Sershovqin shaharning kichik yo'lkasi bo'ylab bir mo'ysafid ketib borardi. Yuzlari ajinga to'la, qoshlari o'siq bu odam ko'zlarini erga tikkancha ohista qadam tashlardi.
Shoshilib, tez-tez ketib borayotgan yo'lovchilar, o'rindiqlarda gap sotib o'tirgan bekorchilar, shunchaki sayr qilib yurgan o'tkinchilar – hech kim unga e'tibor bermasdi. Qariya yura-yura telefon ustaxonasi oldida to'xtadi.
– Bolam, shuni bir ko'rib bersang. Ishlamay qopti, shekilli.
Usta eski rusumdagi abgor telefonga ajabsinib qaradi. “Yoshini yashab, oshini oshagan” bu matoh tuzatishga arzirmikan? Telefonning u yoq-bu yog'ini ko'zdan kechirgan bo'ldi, quvvat olishini tekshirdi, qo'ng'iroq qilib ham ko'rdi. Hammasi joyida.
– Otaxon, telefoningiz buzuq emas. Ishlayapti. Mabodo sindirib qo'ymasangiz, sizga umrbod xizmat qiladi bu! Eski telefonlarning joni qattiq bo'ladi, – dedi usta.
– Ishlayapti, degin... – Cholning ko'zlari birdan yoshlandi. – Unda nega bolalarim menga qo'ng'iroq qilishmayapti?
Mo'ysafidning ko'zlaridagi mung va iztirobga bardosh berolmagan usta nigohini boshqa tomonga olib qochdi.
Orif TOLIB