Yomonlikdan qaytarish
Umr – insonning eng bebaho boyligi. Uning qiymati ham, o'lchovi ham yo'q. Qadrli vaqtimizning isrof bo'lishi esa eng alamli holat.
Hayot taqozosi bilan turli idoralarga yoki ayrim insonlarga ishimiz tushib, ularni soatlab kutishga to'g'ri keladi.
Yaqinda poytaxtdan vodiyga borish uchun bir kirakashga qo'ng'iroq qilib, tong-saharda jo'nashim zarurligini aytdim. U: “Tonggi beshda etib boraman”, dedi. Biroq ertalab soat oltidan o'tsa-da, undan darak bo'lmadi. Qo'ng'iroq qilsam u: “Yo'ldaman, odam olyapman”, dedi. Shundan so'ng ham u salkam bir soatda keldi. Mashinada biror yo'lovchi yo'q. “Odamlaringiz qani?” desam: “Hali tayyor emas ekan. Yo'l-yo'lakay olib ketamiz”, dedi. Hullas, mashina poytaxtdan chiqishda soat 10 dan o'tgandi. Yo'l-yo'lakay gaz quyish shaxobchalariga kirish, tushlik bilan kech kirganda uyga etdik. Bir kunlik umrim yo'lga ketdi.
Bunday holatga ko'plab yurtdoshlarimiz duch kelgani tayin. Huddi shunday biror mansabdor yoki xizmat ko'rsatish idoralariga ishingiz tushsa, “kutib turing”, deya soatlab vaqtingizni olishi odatiy hol. Bundan ham yomoni, biror kishi qarz berib un ololmay sarson bo'lishda. Unga vaqting ham, asabing ham ketadi. Shu boisdan bo'lsa kerak, keyingi paytda odamlar orasida qarz oldi-berdisi kamayib boryapti.
Afsuski, kundalik hayotimizda yolg'on so'zlash yoki va'dani bajarmaslik oddiy holga aylangan. Dinimiz esa lafzsizlik, yolg'on gapirish va shu orqali pul topishdan qaytaradi. Bu yo'l bilan topilgan mol harom hisoblanadi. Shunday bo'lsa-da, yolg'on gapirayotgan ko'plab insonlarni uchratamiz.
– Ko'pincha aytgan so'zidan chiqadigan, bir tiyinga xiyonat qilmaydigan insonni ko'rsak: “Nemischa hisob-kitob qilar ekan”, deb qo'yamiz. Aslida va'daga vafo, aytgan so'zidan chiqish, birovning haqqidan qo'rqish musulmonning ishi emasmi? – deydi Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari. – Arab o'lkalaridan birida uzoq yillar muftiy bo'lgan bir ulamo og'ir betobligi tufayli G'arb mamlakatlarida davolanibdi. U sog'ayib yurtiga qaytgach, shogirdlari u kishidan: “Ustoz, G'arb davlatlarida nima ko'rdingiz?” desa, ustoz: “U erda Islomni ko'rdim. Ammo musulmonni ko'rmadim. Afsuski, bizda musulmon ko'p, ammo chin Islom axloqi yo'q”, deb yig'lagan ekan. Alhamdulillah, aholimizning aksariyati Islom diniga e'tiqod qiladi. Ammo ular orasida yolg'onchi, o'zgalar haqini eydigan, omonatga xiyonat qilayotganlari ham bor.
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Va'da qarzdir”, dedilar va uning mas'uliyati yuksak ekanini ta'kidlab: “Va'da qilib, keyin unga xilof qilgan kishining holiga voy bo'lsin!” deya uch bora takrorladilar».
– Afsuski, keyingi paytlarda va'dabozlik, so'zida turmaslik va subutsizlik tobora kuchayib bormoqda, – deydi O'MI Fatvo markazi mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov. – “Falon joyda, falon soatda uchrashamiz”, deb shartlashib, unga amal qilmaydiganar, “Ishingni falon kuni bitkazib beraman, xavotir olma” deya, o'sha zahoti unutadiganlar yoki farzandiga: “Bu ishni qilsang, buni olib beraman”, deya va'da beradi-yu, vafo qilmaydiganlar qancha. Turli bahonalar bilan qarz olib, pul berganni sarson va pushaymon qilayotganlarni aytmasa ham bo'ladi. Vaholanki, va'daga vafo qilmaslik – katta va og'ir gunoh. Bunday kimsalar haqida Qur'oni karimda: “Ularning ichida Siz bilan ahdlashgandan so'ng, taqvosizlik qilib, har gal ahdlarini buzaveradiganlari bordir”(Anfol surasi 56-oyat), deya marhamat qilinadi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam esa: “Omonatdor bo'lmagan kishida (komil) iymon yo'q. Va'dasiga vafo qilmaydigan kishida (komil) din yo'q”, dedilar (Imom Ahmad rivoyat). Demak, mo'minlik sifatini o'zimizda mujassam qilishimiz uchun omonatni ado qilishimiz va bergan va'dalarimizni ustidan chiqishimiz lozim. Aks holda munofiqlardan bo'lib qolishimiz mumkin. Alloh asrasin!
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Munofiqning uchta alomati bor. So'zlasa, yolg'on gapiradi, va'da bersa, xilof qiladi va omonat qo'yilsa, xiyonat qiladi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, munofiqlikning belgilaridan biri va'da bersa, bajarmaslikdir.
Sahobalar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan so'rashdi: “Ey Allohning Rasuli, mo'min odam baxil bo'lishi mumkinmi?” Payg'ambarimiz: “Ha bo'lishi mumkin”, dedilar. Yana ular: “Ey Allohning Rasuli, musulmon odam qo'rqoq bo'lishi mumkinmi?” Payg'ambarimiz: "Ha qo'rqoq ham bo'ladi", dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, musulmon odam yolg'onchi bo'ladimi?” Payg'ambar alayhissalom: “Yo'q”, deb javob berdilar.
Yolg'onchilik katta gunohlardan biri bo'lgani uchun ham Qur'oni karimning bir yuz oltmish ettita oyatida bu illat haqida keltirilgan. Shulardan birida: “Albatta, Alloh haddan oshuvchi va yolg'onchi kimsalarni hidoyatga yo'llamas”, deb bayon qilingan (G'ofir surasi, 28-oyat).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Doimo rost gapiring. Zero, rostgo'ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga etaklaydi. Kishi rost gapirishda bardavom bo'laversa, Allohning huzurida u “siddiq” (faqat rost so'zlovchi) deb yoziladi. Yolg'onchilikdan saqlaning. Chunki yolg'on buzuqlikka etaklaydi. Buzuqlik do'zaxga olib boradi. Kishi davomli yolg'on gapiraversa, Allohning huzurida u “kazzob” (yolg'onchi) deb yozib qo'yiladi”, dedilar».
Barchamizga rostgo'ylar qatorida bo'lish nasib etsin.
Bobur MUHAMMAD
Ba’zan birgina noto‘g‘ri qadam insonning butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Afsuski, shunday xatolar borki, ularning og‘ir oqibatlari nafaqat insonning o‘ziga, balki uning oilasi, farzandlari va yaqinlariga ham ta’sir qiladi. Giyohvandlik ana shunday illatlardan biri bo‘lib, u insonni jismonan va ma’nan yemirib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soladi.
Bugun dunyo miqyosida giyohvandlikka qarshi kurash dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki bu illat sabab minglab insonlar o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda, yoshlarning orzu va maqsadlari barbod bo‘lmoqda. Bir qarashda shaxsiy muammodek ko‘ringan giyohvandlik aslida butun jamiyatning dardi hisoblanadi.
Dinimiz Islom inson hayoti, sog‘lig‘i va aqlini muhofaza qilishga alohida ahamiyat qaratadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni halokatga olib boruvchi ishlardan qaytargan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa har qanday mast qiluvchi narsa man etilganini ta’kidlaganlar. Zero, aql insonga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri bo‘lib, uni zaiflashtiruvchi yoki yo‘q qiluvchi har qanday vosita insonning o‘ziga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi.
Giyohvandlikning eng og‘ir zarbasi inson salomatligiga tushadi. Bu illat asab tizimini izdan chiqaradi, ichki a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ruhiy muammolarni keltirib chiqaradi. Vaqt o‘tishi bilan inson mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotadi, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi, o‘zining oilaviy va ijtimoiy mas’uliyatini anglashdan uzoqlasha boshlaydi.
Biroq masalaning yanada xavotirli tomoni shundaki, giyohvandlik faqat bir insonning emas, butun oilaning fojiasiga aylanadi. Ota-onalar farzand dog‘ida qolishi, turmush o‘rtoqlari orasida mehr-oqibat so‘nishi, farzandlar e’tibor va tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. Bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagi ham xavf ostida qoladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalar inson nasli va sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa kelajak avlodning jismoniy va ruhiy kamolotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda giyohvandlik nafaqat inson hayotini, balki millat kelajagini ham tahdid ostiga qo‘yadi. Zero, sog‘lom avlod har qanday mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi.
Bugungi kunda yoshlarni bu illatdan asrash har birimizning burchimizdir. Avvalo, oilada farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Ota-ona farzandining do‘stlari, qiziqishlari va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganidan doimo xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilik ham yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.
Yoshlar qalbida ezgulik, Vatanga muhabbat, halol mehnatga hurmat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish giyohvandlikka qarshi eng samarali choralardan biridir. Chunki ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lgan joyda turli yot g‘oyalar va zararli odatlar ildiz otishi oson kechadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, giyohvandlik inson hayoti, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir ijtimoiy illatdir. Uning oqibatlari bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydi, balki butun millat kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har birimiz bu baloga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, farzandlarimizni ogohlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashimiz zarur. Zero, sog‘lom avlod yurtning tayanchi, millatning kelajagi va Vatan taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Nurulloh MAHKAMOV,
Chust tumani bosh imom-xatibi.