Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlari diniy ta'limni hanafiya ulamolarining ko'zga ko'ringan mashhur namoyandalaridan olganlari va diniy fanlar bo'yicha qanchalik chuqur bilimga ega ekanliklariga yozib qoldirgan asarlari guvohlik beradi.Imom yashagan davrda aqida ulamolari ikki asosiy manbaga suyanganlar. Birinchisi — oyat va hadislar hamda sahoba va tobe'inlarning ijmo va ijtihodlari, ya'ni naqliy dalillar. Ikkinchisi — aqliy dalillar. Imom Abu Mansur Moturudiy esa boshqalarga taqlid qilmadilar, balki naqliy dalillar bilan aqliy dalillarni uyg'unlashtirib, undan so'ng xulosa chiqardilar. Aqliy dalil deganda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar ko'zda tutiladi.Vaholanki, salaf ulamolarining ko'pchiligi bu dalillarni tan olmas edilar, balki naqliy dalillarning o'zi bilan kifoyalanardilar. Shayximiz esa, bu ikkisidan ham munosib ravishda istifoda etib, o'rtahollikni ixtiyor qilgan ekanlar.Darhaqiqat, naqliy dalillarni yaxshi anglash uchun aqliy dalillarni ham puxta bilish shartligini hech kim inkor eta olmaydi. Aql imkoniyatining ham chegarasi borligini e'tiborga olib, Shayx ko'p joylarda inson aqli juda ko'p haqiqatlarni idrok etishga qodir emasligini uqdirib o'tadilar. Shu bilan birga, aqlning Alloh tomonidan ato etilgan eng buyuk mislsiz ne'mat ekani, undan oqilona foydalanish zarurligini ham ta'kidlab o'tadilar.Abu Mansur Moturidiy musulmonlarni tarqoqlikga olib keluvchi aqidaviy oqimlarga qarshi shu muqaddas kurashda birinchilar safida bo'ldilar.Islom tarixidan ma'lumki, 3-4 hijriy asrlardan turli e'tiqodiy toifalar rivojlanib, musulmon ummatini tafriqaga sola boshladi. “Sen kofir”, “sen munofiq” kabi da'volar ko'paygandan ko'paydi. Shu davrda Imom Moturidiy bizning diyorlarda etishib chiqib Ahli sunna val jamoa aqidasini bayon qilib, xalqqa tushuntirdilar, kerakli o'rinlarda raddiyalar berdilar, adashganlarni to'g'ri yo'lga qaytardilar. U zotning islom ummatiga qilgan eng katta xizmati, islom ummatini yana qaytadan jamlash, ahli sunna val jamoa e'tiqodi atrofida birlashtirish bo'ldi.
"Jo'ybori Kalon" ta'lim muassasasi o'qituvchisi: A.Jamilova
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati