Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2026   |   20 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2026, 20 Zulhijja, 1447

Horijiylar fitnasi

23.01.2023   2852   8 min.
Horijiylar fitnasi

Musulmonlarning to'rtinchi xalifasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu davri Alloh taolo islom millatini turli ixtilof hamda qiyinchiliklar bilan sinashni ixtiyor etgan pallaga to'g'ri keldi. Ali roziyallohu anhu xalifalik mansabida to'rt yilu etti oy davomida turdilar. Ali roziyallohu anhu hijratning 40 yilida ramazon oyining 16 kuni ertalabki namozga masjidning eshigidan kirayotgan vaqtlarida Abdurahmon ibn Maljam u kishining qornilariga zaharli qilich bilan uradi. Ali roziyallohu anhu o'g'illariga vasiyat qilib keyin vafot etadilar.

Shu davrda musulmonlarning orasida birinchi marotaba firqa va toifalarga bo'linish paydo bo'la boshladi. Bekordan bekor musulmonlar bir birlarining qonlarini to'kib, o'zaro adovatlarini kuchaytirishdi. Mana shunday qon to'kishlarning boshi Jamal voqeasidan boshlangan edi. Bu voqeada musulmonlar orasida, ya'ni Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari bilan ummul mo''minin Oisha onamiz tarafdorlari orasida qattiq jang bo'lib musulmonlarning qonlari to'kiladi. Bu voqea chiroyli sulh tuzishlik bilan yakunlanadi. Keyin Siffin voqeasi bo'lib o'tadi.

Ali roziyallohu anhu Jamal voqeasidan hanuz tinib-tinchimay turib yana yangidan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Shom qo'shini bilan Ali roziyallohu anhuga qarshi kurashga otlantirayotgani xabari kelib qoldi.

Ali roziyallohu anhu ham 37 hijriy yilning 25 shavvol oyida to'qson ming askar bilan birgalikda Siffin degan joyga qarab yurdilar. Muoviya roziyallohu anhu ham sakson besh ming askar bilan Furot daryosining sohiliga kelib tushdilar.

Muharram oyining oxirgi kuniga qadar ikki o'rtada tinchlik shartnoma tuzildi. Biroq, ikki toifa o'rtasida urush alangasini butunlay to'xtatishlikka muvaffaq bo'lolmadilar. Safar oyi kirib, o'rtadagi shartnoma bitishi bilan ikki orada urush boshlanib ketdi.

Muoviya roziyallohu anhu askarlari chekinishga tushay deb qolgandilar. Biroq shu paytda Amr ibn Os roziyallohu anhu qo'llarida Qur'onni ko'tarib, Qur'on hukmiga itoat etishga har ikki tarafni chaqirgan bo'ldilar. Buni ko'rib Ali roziyallohu anhuning askarlari o'rtasida ixtilof paydo bo'ldi. Iroqliklar «Allohning kitobiga javob berishimiz kerak», dedilar.

Havorijlar hijriy 38, milodiy 658 yilda Hazrati Ali roziyallohu anhuning askarlari ichidan «xavorijlar» nomli alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xavorij» so'zi «xuruj», ya'ni «qarshi chiqish» so'zidan olingan bo'lib, ular hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular «Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu hakamlik ishini qabul qilgani uchun «kofir bo'ldi», deb fatvo chiqardilar».  Ularga hazrati Alining hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida xavorijlarning o'zlari hazrati Ali roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga majburlashgan edi, endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshladilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.

Horijiylarning fikricha, e'tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim. Gunohkor kishilarni jazolash masalalarida xorijiylar murji'iylarga qarama-qarshi turgan.

Horijiylar dindor kishining islom arkonlariga sodiqligini amalga oshirgan ishlariga qarab baholash kerak deb hisoblab, ularning talqinidagi islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday hukmdorga bo'ysunmaslik, uni ag'darib tashlash zarurligi haqidagi g'oyani ilgari surishgan. Bunday qarashlar o'z navbatida hokimiyat uchun kurashning zo'ravonlikka asoslangan usullari kelib chiqishi va minglab kishilarning halok bo'lishiga olib kelgan.

Umaviy va abbosiy xalifalar VII-IX asrlarda xorijiylarga qarshi keskin kurash olib bordi. Buning natijasida xorijiylar qirib tashlandi, ulardan omon qolganlari Shimoliy Afrikada o'z davlatini tashkil etdi. Horijiylar xalifalikdagi ko'pgina qo'zg'olonlarda qatnashgan. Ular o'z qarashlari va faoliyatiga qo'shilmaganlarni kofirga chiqarish, ularga qarshi «jihod» olib borish haqidagi g'oyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qo'llash orqali xukmdorlarni jismonan yo'q qilish amaliyotini boshlab berganlar.

Ka'bul Axbordan rivoyat kilinadi: «Shahid uchun ikkita nur, xorijiylarni o'ldirgan kishilarga o'nta nur bor. Jahannamning eshigi ettita bo'lib, ularning bittasidan faqat haruriylar kiradi. Ular bir vaqtlar Dovud alayhissalomga ham qarshi urush olib borgan».

Bani Savoddan rivoyat kilinadi: «Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning shunday deganini eshitdim: «Alloh taolo meni yomon ko'rgan qavmni yomonlik bilan do'zaxga kirgizadi».

“Bir kuni xorijiylar bir nasroniyni ushlab olib, unga yaxshilikni va o'zining payg'ambari Iyso alayhissalomni buyruqlariga rioya etishni tavsiya qiladilar. Shu payt ularning oldidan Abdulloh ibn Habbob o'tib qoladilar. U zot bo'ynilariga Qur'on osib olgandilar. Shunda ular: “Sening bo'yningdagi kitob bizlarga seni o'ldirishni buyuradi,” – deyishdi. Ular Abdulloh ibn Habbobdan Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhu haqida so'radilar. Shunda Abdulloh ularni maqtab gapirdilar. Ular: “Sen Ali roziyallohu anhuni “Tahkim” voqeasidan oldingi holati va Usmon roziyallohu anhuni xalifalik yillaridan dastlabki olti yildagi xolati haqida nima deysan”- deyishdi. U esa ularni yaxshilik bilan tilga oldi. Ular Abdullohdan “Tahkim” voqeasi haqida so'radilar. U: “Men Ali roziyallohu anhuni sizlardan ko'ra Alloxning kitobini biluvchiroq va sizlardan ko'ra o'z dinini saqlovchiroq deb bilaman, dedi. Ana shu so'zlarni aytganidan keyin ular Abdullohni daryo qirg'og'iga yaqinroq joyda so'ydilar. Shundan so'ng ular xaligi nasroniydan xurmo sotib olish uchun u bilan savdolashdilar. Nasroniy xurmoni ularga tekinga berdi. Lekin ular buni qabul qilmay, faqat pul evazigagina olishlarini aytdilar. U esa: “Sizlarga xayronman, Abdullohdek odamni o'ldirasizlar, ammo xurmoni tekinga olmaysizlar”,- dedi.

Ushbu qissadan xorijiylarni naqadar johil ekanligini bilib olamiz. Chunki ular nasroniyning xurmosini  pul bermasdan tortib olishni gunoh sanadilar. Undanda mudxish gunoh bo'lgan musulmonning qonini to'kishni esa muboh deb bildilar. Xorijiylar tarixda islom diniga eng ko'p zarar etkazgan oqimdir. Ular dastlabki paydo bo'lgan oqim sifatida, o'zidan keyingi diniy-ekstremistik oqimlarni vujudga kelishiga zamin xozirladi.

Xorijiylar  Qur'ondagi  oyati  karimalarni  zohiriy  ma'nosiga  qarab hukm chiqaradilar. Ular bir qancha oyatlarni dalil qilib, katta gunohlarni sodir qilganlar kofir bo'ladi degan hukmni chiqarganlar. Aslida esa, ular o'zlariga dalil sifatida ushlab olgan oyati karimalarda Makka mushriklari haqida va ularning Islom dinini inkor etib sodir etgan manfur ishlari bois kofir bo'lganliklari xaqida gap boradi. U oyatlardagi zikr qilingan kofirlardan murod musulmonlar emas, balki Makka mushriklaridir. Xorijiylar nodonliklari tufayli ana o'sha oyatlardan ko'zlangan ma'noni noto'g'ri tushunganlar. Ana shu nodonliklari  xamda dinda haddan tashqari g'uluvga ketishlari ularni ko'pdan-ko'p  xunrezliklarni sodir etishlariga va buning ortidan musulmonlar jafo ko'rishiga sabab bo'ldi.

 

TII Modul' ta'lim shakli bitiruvchisi,

Samarqand shahar Qoraboy Oqsoqol jome masjidi

imom-xatibi Bobobek Abdurahimov

Boshqa maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Co‘zi yengil odamlardan bo‘lma!

04.06.2026   12052   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Co‘zi yengil odamlardan bo‘lma!

Bir tanga otamning stolida o‘nlab yillar davomida turar edi. Unda Qur’oni karimdagi ushbu oyat bitilgandi:

﴿وَٱللَّهُ خَيْرُ ٱلرَّٰزِقِينَ

Va Alloh eng yaxshi rizq beruvchidir(Juma surasi, 11-oyat).

Otam bu oyatning ma’nosiga qattiq ishonardi. Rizq haqidagi e’tiqodi har kuni takrorlaydigan ushbu duosida ham mujassam edi:

اللهم ارزقني وارزق مني

“Ey Robbim, menga rizq ber va meni boshqalarga rizq yetishiga sababchi qil!”.

Bu duo qalbimga chuqur o‘rnashib qolgan. Otam uni menga yoshligimdan o‘rgatgan va har doim bunday derdi:

— O‘g‘lim, doimo: Ey Robbim, menga rizq ber va meni boshqalarga rizq yetishiga sababchi qil, deb duo qil. Alloh seni rizqlantirsin va sen orqali boshqalarni ham rizqlantirsin.

Otamning bu uzluksiz duosi ijobat bo‘lgan edi. Chunki Alloh taolo unga kutmagan joylardan rizq ato etardi. U esa bu ne’matni faqat o‘zi uchun emas, balki boshqalarga manfaat yetkazish vositasi deb bilardi.

Otam doimo yaxshilik oqimi bo‘lishga intilar, ne’matlarni o‘zida to‘plab qo‘yishni istamasdi.

Bir kuni u farzandlaridan biri uchun yer maydoni sotib olmoqchi bo‘ldi. O‘ziga ma’qul bo‘lgan yerni tanlab, vositachiga:

— Bu yerni oldim, — dedi.

Vositachi dastlabki kelishuvni qayd qilish uchun daftarini chiqarganida, otam:

— Hojati yo‘q. Bir hafta ichida notarius huzurida shartnomani rasmiylashtiramiz, — dedi.

Oradan bir-ikki kun o‘tib, unga avvalgisidan ham yaxshiroq va uyga yaqinroq bo‘lgan boshqa yer taklif qilishdi. Shunda otam ikkilanib qoldi. Chunki avvalgi yerni sotib olishga so‘z bergan edi.

Uning oldida ikki yo‘l bor edi: vositachiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rab, yangi yerni olish yoki bergan so‘zida turish.

Ko‘pchilik ehtimol birinchi yo‘lni tanlardi. Axir kelishuv hali og‘zaki edi, rasmiy shartnoma tuzilmagan, oradan ikki kungina o‘tgan edi.

Lekin otam boshqacha qaror qildi. U bergan so‘ziga vafo qilib, birinchi yer maydonini sotib oldi.

Bu voqeani eshitganimda otamdan so‘radim:

— Ota, vositachiga qo‘ng‘iroq qilib, uzr so‘rasangiz bo‘lmasmidi? Axir hech kim zarar ko‘rmasdi-ku.

U javob berdi:

— Yo‘q, bo‘lmaydi. Men insonga bergan va’damni buzgan bo‘lardim.

Men:

— Lekin bu unchalik katta masala emas-ku, — dedim.

Shunda u menga hayotim davomida unutmaydigan bir gapni aytdi:

— O‘g‘lim, insonning qadri uning so‘zi bilan o‘lchanadi. Doimo so‘zingning qadriga yet. So‘zi yengil odamlardan bo‘lma!

Otam, Alloh rahmat qilsin, og‘zaki aytilgan so‘zni ham imzolangan shartnoma kabi majburiyat deb bilardi. Uning nazdida so‘z — shartnoma edi.

Oradan vaqt o‘tdi. Keyinchalik otam sotib olgan o‘sha yer maydoni uchun ancha yuqori narx taklif qilindi. U yerni yaxshi foyda bilan sotdi va yana kutmagan joydan rizq eshiklari ochildi.


Bu voqeadan katta saboq oldim.

Mening ishonchim shundaki, inson hatto og‘zaki bo‘lsa ham va’dasiga vafo qilishga harakat qilsa va boshqalarning rizqiga sabab bo‘lishni istasa, Alloh taolo unga kutmagan joylardan baraka va rizq ato etadi.

“Kutmagan joydan” degani shuki, inson qancha reja tuzmasin, hisob-kitob qilmasin, rizq ba’zan umuman o‘ylamagan tomondan keladi. Go‘yo bu yaxshilikka berilgan ilohiy mukofotdek.

Qur’oni karimda marhamat qilinganidek: Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir.

Otam endi oramizda yo‘q. Ammo uning hayoti, so‘zga vafosi va insonlarga qilgan yaxshiliklari hamon qalbimizda yashaydi.

U haqida qancha she’r yozmay, qancha gapirmay, uning haqiqiy qadrini to‘liq ifoda etib bo‘lmaydi.

Uning vafotidan keyin ko‘z yosh to‘kishdan ko‘ra, hayotidan ibrat olish muhimroq. Chunki insonni abadiy yashatadigan narsa – uning ortidan qolgan yaxshi nomi va ezgu amallaridir.

 

Davron NURMUHAMMAD