Soxta salafiylarning ko'plab botil da'volari bo'lib, ulardan ayrimlarini keltirib o'tamiz.
Ular: – Qur'on va sunnat matnlarining zohiri bilan cheklanib, yuzaki hukm chiqaradilar; – “takfir” (o'zgani kufrda ayblash) va “hijrat” (vatanni tark etish) kabi diniy atamalardan foydalanish orqali musulmonlarni vatangado qiladilar;
– fiqhiy mazhablarni bid'at deb bemazhablikni targ'ib qiladilar;
– tasavvuf va urfni shariatga xilof deb hisoblaydilar;
– g'ayridinlarga o'ta murosasiz munosabatda bo'lib, diniy bag'rikenglikni yoqlamaydilar. .
Soxta salafiylarning hanafiy mazhabiga zid asosiy da'volari quyidagi g'oyalarda o'z aksini topadi:
– “Isolus-savobga” (إِيصَالُ الثَّوَابِ), ya'ni birovlarga atab qilingan savoblarning ularga etib borishiga murosasiz munosabatda bo'ladilar. Masalan, mayyitga Qur'on tilovatidan hosil bo'lgan savobning etib borishini inkor etadilar;
– “Vasiyla” (الْوَسِيلَةُ), ya'ni duo jarayonida Payg'ambar alayhissalomning nomlarini tilga olishni yoxud duo qabul bo'lishi uchun u kishini vositachi qilishni shirk deb biladilar;
– qabrlarni ziyorat qilish va marhum kishilarga Qur'on tilovat qilishni bid'at deb hisoblaydilar. Maqbara va mozorlarni ziyorat qiluvchilarni “quburiy” (ya'ni qabrlarga sig'inuvchi)lar deb atashdek jirkanch ish qiladilar;
– har qanday yangilikni “bid'at” deb, uni rad etadilar;
– o'zlarini “yuqori tabaqa musulmonlari” deb hisoblab, mazhablarga mansub musulmonlarni past tabaqa, zaif va noqis musulmonlar deb biladilar. Ular o'zlarini salaflarga ergashuvchilar deb hisoblab, mazhabdagi musulmonlarni esa ayrim olimlargagina ergashadilar deb da'vo qiladilar.
Hozirgi kunda zamonaviy salafiylar bir necha guruhlarga bo'linib ketgan. Ularni umumlashtirib, ikki guruhga ajratish mumkin:
Birinchisi, davlat boshqaruvida shariatning ustuvorligiga erishish uchun jangu jadallar bilan harakat qiladigan keskin fikrdagi salafiylar.
Ikkinchisi, o'zlarini go'yoki davlatdagi mavjud qonun-qoidalarga itoat etadigan va qarshi chiqmaydigan qilib ko'rsatadigan, jangarilik faoliyati bilan shug'ullanmaydigan “mo''tadil” salafiylar deb hisoblaydiganlar. Ular o'zlarini diniy mutaassibona qarashlaridan qaytmagan holda, boshqa qarashlarga nisbatan hurmat bilan qaraydiganlar guruhiga mansub bo'lib, muayyan mazhabga mansub bo'lishni yoqlamaydilar.
Hozirda soxta salafiylik g'oyalari ostida, asosan, Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida faoliyat olib boradigan harakatlar jamiyatdagi e'tiqodiy birlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun real tahdidga aylanganini alohida ta'kidlash zarur.
«Soxta salafiylarning sayoz sabog'i»
kitobidan
"Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi bayramona ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqtov, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yurtimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va xayr-saxovat qadriyatlarini mustahkamlash, ayniqsa, yetim va ehtiyojmand bolalarga quvonch ulashish eng ulug‘ va savobli amallardan biri ekanini ta’kidladi.
Bayram dasturi bolalar uchun tayyorlangan maxsus shoudasturlar va qiziqarli o‘yinlar bilan boyitildi. Tadbir yakunida barcha bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona xizmatlari uchun "Vaqf" fondi Xorazm viloyati filiali rahbari Alijon domla Matyaqubovga tashakkurnoma topshirildi.
Fayzli o‘tgan tadbir yakunida ushbu saxovat tadbiriga hissa qo‘shgan barcha homiylar va saxovatpesha insonlar haqqiga duoi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati