, hadya va imtiyozlar to‘lovining xarajatini qoplash uchun dorilarning sifatini tushirib yubormasliklari kerak.
Savolning ikkinchi qismidagi tibbiy jihozlarga tekshiruv uchun yuborish orqali olinadigan bonuslarning hukmi ham yuqoridagi hukm bilan bir xil bo‘ladi. Ya’ni, bemorni muayyan bir shifokorda ko‘rikdan o‘tishga majburlamaslik, pul ilinjida kerak bo‘lmasa ham yubormaslik, tibbiy ko‘rik qiluvchi shifokor unga yuborgan shifokorga bermoqchi bo‘lgan mablag‘i bemorga ko‘rsatadigan xizmat haqiga qo‘shmasligi, xizmatining sifati va narxi boshqa shifokorlarniki bilan bir xil bo‘lishi shart.
Lekin ushbu shartlarga rioya qilmasdan ayrim shifokorlarning o‘z burch va vazifalarini bajarish evaziga firma va dorixonalardan bonus olishlari pora bo‘lib qoladi. Natijada mablag‘ni ularga berayotganlar ham gunohga sherik bo‘lib qoladi. Chunki Islomda porani berish ham, olish ham haromdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir”.
Shuningdek, Nabiyi karim sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini, pora oluvchini va pora ishida vositachilik qiluvchini la’natlaganlar.
Demak, savolda aytib o‘tilgan holatda, agar yuqoridagi shartlarga rioya qilinmasa, bu ham ayni pora bo‘lar ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi