Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyul, 2026   |   4 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:57
Xufton
21:29
Bismillah
18 Iyul, 2026, 4 Safar, 1448

Va'da – qarz

08.01.2024   1434   7 min.
Va'da – qarz

Yomonlikdan qaytarish

Umr – insonning eng bebaho boyligi. Uning qiymati ham, o'lchovi ham yo'q. Qadrli vaqtimizning isrof bo'lishi esa eng alamli holat.

 Hayot taqozosi bilan turli idoralarga yoki ayrim insonlarga ishimiz tushib, ularni soatlab kutishga to'g'ri keladi.

Yaqinda poytaxtdan vodiyga borish uchun bir kirakashga qo'ng'iroq qilib, tong-saharda jo'nashim zarurligini aytdim. U: “Tonggi beshda etib boraman”, dedi. Biroq ertalab soat oltidan o'tsa-da, undan darak bo'lmadi. Qo'ng'iroq qilsam u: “Yo'ldaman, odam olyapman”, dedi. Shundan so'ng ham u salkam bir soatda keldi. Mashinada biror yo'lovchi yo'q. “Odamlaringiz qani?”  desam: “Hali tayyor emas ekan. Yo'l-yo'lakay olib ketamiz”, dedi. Hullas, mashina poytaxtdan chiqishda soat 10 dan o'tgandi. Yo'l-yo'lakay gaz quyish shaxobchalariga kirish, tushlik bilan kech kirganda uyga etdik. Bir kunlik umrim yo'lga ketdi.

Bunday holatga ko'plab yurtdoshlarimiz duch kelgani tayin. Huddi shunday biror mansabdor yoki xizmat ko'rsatish idoralariga ishingiz tushsa, “kutib turing”, deya soatlab vaqtingizni olishi odatiy hol. Bundan ham yomoni, biror kishi qarz berib un ololmay sarson bo'lishda. Unga vaqting ham, asabing ham ketadi. Shu boisdan bo'lsa kerak, keyingi paytda odamlar orasida qarz oldi-berdisi kamayib boryapti.

Afsuski, kundalik hayotimizda yolg'on so'zlash yoki va'dani bajarmaslik oddiy holga aylangan. Dinimiz esa lafzsizlik, yolg'on gapirish va shu orqali pul topishdan qaytaradi. Bu yo'l bilan topilgan mol harom hisoblanadi. Shunday bo'lsa-da, yolg'on gapirayotgan ko'plab insonlarni uchratamiz.

– Ko'pincha aytgan so'zidan chiqadigan, bir tiyinga xiyonat qilmaydigan insonni ko'rsak: “Nemischa hisob-kitob qilar ekan”, deb qo'yamiz. Aslida va'daga vafo, aytgan so'zidan chiqish, birovning haqqidan qo'rqish musulmonning ishi emasmi? – deydi Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari. – Arab o'lkalaridan birida uzoq yillar muftiy bo'lgan bir ulamo og'ir betobligi tufayli G'arb mamlakatlarida davolanibdi. U sog'ayib yurtiga qaytgach, shogirdlari u kishidan: “Ustoz, G'arb davlatlarida nima ko'rdingiz?” desa, ustoz: “U erda Islomni ko'rdim. Ammo musulmonni ko'rmadim. Afsuski, bizda musulmon ko'p, ammo chin Islom axloqi yo'q”, deb yig'lagan ekan. Alhamdulillah, aholimizning aksariyati Islom diniga e'tiqod qiladi. Ammo ular orasida yolg'onchi, o'zgalar haqini eydigan, omonatga xiyonat qilayotganlari ham bor.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Va'da qarzdir”, dedilar va uning mas'uliyati yuksak ekanini ta'kidlab: “Va'da qilib, keyin unga xilof qilgan kishining holiga voy bo'lsin!” deya uch bora takrorladilar».

– Afsuski, keyingi paytlarda va'dabozlik, so'zida turmaslik va subutsizlik tobora kuchayib bormoqda,  – deydi O'MI Fatvo markazi mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov. – “Falon joyda, falon soatda uchrashamiz”, deb shartlashib, unga amal qilmaydiganar, “Ishingni falon kuni bitkazib beraman, xavotir olma” deya, o'sha zahoti unutadiganlar yoki farzandiga: “Bu ishni qilsang, buni olib beraman”, deya va'da beradi-yu, vafo qilmaydiganlar qancha. Turli bahonalar bilan qarz olib, pul berganni sarson va pushaymon qilayotganlarni aytmasa ham bo'ladi. Vaholanki, va'daga vafo qilmaslik – katta va og'ir gunoh. Bunday kimsalar haqida Qur'oni karimda: “Ularning ichida Siz bilan ahdlashgandan so'ng, taqvosizlik qilib, har gal ahdlarini buzaveradiganlari bordir”(Anfol surasi 56-oyat), deya marhamat qilinadi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va  sallam esa: “Omonatdor bo'lmagan kishida (komil) iymon yo'q. Va'dasiga vafo qilmaydigan kishida (komil) din yo'q”, dedilar (Imom Ahmad rivoyat). Demak, mo'minlik sifatini o'zimizda mujassam qilishimiz uchun omonatni ado qilishimiz va bergan va'dalarimizni ustidan chiqishimiz lozim. Aks holda munofiqlardan bo'lib qolishimiz mumkin. Alloh asrasin!

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Munofiqning uchta alomati bor. So'zlasa, yolg'on gapiradi, va'da bersa, xilof qiladi va omonat qo'yilsa, xiyonat qiladi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, munofiqlikning belgilaridan biri va'da bersa, bajarmaslikdir.

Sahobalar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan so'rashdi: “Ey Allohning Rasuli, mo'min odam baxil bo'lishi mumkinmi?” Payg'ambarimiz: “Ha bo'lishi mumkin”, dedilar. Yana ular: “Ey Allohning Rasuli, musulmon odam qo'rqoq bo'lishi mumkinmi?” Payg'ambarimiz: "Ha qo'rqoq ham bo'ladi", dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, musulmon odam yolg'onchi bo'ladimi?” Payg'ambar alayhissalom: “Yo'q”, deb javob berdilar.

Yolg'onchilik katta gunohlardan biri bo'lgani uchun ham Qur'oni karimning  bir yuz oltmish ettita oyatida bu illat haqida keltirilgan. Shulardan birida: “Albatta, Alloh haddan oshuvchi va yolg'onchi kimsalarni hidoyatga yo'llamas”, deb bayon qilingan (G'ofir surasi, 28-oyat).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Doimo rost gapiring. Zero, rostgo'ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga etaklaydi. Kishi rost gapirishda bardavom bo'laversa, Allohning huzurida u “siddiq” (faqat rost so'zlovchi) deb yoziladi. Yolg'onchilikdan saqlaning. Chunki yolg'on buzuqlikka etaklaydi. Buzuqlik do'zaxga olib boradi. Kishi davomli yolg'on gapiraversa, Allohning huzurida u “kazzob” (yolg'onchi) deb yozib qo'yiladi”, dedilar».

Barchamizga rostgo'ylar qatorida bo'lish nasib etsin.

Bobur MUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sheyda Sag‘lam: O‘zbekistondagi qadamjolar asrlar silsilasidagi ma’naviy xazina

17.07.2026   7507   1 min.
Sheyda Sag‘lam: O‘zbekistondagi qadamjolar asrlar silsilasidagi ma’naviy xazina

Turkiyaning ommabop “61 Saat” yangiliklar portalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari va milliy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqola muallifi, turkiyalik san’atshunos olima Sheyda Sag‘lam Toshkent, Samarqand va Buxoroga qilgan sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U O‘zbekistondagi qadamjolar har qanday sayyohni uzoq tarix qa’riga yetaklashini alohida ta’kidlagan.

Xususan, Samarqandning me’moriy ulug‘vorligi, Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va Shohi Zinda majmuasining jozibadorligi turistlarni bir zumga bo‘lsa-da o‘tmish bilan yuzlashishga undaydi. Buyuk olim va astronom Mirzo Ulug‘bek hamda kalom ilmining asoschilaridan biri Imom Moturidiy merosi orqali ushbu zaminda ilm-fan va ma’naviyat asrlar davomida uzviy rivojlanganiga e’tibor qaratilgan.

Nashrda ko‘hna Buxoro shahrining islom olamidagi yuksak mavqei alohida e’tirof etilgan. Kalon minorasi va Ismoil Somoniy maqbarasining me’moriy mukammalligi, Bahouddin Naqshband majmuasidagi ma’naviy muhit sayohatchilarga unutilmas onlarni tuhfa etishi qayd etilgan. Muallif naqshbandiya ta’limotining asosiy g‘oyasi — “Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin” hikmati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini bayon qilgan.

Turkiyaning nufuzli media maydonida e’lon qilingan ushbu maqola ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy-ma’naviy ko‘priklarni yanada mustahkamlashga hamda turkiyalik ziyoratchilarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari