Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2026   |   24 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:28
Asr
17:37
Shom
20:00
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2026, 24 Zulhijja, 1447

Iymoni bor sinovdadir

08.01.2024   975   4 min.
Iymoni bor sinovdadir

Iymonning etti sharti bo'lsa, shulardan biri taqdirga, ya'ni yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan ekaniga qat'iy ishonishdir. Ammo ko'pincha bizga biror musibat etsa: “Agar unday qilsam, bunday bo'lardi, nega shunaqa bo'ldi?” deya afsus chekamiz. Aksincha, biror muvaffaqiyatga erishsak: “Aqlimni ishlatib unday qildim, bunday qildim”, deya g'ururlanamiz. Yaxshilik ham, yomonlik ham taqdirimizga bitilgani yodga ham kelmaydi.

Alloh taolo: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo'li bilan sinagaymiz”, deb marhamat qiladi (Baqara surasi, 155-oyat).

Shu ma'noda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning eng qattiq sinovga duchor bo'ladiganlari payg'ambarlardir, ulardan keyin solih zotlar, keyin ularga yaqinlar va undan keyin ularga yaqinlardir. Kishi diniga qarab imtihonga solinadi, agar dinida salobat bo'lsa, sinovi ham ziyoda qilinadi, agar dinida engillik bo'lsa, sinovi ham engil qilinadi. Bandaga sinovlar kelaverganidan, u oxir-oqibat borib Yer yuzida gunohi qolmagan holda yuradigan bo'ladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Bunday sinovlar har bir kishiga beriladi. Boylar mol-dunyo, olimlar ilmi bilan, amaldorlar amali, kambag'allar nochorlik bilan sinaladi. Shuningdek, inson ofatlar, mashaqqatu kasalliklar bilan ham sinalsa, ayrimlar yaqinlari, ya'ni nobop er yo xotin, farzand yoki qo'ni-qo'shnisi bilan ham sinalishi mumkin. Kishining kimligi mana shu onlarda namoyon bo'ladi. Iymoni mustahkam banda bu ishlarning barchasi Allohdan ekaniga inonadi va taqdiriga rozi bo'ladi. Aksincha, iymoni zaif kishi hayotidan norozi bo'lib, afsus-nadomat qiladi.

Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: «Agar senga musibat etsa, “Agar unday qilganimda, bunday qilganimda”, dema. Lekin “Alloh taqdir qildi va xohlaganini qildi”, degin. Albatta, “agar” (deyish) shaytonning amalini ochadi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bunday sinovlar gohida butun bir millatu elatlarga, qavmlarga ham berilishi mumkin. Huddi Od qavmi juda baquvvat va boy-badavlat bo'lgani kabi. Samud qavmi ham nihoyatda to'kin hayot kechirar edi. Ammo ular kibrga ketib, bu dunyo sinov ekanini anglamadilar va halokatga uchradi. Bani Isroil qavmi necha yillar Fir'avn zulmida va sarson-sargardonlikda yashadi. Vaqt o'tib Alloh ularni Fir'avn zulmidan xalos etib, ko'plab ne'matlar ato etdi.

Ayni kunda ba'zi falastinliklar shu kabi mashaqqatlarni boshidan kechirayotgan bo'lsa, XX asr boshlarida xalqimiz ham ana shunday og'ir damlarni o'tkazgan. Bosqinchilar ota-bobolarimizning ruhini sindirish uchun necha yillar davomida qirg'inu qatag'onlar, tayziqlar uyushtirib, iymonidan, o'zligidan ayirishga harakat qildi. Oqibatda bobolarimiz halovat nimaligini bilmay, salkam bir asrga yaqin xavotirda yashadi. Shukrki, xalqimiz bunday mashaqqatni matonatu sabr bilan engdi. Iymon-e'tiqodini, tilini, o'zligini saqlab hurriyatga etishdi.

Qur'oni karimda: “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir” (Sharh surasi, 6-oyat) deyiladi. Hadisi sharifda esa Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, yoqtirmaydigan narsalaringga (ya'ni musibatlarga) sabr qilishingda ko'pdan-ko'p yaxshiliklar bor. Allohning yordami sabr (qilinganda) bo'ladi. Albatta, shodlik mashaqqatdan so'ng keladi. Albatta, qiyinchilikdan so'ng engillik keladi”, deya ta'kidlaganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Bu oyatu hadisning hayotdagi isbotini ko'p bor ko'rganmiz. Biror mashaqqatdan so'ng, albatta, quvonchli kunlar kelganiga guvoh bo'lganmiz. Vaqt o'tib bu sinovlar bizga yaxshigina saboq va hikmat bo'lganini tushunib etganmiz.

 

Jo'rabek ERGAShYeV,

Baliqchi tumani bosh imom-xatibi

 "Hidoyat" jurnalining 12-sonidan olindi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bu oyatdagi mo‘jiza iymon keltirish uchun yetarli

11.06.2026   2028   2 min.
Bu oyatdagi mo‘jiza iymon keltirish uchun yetarli

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Agar Allohni inkor qilayotgan olimlar Qur’oni karimni insof bilan o‘rganib chiqqanlarida unga iymon keltirgan bo‘lardilar. Misol uchun, quyidagi oyati karimaga e’tiboringizni qarating:

﴿وَجَعَلْنَا اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ آَيَتَيْنِ فَمَحَوْنَا آَيَةَ اللَّيْلِ وَجَعَلْنَا آَيَةَ النَّهَارِ مُبْصِرَةً لِتَبْتَغُوا فَضْلًا مِنْ رَبِّكُمْ وَلِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ وَكُلَّ شَيْءٍ فَصَّلْنَاهُ تَفْصِيلًا﴾

“Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo‘ydik. Kechaning belgisini o‘chirdik. Kunduz alomatini esa, Robbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz” (Isro surasi, 12-oyat).

Ushbu oyatdagi mo‘jiza iymon keltirish uchun yetarli aslida. Alloh taolo “kunduzni yorug‘lik qildik” demoqda. Alloh taolo ko‘rsatish manbai sifatida kunduzni aytmoqda. Lekin tasvirlarni bizning ko‘zimiz ko‘rsatadimi yoki kunduzmi? Ko‘pchilik tasvirlarni ko‘zlar ko‘rsatadi deb o‘ylaydi. Biroq ilmiy haqiqat shuki biz yorug‘lik tufayligina ko‘ra olar ekanmiz. Olimlar aniqlashicha quyoshning nuri bir narsaga tegib sinadi. Keyin ko‘z soqqamizga kelib uriladi va biz o‘sha narsani ko‘ramiz.

Demak, ko‘zimiz o‘zi mustaqil ravishda tasvirlarni ko‘ra olmas ekan. Narsalarga tushgan nur tufayli ko‘ra olar ekanmiz. Agar nur yo‘q bo‘lsa ko‘zimiz hech narsani ko‘ra olmaydi. Shunday ekan, Alloh taoloning kuzduzni ko‘rsatuvchi qilganini anglash qiyin emas. Mana shuning o‘zi eng katta mo‘jizalardan biri emasmi, axir.

Agar Qur’oni karim Allohning kalomi bo‘lmasa Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bunchalik aniq ilmiy haqiqatlarni kim o‘rgatgan? Agar Qur’onda kelgan birorta ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lib chiqqanida bu din butunlay nohaq ekanligi ayon bo‘lardi. Qur’oni karimdagi ana shunday mo‘jizalar uning Allohning kalomi ekanligidan darak beradi.

Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Maqolalar